Gemofiliya (qadimgi yunoncha: αἷμα [gemo] — qon va qadimgi yunoncha: φιλία [philia] — moyillik), toʻxtamasdan qon oqishi — qon oqishiga moyillik bilan ifodalanadigan irsiy kasallik. Qon plazmasida qonning ivishi uchun zarur boʻlgan omillar yetishmasligi sabab boʻladi. Gemofiliya asosan erkaklarda uchrasa ham onadan oʻtadi, yaʼni buvadan nabiraga sogʻlom qizi orqali oʻtadi. Gemofiliya belgilari yoshlikdanoq paydo boʻlib, bola ulgʻaygan sari kamayib boradi. Bemor lat yeganida terisi ostiga, muskuli orasiga va boʻgʻimiga koʻp qon quyiladi; tilini tishlab olganida, tishini oldirganida va b. hollarda ham juda koʻp qon oqib, hayoti xavf ostida qoladi. Yirik boʻgʻimlar (tizza, boldirpanja boʻgʻimi)ga qon quyilib, ularda kuchli oʻzgarishlar sodir boʻladi. Qon ivishining buzilishi Gemofiliyani boshqa xil qon oqishlardan ajratib turadigan asosiy belgidir: bemorning venasidan qon olib probirkaga solib qoʻyilsa, soatlab ivimaydi. Bunga bemor qonida oqsil modda, yaʼni antigemofil globulin yetishmasligi sabab boʻladi. Gemofiliyaning A, V yoki Kristmas kasalligi va S (haqiqiy Gemofiliya deb hisoblanmaydi) xillari bor. Bemor oʻzini har xil shikastlardan ehtiyot qilishi kerak. Davosi: yangi olingan qon yoki plazma quyiladi; bemorga toʻgʻridantoʻgʻri donordan qon quyish, sogʻlom odam plazmasidan tayyorlangan konsentratlarni qoʻllash yaxshi naf beradi. Zarur hollarda jarrohlik usuli qoʻllanadi.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil