Gimli (2879-yil, uchinchi davr – toʻrtinchi davrning 120-yilidan keyin Valinorga suzib ketgani taxmin qilinadi) – gnom, J. R. R. Tolkienning "Uzuklar hukmdori" romani bosh qahramonlaridan biri hisoblanadi, Uzuk Ittifoqi a'zosi.

Gloin oʻgʻli Gimlining fan-tasviri

Ismining kelib chiqishi

tahrir

"Gimli" ismi ilk bor Beren va Lyutien sarguzashtlarining eng dastlabki talqini – "Tinuviel haqida hikoyalar" asarida eslab oʻtiladi. Tevildo oshxonasidagi sobiq mahbus – qari elfning ismi aynan shunday boʻlgan. Keyinchalik bu nom "Uzuklar hukmdori"dagi gnomga berilgan.

Gimli ismi aynan qanday ma'noni bildirishi aniq emas. Tolkienning oʻziga tayanilsa, bu ism she'riy "gim" soʻzidan olingan boʻlib, qadimgi skandinav she'riyatidagi "olov" ma'nosini anglatadi[1]. Oʻrtayer gnomlar an'analariga muvofiq, "Gimli" ismi "oʻzga" ismlar turkumidan sanaladi, chunki u shimoliy (odamlar) tildan kirib kelgan va kxuzdul (gnomlar oʻzlarining asl ismlarini boshqa irqlardan yashirishgan) tilidagi ism sanalmaydi[2].

Tarjimai hol

tahrir

Uchinchi Davrning 3018-yilida Gimli otasi Gloin bilan – qirol Dain II maslahatiga koʻra, Sauron Bilboni izlab yurganidan uni ogohlantirib qoʻyish uchun, shuningdek, nega Bilbo Uzukni qaytarmoqchi ekanini bilish hamda Sauronning elchilari qaytsa, qanday yoʻl tutish kerakligini Elrond bilan maslahatlashish maqsadida Rivendellga yoʻl oladi.

Elrond kengashida u Uzuk Ittifoqining toʻqqiz a'zosidan biri sifatida tanlab olinadi va 3018-yilning kuzida janub tomon safarga otlanadi. Yoʻl davomida u elf Legolas bilan doʻstlashib oladi.

Gimli, Dain davridan buyon, Lorienga kira olgan ilk gnom hamdir. Ushbu tashrifidan soʻng, Galadriel sochlari tolasini doim oʻzi bilan olib yurgani uchun Zulf Soqchisi laqabini oladi. Galadriel sochlari tolalari Gimlining iltimosi bilan "Oʻrmon va Togʻlar oʻrtasidagi toabad doʻstlik" ramzi sifatida hadya etadi[3].

Saruman orklari Uzuk Ittifoqidagi ikki hobbitni oʻgʻirlab ketgach, Gimli butun Rohan boʻylab ularning izidan tushadi. Helm pastligi va Hornburg devorlari yaqinida orklarga qarshi Aragorn, Legolas va rohanlik jangchilar bilan bir safda mardonavor kurashadi. Hornburg qamali davomida Rohanning boʻlajak qiroli Eomerning hayotini saqlab qoladi.

Teoden boʻlinmasi tarkibida entlar tomonidan vayron etilgan Izengardga boradi va Sarumanning halokatiga guvoh boʻladi. Edorasga qaytishda, qoʻrquvini yengib, Aragornning ortidan Oʻliklar Darasi tomon yoʻl oladi. Pelennor dalalaridagi jangda qatnashadi.

Jasurligi va mehribonligi tufayli uni Elflar doʻsti deya atay boshlashadi.

Uzuk Jangidan soʻng Gimli ereborlik gnomlar bilan birga Aglarond gʻorlariga qaytib, hukmronlik qiladi. Toʻrtinchi Davrning 120-yilida hukmdor Elessarning (Aragorn) vafotidan keyin Legolas bilan birga dengiz tomon suzib ketgan deya taxmin qilinadi.

Gimli gnomlarning eng qadimgi sulolasi, Kazad-Dumning ilk aholisi – Uzunsoqollilardan sanaladi va Durinning toʻgʻridan-toʻgʻri avlodi hamdir. U sargardonlikdagi Train boshliq gnomlar Moviy Togʻlarda (Ered Luin) manzilgohlar tashkil eta boshlaganidan 77 yil oʻtib tugʻilgan. Gimliga Torinning Ereborga safarida qatnashishga uning gnomlar tushunchasi boʻyicha hali yosh ekanligi tufayli (Uchinchi Davrning 2941-yilida Gimli "bor-yoʻgʻi" 62 yoshda boʻlgan[4]) ruxsat berilmaydi. Gnomlar Yakka Togʻni qaytarib olishgach, Gimli otasi bilan Ereborda yashay boshlaydi.

Qahramonning yaratilishi

tahrir

Tolkien Gimli personajini oʻylab yurgan vaqtda uning rolini Balinning oʻgʻli – Frar (Burin) vaqtinchalik oʻynab turgan[5]. Shuningdek, muallifning ilk oʻylariga koʻra, Uzuk Jangidan soʻng Gimli qavmining bir qismi bilan Aglarondda emas, Minas Tirit yaqinida joylashgan Oq Togʻlarda yashashi va har yil Gʻorlarning goʻzalligidan bahramand boʻlib turishi kerak boʻlgan[6].

Peter Jackson rejissorligida suratga olingan "Uzuklar hukmdori" filmida Gimli rolini aktyor John Rhys-Davies ijro etgan.

Manbalar

tahrir
  1. «The Letters of J.R.R. Tolkien» ed. by H. Carpenter; 1995, HarperCollins Publishers; № 297 Drafts for a letter to ʻMr Rang’, p.382.
  2. Дж. Р. Р. Толкин. Властелин Колец. Часть 3: Возвращение Короля. Приложение F, I. О языках Средиземья.
  3. «The History of Middle-earth», Volume XII, «The Shibboleth of Fёanor»; 1993, HarperCollins Publishers, p. 337
  4. «Unfinished Tales»; 1998, HarperCollins Publishers, pp.435.
  5. «The History of Middle-Earth» v.VI, The Story Continued; 1994, HarperCollins Publishers, pp.395, 397.
  6. «The History of Middle-Earth» v.IX, The End of the Third Age; 1993, HarperCollins Publishers, p.122