Gidrologiya (gidro... va ...logiyadan) — tabiatdagi barcha suv, yaʼni okean va dengizlar, daryo va koʻllar, qor va muzliklar, suv omborlari, botqoqliklar va yer osti suvlarini, ularning joylashishi, xususiyatlari, oʻzaro va atrof tabiiy muhit (atmosfera, litosfera, biosfera) bilan taʼsiri natijasida roʻy beradigan hodisalar hamda jarayonlar qonuniyatlarini oʻrganadigan fan. gidrologiya oʻrganiladigan suv havza (obyekt)larining joylashishiga koʻra okean va dengizlar gidrologiyasi (okeanologiya yoki okeanografiya), quruqlik gidrologiyasiga boʻlinadi. Ayrim olimlar yer osti suvlari gidrologiyasi (gidrogeologiya)"" alohida qism sifatida ajratadilar. Fanning hozirgi taraqqiyot bosqichida gidrologiya atamasi quruqlik gidrologiyasining sinonimi sifatida ishlatiladi.

Gidrologiya dastlab tabiiy geografiya, gidrotexnika, geologiya, navigatsiyaning tarmogʻi sifatida rivojlandi va ilmiy bilimlar tizimi sifatida esa 20-asr boshida shakllandi.

Quruqlik gidrologiyasi gidrografiya, gidrometriya, umumiy gidrologiya, muhandislik gidrologiyasi kabi oʻzaro bogʻliq boʻlimlardan iborat. Gidrografiya suv obyektlarining oʻrni, oʻziga xos xususiyatlari, geografik tarqalish qonuniyatlari hamda ulardan xalq xoʻjaligida foydalanish imkoniyatlarini aniqlab beradi. Gidrometriya gidrologiyaning oʻlchov ishlarini amalga oshirish usullarini ishlab chiqish va ularda ishlatiladigan asbob-uskunalarni yaratish bilan shugʻullanadi. Umumiy gidrologiya, odatda, daryolar gidrologiyasi (potamologiya), koʻl va suv omborlari gidrologiyasi (koʻlshunoslik yoki limnologiya), qor va muzliklar gidrologiyasi (muzshunoslik yoki glyatsiologiya), botqoqlar gidrologiyasi (botqoqshunoslik yoki talmatologiya)ni oʻrganadi. Muhandislik gidrologiyasi bevosita ilmiy, amaliy masalalarni hal etadi va shu maqsadda suv obyektlarining dinamikasini, ularning turli gidrologik koʻrsatkichlarini hisoblash hamda bashorat qilish usullarini ishlab chiqish bilan shugʻullanadi. Muhandislik gidrologiyasi tarkibida oʻzan jarayonlari va oʻzan oqimi dinamikasi, gidrologik hisoblashlar, gidrologik bashoratlar alohida fan sifatida shakllandi va jadal rivojlanmoqda. Oʻzan jarayonlari va oʻzan oqimi dinamikasi suv massalarining harakati, toʻlqinlar, ular taʼsiri natijasida kuzatiladigan oʻzan yemirilishi, oqiziqlar rejimi, shu jarayonlar bilan bogʻliq holda oʻzan shakli va qiyofasining oʻzgarib turishini, ularning turlarini oʻrganadi. Suv transporta harakatini taʼminlash, suv inshootlari (toʻgʻonlar, koʻpriklar)ni qurish uchun tegishli xulosalar chiqaradi. Gidrologik hisoblashlar daryo oqimining koʻrsatkichlari (oqim meʼyori, eng katta va eng kichik suv sarflari, oqimning yil davomida taqsimlanishi, oqim oʻzgaruvchanligi)ni anikdash bilan shugʻullanadi. Gidrologik bashoratlar gidrologiyaning amaliy boʻlimi boʻlib, gidrologik jarayonlarni oldindan aytib berish (bashorat qilish) usullarini ishlab chiqadi.

Gidrologiya fani oldida suv zaxiralari va atrof muhit muhofazasiga taalluqli boʻlgan quyidagi vazifalar paydo boʻldi: 1) suv zaxiralarini miqdor va sifat jihatdan tejash va muhofaza qilish; 2) tabiat va antropogen omillar taʼsirida ularning oʻzgarish qonuniyatlarini oʻrganish; 3) amalga oshirilayotgan suv xoʻjaligi tadbirlari (melioratsiya, irrigatsiya, gidroenergetika, suv zaxiralarini hududlar boʻyicha qayta taqsimlash va hokazo)ni iqtisodiy va ekologiya nuqtai nazaridan asoslash uchun kerakli gidrologik maʼlumotlar bilan taʼminlash. Ushbu muammolar zamirida gidrologiyaning yangi yoʻnalishlari — gidroekologiya, meliorativ gidrologiya (sugʻoriladigan hududlar gidrologiyasi yoki agrogidrologiya) alohida fan sifatida shakllanmoqda. gidrologiyaning suv havzalarida kechadigan tabiiy (fizik), kimyoviy va biologik jarayonlarni hamda ulardagi suv massalarining tabiiy (fizik) xususiyatlarini, sifatini, biologik zaxiralarini oʻrganadigan qismlari gidrofizika, gidronime, gidrobiologiya deb ataladi. Suv havzalarining hosil boʻlishi, rivojlanishi va hududlar boʻyicha taqsimlanishi, shuningdek, ularning gidrologik tartibi tabiiy mintaqalarga xos boʻlgan — zonal va xos boʻlmagan — azonal omillar (joyning relyefi, geologik tuzilishi)ga bogʻliq. Ularni oʻrganishda gidrologiya iqlimshunoslik, meteorologiya, geologiya, gidrogeologiya, geomorfologiya, tabiiy geografiya kabi fanlar maʼlumotlariga tayanadi. Suv havzalarida kechadigan harakatlar (suv oqimlari) qonuniyatlarini oʻrganishda gidrologiya gidrodinamika, gidravlika fanlari usullaridan, gidrologik hisoblashlar va bashoratlarda esa aerokosmik va matematik usullardan, zamonaviy hisoblash mashinalaridan keng foydalanadi. Oʻzbekiston Respublikasida togʻli hamda sugʻoriladigan hududlar gidrologiyasi boʻyicha amalga oshirilgan ilmiy tadqiqot ishlari natijalari jahon miqyosida tan olingan. Bunda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Boshgidromet hamda Oʻrta Osiyo regional ilmich tadqiqot instituti, Oʻrta Osiyo irrigatsiya ilmiy tadqiqot instituti, Oʻzbekiston FA Suv muammolari instituti, Geologiya va geofizika instituti, "Oʻzsuvloyiha" instituti, "Toshsuvloyiha" instituti, Mirzo Ulugʻbek nomidagi OʻzMU hamda Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalashtirish muhandislari institutining quruqlik gidrologiyasi kafedralari olimlarining hissalari katta.

Ld:Rasulov A. R., Hikmatov F. H ., Umumiy gidrologiya, T., 1995.

Fazliddin Hikmatov, Davletboy Aytboyev.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil