Geyzerlar (islandcha geysir — shiddatli oqim) — vaqt-vaqti bilan qaynoq suv va bugʻ favvora boʻlib otiladigan buloqlar. G. asosan, soʻnish arafasidagi yoki yaqinda soʻngan vulkanlar yon atrofida vujudga keladi. Yoriqlardan suv katta bosim va yuqori temperaturada shiddat bilan (qaynoq suv 20–40 m, bugʻ 150 m balandlikkacha) otilib chiqadi. G. suvi nisbatan toza, bir oz minerallashgan (1—2 g/l). Kimyoviy tarkibi xlorid-natriyli yoki xlorid-gidrokarbonat-natriyli. Silikat angidridi (SiO2) koʻp boʻladi. Vulkan kanalining ogʻzida va yon bagʻrida geyzerit hosil boʻladi. G. muntazam va nomuntazam turlarga boʻlinadi. G. ning otilish sikli va alohida bosqichlari muntazam xilida doimiy, nomuntazamida oʻzgaruvchan. G. bosqichlarining harakati bir necha minut yoki undan koʻproq davom etishi mumkin. Tinchigan vakti esa bir necha minutdan bir qancha soat yoki kun boʻladi. Islandiya, Kanada, Yaponiya, Xitoy, AQSH, Yangi Zelandiya va Rossiya (Kamchatka) da G. koʻp. G. dan xonalarni isitishda, energetikada foydalaniladi.

Geyzer hodisasining animatsiyasi
Geyzer hodisasi

Adabiyotlar tahrir

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil