Gellar
Gellar (lot. gelo — qotyapman) — qattiq moddalarning baʼzi xossalarini namoyon qiluvchi dispers sistemalar bilan suyuq yoki gazsimon muhit. Kolloid zarrachalar yoki polimerlarning makromolekulalari orasida molekulalararo kuchlar taʼsiri tufayli ichki strukturalar hosil qilish natijasida oquvchanlik xossasini batamom yoʻqotgan sistema iviq yoki, boshqacha aytganda. gel deb ataladi. G. shakl saqlash, mustahkamlik, plastiklik va b. xossalarga ega. Ulardagi bu xossalar turli tabiatli, molekulyararo kuchlar orqali oʻzaro bogʻlangan, dispers faza zarrachalaridan tashkil topgan struktura hosil qiluvchi turlarning mavjudligi sababli vujudga keladi. Gel hosil boʻlganida sistemadagi dispers faza va dispersnoy muhit miqdorlari orasidagi nisbat oʻzgarmay qoladi. Baʼzi gellarning tarkibida dispers faza juda oz miqdorda (1—2% gacha) boʻladi. Tarkibida suyuklik koʻp boʻlgan ana shunday gellar liogellar deb ataladi. Ular yuqori molekulyar modda eritmalarining ivishidan hosil boʻladi. Bular katoriga kisel, qatiq va b. kiradi. Quruq holatda olingan, tarkibida suyuqlik oz boʻlgan yuqori polimer moddalar ham gellardir. Ular qatoriga duradgorlik yelimi, kraxmal, kauchuk va b. kiradi. Tarkibida suyuqlik oz boʻlgan ana shunday quruq gellar kserogellar deb ataladi. Koʻpincha, koagulyatsiya yoki "tuzlanish" hodisalari natijasida ham gellar hosil boʻladi. Ular koagellar deyiladi. Suyuqlikka solinganda boʻkib oʻz hajmini oshiradigan kserogellar elastik gellar, bu-kilmaydiganlari esa moʻrt gellar deb ataladi. Jelatin, kauchuk elastik gellar, silikat kislota, temir (III)-gidroksid, ammoniy gidroksid gellar moʻrt gellardir. Struktura hosil qilgan sistema (gel)ning struktura hosil qilmagan sistema (zol)ga izotermik aylanishi tiksotropiya deb ataladi. Tiksotropiya hodisasi katta amaliy ahamiyatga ega. Mas, yerni burgʻilashda burgʻi loy, kvars va b. tog jinslari qavatidan oʻtadi. Suv quyib parmalansa, togʻ jinslari quyuq massaga aylanib burgʻilashni qiyinlashtiradi. Agar suv oʻrniga tiksotrop loy eritmasi (mas, bentonit suspenziyasi) ishla-tilsa, u tog jinsi bilan aralashib, tiksotrop sistema hosil qiladi va burgʻilash osonlashadi. Tiksotrop gellar vaqt oʻtishi bilan hajmini kuchaytirib, dispersion muhitni siqib chiqara boshlaydi. Gelning oʻz-oʻzicha ikki qavatga (suyuq eritma va zich gelga) ajralish jarayoni — sinerezis sanoat mollari va oziq-ovqat i. ch. texnologiyasida koʻp uchraydi. G. hosil boʻlishi togʻ-kon ishida, polimer materiallar, katalizatorlar va sorbentlar i. ch.da, farmatsevtika, atir-upa va oziqovqat sanoatida muhim ahamiyatga ega.
Adabiyotlar
tahrir- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |