Gliptika (yun. qlypho — kesaman) — qimmatbaho, yarim qimmatbaho toshlarga naqsh yoki tasvir oʻyish sanʼati; amaliy bezak sanʼati turi. Gliptika asari gemma qadimdan muhr (egalik belgisi), tumor va taqinchoq vazifasini oʻtagan. Mil. av. 4-ming yillikda Mesopotamiya, Qad. Misr, Gʻarbiy Osiyoda vujudga kelgan, Yunoniston, Qad. Rimda yuksak taraqqiy etgan. Gemma tasvirlari (hayvon va qushlar, xudo va qahramonlar qiyofasi, afsonaviy sahnalar) ixcham kompozitsiyasi bilan ajralib turadi.

Oʻrta asrlarda gliptika asosan Sharqda rivojlangan. Vizantiyada qad. anʼanalar saqlangani holda tekis yuzali, keyinchalik uslublashtirilgan shakllarga aylangan nafis chizmaga moyillik xos.

Musulmon Sharqida yozuvli gemma (intaliya)lar keng tarqalgan; husnixatli nozik matnlar xitoy muhrlarini bezagan. Yevropada Uygʻonish davrida gliptika yanada rivojlanadi, kad. gliptikadan nusxa koʻchirish bilan birga gliptikada zamondoshlarning portretlari ham yaratiladi, yetakchi oʻrinda Italiya ustalari turadi (V. Belli, J. Bernardi va b.).

Oʻrta Osiyodan topilgan arxeologik topilmalar (Oʻzbekiston xalqlari tarixi muzeyida saqlanayotgan gliptika namunalari)da hukmdorlarning tasvirlari, shuningdek, oʻsimlik, hayvonlarning shakllari ishlangan tamgʻalar boʻlib, yunon gliptikasiga taklidan tayyorlangan. Bunday gliptika asarlari Kavkaz, Eron, Afgʻoniston, Shimoliy Hindistondan ham topilgan. Islom dini tarqalganidan keyin tasvirlar oʻrnini naqsh va yozuvlar egallagan. Oʻzbekistan hududidan uzuk koʻzi yoki munchoq sifatida ishlangan qad. gliptika namunalari (Afrosiyob, mil. av. 6—5-asrlar, jumladan toj kiygan erkak tasviri) topilgan.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil