Geterozigota (getero... va zigota) — organizmning gomologik xromosomalarida biror gen har xil allellarining mavjudligi. Tajribalarda G. har xil allellar boʻyicha gomozigotalarni chatishtirish orqali olinadi. Duragaylar nasli muayyan gen boʻyicha geterozigotalik boʻlib qoladi. Baʼzi genlar allellari faqat G.li holida mavjud boʻlishi mumkin (resessiv letal mutatsiyalar, dominant mutatsiyalarning ham resessiv letal natijaga olib kelishi). Odamlarda taxminan 20% genlar G. holida boʻladi. Irsiy kasalliklar keltirib chiqaradigan resessiv allellar boʻyicha G.likni (yaʼni mazkur kasallik tashuvchilarni) aniqlash tibbiyot genetikasining asosiy muammosi hisoblanadi. Koʻp allelizmda G. oʻrniga kompound (ing, compound — murakkab) tushunchasi ishlatiladi. G. termini xromosomalar qayta qurilishi uchun ham qoʻllaniladi (mas, inversiya, translokatsiya yoki b. boʻyicha G.).

Adabiyotlar tahrir

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil