Gidrobiologiya (gidro... va biologiya) — biologiyaning bir boʻlimi, suvda yashaydigan organizmlar va ularning yashash sharoiti bilan oʻzaro munosabatlarini hamda suv qavzalarining biologik mahsuddorligini oʻrganadi. Гидробиология — ekologiya fani. Suv muhitidagi yashash sharoiti suv havzasining fizik-geografik xususiyatlari bilan bogʻliq. Masalan, suvning kimyoviy tarkibi, xususan biogen elementlar va suvda erigan gazlarning tarkibi hamda ularning miqdori, suv tubi yotqiziqlari (choʻkindilari), suvning tiniqligi va boshqa xususiyatlar suvda yashaydigan organizmlar faoliyati bilan bogʻliq. Gidrobiologiya hayot jarayonlarini geografiya fanlari — limnologiya va okeanologiya bilan birga oʻrganadi.

Suv muhitining biologik resurslaridan toʻgʻri foydalanishning ilmiy asoslarini ishlab chiqish Gidrobiologiyada muhim oʻrin tutadi, chunki bu masalalar dengizlarda baliq ovlash, sholipoyalarda baliq yetishtirish, hovuz baliqchiligi, shuningdek suv hayvonlarini koʻpaytirish va ovlash tadbirlari bilan bevosita bogʻliq. Aholini va sanoatni toza suv bilan taʼminlash, tabiiy suvlarni ifloslanishdan saqlash, ifloslangan suvlarning oʻz-oʻzidan tozalanish jarayonlari hamda oqar suvlarni biologik tozalash usullari (sanitariya Gidrobiologiyasi) kabi biologik masalalar ham Gidrobiologiyaning muhim yoʻnalishidir. Suvning ifloslanganlik darajasi gidrobiologiya metodlari bilan aniqlanadi (suv sifatini biologik analiz qilish). Suv bilan taʼminlash va kemalar qatnoviga xalaqit beradigan biologik sabablar (kemalarning korpusi, har xil apparatlari va gidrotexnik qurilmalarida, issiqlik elektrstansiyalarining trubalarida mikro-organizmlarning koʻpayib ketishi, suv havzalarining suv oʻsimliklari bilan ifloslanishi) muammolari texnik gidrobiologiyaga kiradi. Gidroakustikalarga doir maʼlumotlar — tovushning tarqalishi va yutilishida planktonning taʼsirini aniqlash ham gidrobiologiyaning vazifasidir. Flotdan foydalanishga xalaqit beradigan biologik sabablarni, shuningdek biolyuminessensiyani navigatsiya gidrobiologiyasi, sholipoyalar oʻgʻitlanganida shu yerdagi suvlarda sholi yetishtirish bilan bir vaqtda baliq urchitishda gidrobiontlar rolini qishloq xoʻjaligi gidrobiologiyasi oʻrganadi. Tabiiy suvlarni tasnif qilish, ularning biologik mahsuddorligini oʻrganish, suv muhitidagi, moddalarning biologik aylanishi va suvdagi energiya oqimini suv havzalarida kechadigan biologik jarayonlarni tadqiq qilish ham gidrobiologiyaning vazifasiga kiradi. Gidrobiologik bilimlar va metodlardan suv havzalari oziq bazasini baholashda, baliqchilikda keng foydalaniladi.

Oʻzbekiston suv havzalarini oʻrganishni 19-asr oʻrtalarida rus tadqiqotchilari A. Lemon (1814—42), F. Baziner (1842), A. I. Butakov (1848-49) boshlab bergan. Dastlab tadqiqotlar Orol dengizida baliq ovlash bilan bogʻliq boʻlgan edi. 1920-yil boshlarida Orol dengizi faunasini oʻrganishda S. A. Zernov, L. S. Berglarning ixtiologiya va gidrobiologiya sohasida olib borgan tadqiqotlari alohida ahamiyatga ega. 1920-yilga kelib Oʻrta Osiyo davlat universiteti va Orol baliqchilik st-yasining tashkil etilishi ixtiologik va gidrobiologik tadqiqotlarning ancha rivojlanishiga sabab boʻldi. Bu davrda oʻtkazilgan gidrobiologik tadqiqotlarda ichki suv havzalaridan ovlanadigan baliqlar va shu suv havzalarining gidrobiologik rejimi oʻrganiddi. Suv havzalari va sholipoyalarni gidrobiologik tadqiq qilish va ularda baliq oʻstirish yuzasidan ilmiy tadqiqot ishlari boshlab yuborildi (A. M. Muhammadiyev). Gidrobiologik tadqiqotlar ayniqsa 20-asr oʻrtalarida Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti va gidrobiologiya lab. tashkil etilishi bilan avj olib ketdi. Aynan shu davrda Kattaqoʻrgʻon, Qoʻyimozor, Toʻdakoʻl suv omborlarida baliqchilikni rivojlantirish borasida bir qator tadqiqotlar oʻtkazildi (M. O. Abdullayev, Gʻ. K. Komilov, L. K. Sibirseva). 1967—1979-yillarda suv omborlarining gidrobiologik rejimi, ularning oziq bazasini aniqlash, shuningdek sunʼiy hovuzlarda oʻstirilayotgan baliqlarning mahsuldorligini oshirish ustida ilmiy izlanishlar olib borildi (A. Omonov, M. O. Abdullayev va boshqalar).

1979—1981-yillarda suv havzalarining biologik rejimi, suvning ifloslanishi, suv hayvonlarining ekologiyasi, shuningdek baliqlar faunasining shakllanishi va baliq resurslaridan oqilona foydalanish boʻyicha ilmiy tadqiqot ishlari amalga oshirildi (A. M. Muhammadiyev, D. Mansurova, A. L. Shikidze va boshqalar), 20-asrning soʻnggi yillarida suv havzalari hayvonot dunyosining biologik xilma-xilligini saqlash borasida ilmiy tadqiqotlar olib borildi (K. Sattorov, B. Komilov, E. Togayev, V. Xegay, Yu. Golubenko, T. Solihov, U. Mirzayev, G. Rahmatullayeva, A. Kuzmetov va boshqalar). Gidrobiologiya sohasidagi ishlar Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti, „Oʻzbaliq“ korporatsiyasiga tegishli akvakultura instituti, Oʻzbekiston milliy universitetining biologiya tuproqshunoslik fakultetida va boshqa bir qancha ilmiy muassasalarda olib boriladi.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil