Geoantiklinal (geo..., anti... va antiklinal) — Yer poʻstining geosinklinal sistemasi doirasidagi alohida koʻtarilgan qismi. Uzunligi bir necha yuz km ga, kengligi oʻnlarcha km ga yetadi. G. koʻpincha bir qancha geologik davrlar davomida mavjud boʻlgan. Geosinklinalning rivojlanish davri oxirgi bosqichida burmalangan togʻliklarning yadrosiga aylanadi. G.ga Kuril orollari yoyi, Markaziy Qozogʻiston, Ural va b. misol boʻladi. G. geosinklinallardan uni tashkil etgan jinslar qalinligining kamligi va baʼzi bir choʻkindi jins gorizontlarining yoʻqligi bilan farqlanadi. G.da intensiv burmalanishlar sodir boʻladi. G.dagi togʻ jinslari kam oʻzgaradi. Ayrim rayonning tektonik tuzilishi va Yerning geologik rivojlanishi tarixini oʻrganishda G.ning ahamiyati katta.

Adabiyotlar tahrir

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil