Gidrologik stansiya - 1) daryo, koʻl, suv omborlari gidrologik rejimini Oʻrganish maqsadida gidrometeorologiya xizmati tasarrufida tashkil etiladigan i.ch. muassasasi. G. s. tegishli kuzatish qurilmalari va asboblari bilan jihozlanib, maxsus bilim va malakalarga ega boʻlgan kuzatuvchi xodimlar va ular faoliyat koʻrsatishlari uchun zarur boʻlgan bino bilan taʼminlanadi. G.s.lar oʻziga qarashli hududdagi suv manbalari (obʼyektlari)ning gidrologik rejimini oʻrganadi, oʻziga biriktirilgan kichik G.s. lar va kuzatuv manzillariga rahbarlik qiladi, suv rejimining elementlari haqida ularda toʻplangan kuzatish maʼlumotlarini qayta ishlaydi va umumlashtiradi, maʼlum korxona va muassasalarni suv manbalarining gidrologik rejimi haqida tegishli maʼlumotlar bilan taʼminlaydi. Shuningdek, suv manbalari (asosan daryolar)da bevosita suv sathi, suvning oqish tezligi, suv sarfi, loyqa oqiziqlar, temperatura va gidrokimyoviy tarkibi kabi elementlarni oʻlchash yoki aniqlash ishlarini bajaradi, kuzatish maʼlumotlarini dastlabki qayta ishlash va tahlil qilish bilan shugʻullanadi (yana q. Gidrologik tarmoqlar); 2) dengiz (koʻl)ning koordinatalari maʼlum boʻlgan biror nuqtasidagi maxsus kuzatish joyi. Unda kemadan turib dengiz (koʻl)ning ahvoli, ob-havo, har xil chuqurlikda suvning shaffofligi va rangi, temperaturasi va kimyoviy tarkibi, oqim yoʻnalishi hamda tezligi kuzatiladi va oʻrganiladi.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil