Geofon (geo... va ...fon) — Yer qobigʻining yuqori qatlamlarida tarqaladigan tovush toʻlqinlarini qabul qiluvchi apparat. Ichiga ikkita egiluvchan yupqa metall plastinka orasiga mahkamlangan zalvar massa joylashtirilgan qutidan iborat. Yer qatlamida tarqalayotgan tovush tebranishlari yerga tegib turgan quti korpusini tebrantiradi, quti ichidagi zalvar massa esa inersiya hodisasi tufayli qimirlamay turadi. G. koʻpincha vibrograf kabi ishlaydi. Maʼlum uzunlikdagi tovush toʻlqinlarini tutib oladigan asosiy elementa pyezokvars kristalidan iborat G. pyezogeofon deb ataladi. Elektr-mexanik oʻzgartirgichlar, kuchaytirgich va tebranishlarni qayd qiluvchi ossillograf bilan taʼminlangan G. seysmograf deyiladi. G. togʻ jinslarini, dengiz tubini akustik jihatdan tekshirishda, konda qutqaruv ishlarini olib borish va b.da qoʻllanadi. Konlarda eshitish qiyin boʻlgan tovush signallarini tutib qayd qiladigan maxsus magnitofon moslamali G. geomagnitofon deb ataladi. Unda konda avariyaga uchragan konchilar turgan joyni aniqlash uchun avariya yuz bergan joydan kelayotgan signallar magnit lentaga yozib olinadi.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil