Geodezik yoʻldoshlar
Geodezik yoʻldoshlar - Yerning maxsus sunʼiy yoʻldoshlari. Yer sirtidagi bir-biridan uzoq (bir necha ming km) nuqtalarning aniq geografik koordinatalarini topish maqsadida optika yoki radiotexnika usullari bilan kuzatish uchun uchiriladi. Kuzatish olib borayotgan punktlarning, mas, 2 ta punktning geografik koordinatalari aniq boʻlsa, G. y.ni shu punktlar bilan bir vaqtda kuzatgan va geografik koordinatalari nomaʼlum boʻlgan ixtiyoriy punktning vaziyati kosmik triangulyatsiya yordamida topiladi. Kuzatish barcha punktlarda bir vaqtda olib borilgani sababli, u sinxron kuzatish deb ataladi. Bu kosmik usul yer sirtidagi bir-biridan olis qitalar, orollar va oddiy geodezik oʻlchashlar uchun noqulay boʻlgan boshqa punktlarning koordinatalarini aniqlashda juda qoʻl keladi. Bundan tashqari Yer shaklini va gravitatsiya maydonini ham shunday kuzatishlar yordamida aniqlasa boʻladi. G. y. passiv yoki aktiv boʻlishi mumkin. Passiv G. y. hech qanday signal yubormaydi, yerdagi kuzatuvchi apparat ularni Quyosh nuri yoritganda fotosuratini oladi. Aktiv G. y. esa radiosignal yuboradi yoki maʼlum aniq vaqtda yonib-oʻchib turadigan signal lampalari bilan taʼminlangan boʻladi. G. y. 4—6 ming km balandlikda harakatlanadi. "Anna", "Sekor", "Geos" va "Pageos" yoʻldoshlari AQShda chiqarilgan G. y.lardir. Impuls lampalar bilan taʼminlangan birinchi amerika yoʻldoshi "Anna-IB" 1962 yilda uchirilgan.
Adabiyotlar
tahrir- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |