Globulinlar (lot. globulus — sharcha) — suyultirilgan kislota va ishqorlar hamda neytral tuzlarning kuchsiz eritmalarida yaxshi, suvda esa kam eriydigan (miozinaan tashqari) globulyar oqsillar; ammoniy sulfatning yarim toʻyintirilgan, magniy sulfat yoki natriy sulfatning tuyintirilgan eritmasida choʻkmaga tushadi. G. sut, qon zardobi, tuxum, muskullar va oʻsimliklar (kanop, noʻxat) urugʻida boʻladi. Oʻsimlik va hayvon toʻqimalari tarkibiga kiradi. Qon plazmasi oqsillarining deyarli yarmini tashkil etadi. Koʻpchilik G. oddiy oqsillar, ayrimlari esa uglevodlar, lipidlar (ayniqsa qon zardobi G.i), nuklein kislotalar (neyroglobulin), yod (tireoglobulin) bilan bogʻlangan boʻladi. Organizmning immunlik xususiyatini (antitelolar, komplement) va qon ivishini (protrombin, fibrinogen va b.) taʼminlaydi; temir (transferrin, gaptoglobin), misning (seruloplazmin) tashilishida va b. jarayonlarda ishtirok etadi. Gamma-globulinlar tibbiyotda keng qoʻllanadi.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil