Gemonxoz
Gemonxoz — qoʻy, echki, qoramol, tuya va b. kavsh qaytaruvchi hayvonlar shirdonida Haemonchus turkumiga mansub nematodalar qoʻzgʻatadigan gelmintoz kasallik. 6 oylik qoʻzilarda bahor va yoz fasllarida, bir yoshli qoʻylarda esa qish oxiri va erta bahorda uchraydi. Kasallik qoʻzgʻatuvchi nematoda (gemonxus) shirdonda, ingichka ichaklarda parazitlik qilib, tuxum qoʻyadi. Tezak aralash tashqariga tushgan tuxumlardan bir sutkada lichinkalar chiqadi, 4—5 sutkada invazion (yuqadigan) holatga keladi. Hayvonlar suv yoki oʻt bilan lichinkalarni yutib, G. bilan kasallanadi. Kasallangan hayvonning ishtahasi yoʻqoladi, ichi ketadi, oriqlaydi. Lichinkalar shirdonga tushib, poʻst tashlaydi, shilliq pardaga yopishib rivojlanadi, yetuk erkak va urgʻochi gemonxuslarga aylanadi. Gemonxuslar hayvon organizmida bir yilcha yashab, soʻngra parazitlik qobiliyatini yoʻqotadi, tezak bilan tashqariga chiqarib tashlanadi. Davosi: G. bilan kasallangan hayvonlar fenotiazin, fen-bendazol, nilverm, naftamon, morantel-tartrat bilan davolanadi. Oldini olish: katta yoshdagi qoʻy va echkilar bahorda va yoz oxirida degelmintizatsiyalanadi, fenotiazintuz aralashmasi ichiriladi; yaylovlar oʻzgartiriladi.
Adabiyotlar
tahrir- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |