Gematologiya va qon quyish instituti
Gematologiya va qon quyish instituti, Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi Gematologiya va qon quyish ilmiy tadqiqot instituti —ilmiy tadqiqotlar muassasasi. Oʻrta Osiyo davlat universiteti tibbiyot fakulteti jarrohlik klinikasidagi Qon quyish xonasi (1930) 1934 yilda Markaziy qon quyish stansiyasiga aylantirildi. 1940 yil shu stansiya asosida Qon quyish instituti tashkil etildi. 1959 yildan hozirgi nom bilan ataladi. Institutda kamqonliklar, leykozlar, gemoblastozlar, gemorragik diatezlar (gemofiliya, trombotsitopeniya)ning oldini olish va davolash, qon quyilgandan keyingi gepatit va shok holatlarini oʻrganish; ayollar va bolalar kamqonligini gemoglobinli tahlillash, koʻmik, qon va uning komponentlarini konservalash hamda transplantatsiya qilish, shuningdek donorlikning ayrim masalalari va hokazoga oid tadqiqotlar olib boriladi. Institutda 295 oʻrinli 8 klinik boʻlim (kattalar va bolalar gematologiyasi, jarrohlik, kunduzgi boʻlim va b.), konsultativ poliklinika, 25 davolashdiagnostika laboratoriya. va boʻlimlar, qon quyish stansiyasi, vivariy, kutubxona bor. Institut laboratoriya.da bir necha turdagi qon komponentlari va preparatlari tayyorlanadi. Institutda 5 fan doktori va 15 dan ziyod fan nomzodlari, 30 ga yaqin malakali gematolog va transfuziologlar xizmat qiladi (2001). Institut Oʻzbekiston Respublikasida gematologiya va qrn quyish muammolari boʻyicha ilmiy va uslubiy markaz hisoblanadi. Institut viloyat, shahar, tuman qon quyish stansiyalari va Qizil Yarim Oy jamiyati bilan birga donorlikni rivojlantirish masalalari bilan shugʻullanadi. Ilmiy ishlar nashr etadi.[1]