Gipostaz (gipo... va yun. stasis — toʻxtash, turgʻunlik) — genlarning oʻzaro taʼsiri tiplaridan biri; bir gen taʼsirini xromosomaning boshqa qismida yoki boshqa xromosomalarda joylashadi, yaʼni allel boʻlmagan gen yoki genlar tomonidan fenotipda soʻndirilishi (qarang Allellar). Taʼsiri soʻndirilgan gen gipostatik gen, gipostatik genlar taʼsirini soʻndiruvchi genlar esa epistatik genlar deyiladi (qarang Epistaz). Genetik jihatdan oʻzaro oʻxshash boʻlmagan organizmlar chatishtirilganida G. belgilar nisbatini 2-avlodda oʻzgarishiga olib kelishi mumkin; bunday qollarda oʻzgarishning xususiyati epistatik genning gipostatik genga nisbatan dominantligi yoki resessivligiga bogʻliq. Ikki gen dominant boʻlganida 2-avlod fenotipida belgilarning ajralishi Mendel qonunlari boʻyicha 9:3:3:1 nisbatda emas, balki 12:3:1 nisbatda sodir boʻladi. Mas, donining rangi boʻyicha dominant qora (A) va kulrang (V) genlarga ega boʻlgan suli navlari chatishtirilganida A va V genga ega boʻlgan avlodlarda faqat A gen fenotipda yuzaga chiqishi mumkin. Bunday holdaajralish 12 ta qora, 3 ta kulrang va 1 ta oq nisbatda sodir boʻladi. Epistatik va gipostatik genlar resessiv boʻlganida esa 9:3:4 nisbatda ajralish roʻy beradi.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil