Goʻsht sanoati - soʻyilgan molni kompleks tarzda qayta ishlovchi sanoat tarmogʻi, oziq-ovqat sanoatining muhim soxasi. G.s. korxonalarida qoramol, qoʻy-echki, parranda, quyon va b. soʻyilib, undan goʻsht olinadi, goʻsht konservasi, kolbasa maqsulotlari, yarim tayyor fabrikatlar (kotlet, chuchvara, pazandachilik mahsulotlari) tayyorlanadi; shuningdek chorvaga yem sifatida ishlatiladigan goʻsht va suyak uni, qimmatbaho tibbiy preparatlar (insulin, geparin, lipokain va b.), aminokislotalar, shuningdek, yelim, parranda pari va pati, jelatin ishlab chiqariladi. G.s.da ishlab chiqariladigan mahsulotlarning xili 400 dan oshadi. Koʻpgina mamlakatlarda goʻsht va goʻsht mahsulotlarini i.ch. asosan 20-asr oʻrtalaridan sanoat miqyosida rivojlana boshladi. 30—40-yillarga kelib yirik goʻsht kombinatlari qurildi. I. ch.da zamonaviy mashina va apparatlarni qoʻllash, i. ch. jarayonlarini mexanizatsiyalash natijasida G. s. da mahsulot yetishtirish salmogʻi oshib bordi. Masalan, AQSH da goʻsht yetishtirish yaxshi taraqqiy etgan boʻlib, jami soʻyilgan mollarning 95% ga yaqini sanoat usulida qayta ishlanadi. Shuningdek, Argentina, Urugvay, Yangi Zelandiya, Avstraliya va boshqa davlatlarda ham bu borada katta yutuklarga erishilgan. Gʻarbiy Yevropaning qator mamlakatlarida qoramol soʻyish kommunal kushxonalarda, kolbasa mahsulotlari, konservalar va b. goʻsht mahsulotlari i. ch. esa maxsus korxonalarda, shuningdek magazinlar qoshidagi mayda qassobxonalarda amalga oshiriladi. Goʻsht ishlab chiqaruvchi asosiy mamlakatlar — Yevropa, Shimoliy Amerika mamlakatlari, Xitoy. Jahonda aholi jon boshiga GOʻSHT isteʼmol etishning oʻrtacha yillik hajmi 35 kg atrofida, uning eng kam darajasi Afrika mamlakatlari, Janubiy Amerika va Jan.-Sharqiy Osiyo mamlakatlariga, yuqori darajasi esa asosiy goʻsht ishlab chiqaruvchi mamlakatlarga toʻgʻri keladi (yiliga oʻrtacha 120—130 kg). Keyingi davrda Gʻarbiy Yevropa va AQShda goʻsht yetishtirishda parranda goʻshtini ishlab chiqarish koʻpayib bormoqda. Jahon boʻyicha yalpi goʻsht ishlab chiqarish 225,9 mln. t (1999).

Oʻzbekistonda ham sanoatning bu tarmogʻi asosan 30-yillardan boshlab shakllandi. Bunga qadar aholini goʻsht bilan mayda va tarqoq qassobxona hamda kushxonalar taʼminlab kelgan. Ot goʻshtidan qazi, qoramol, qoʻy goʻshtidan uzoq muddat saqlanadigan quritilgan, qovurilgan goʻsht mahsulotlari tayyorlangan. 1905-yilda toshkentlik boy Orifxoʻja Azizxoʻjayev Turkiston oʻlkasida dastlabki zavod tipidagi kushxonaga asos solgan. 1929-yilda bu kushxona negizida Toshkent goʻsht kombinati tashkil etiladi. 1932-yilda G. s. respublika xalq xoʻjaligi rejasiga alohida sanoat tarmogʻi sifatida kiritildi. Oʻsha yili Toshkent, Samarqand, Andijon, Buxoro, Kattaqoʻrgʻon, Termiz, Qarshi, Qoʻqon sh.laridagi 8 ta shahar qassobxonasi, Samarqand va Buxorodagi muzxona (muzlatkich)ni birlashtirgan „Oʻzgoʻshtsovitishsanoat“ tresti tashkil etildi. Keyinchalik bu trest tarkibiga Olmaliq, Chirchiq, Namangan, Yangiyoʻl sh.laridagi kushxonalar, Xoʻjayli, Urganch mol soʻyish punktlari va Toshkent muzxona kombinati ham kirdi. 1955—1965-yillarda Buxoro, Xoʻjayli, Urganch (hammasi 1956-yilda), Termiz (1960), Shahrisabz (1965) goʻsht kombinatlari qurildi. 1965-yilda Respublika Goʻsht va sut sanoati vazirligining tashkil etilishi bilan. G. s korxonalari qurilishi jadallashdi. Chirchiq, Fargʻona, Kattaqoʻrgʻon, Samarqand goʻsht kombinatlarida yuqori quvvatga ega boʻlgan kolbasa sexlari qurildi. 1949-yilda Oʻzbekistondagi 14 goʻsht kombinatining smena quvvati 82 t goʻshtni qayta ishlash, 17,2 t kolbasa mahsulotlari i. ch. darajasida boʻlsa, 1979-yilda 18 goʻsht kombinatining smena quvvati 438,5 t goʻshtni qayta ishlash va 125,5 t kolbasa mahsulotlari i.ch.gacha ortdi. 1970—1995-yillarda Samarqand, Navoiy, Urganch, Jizzax va Namangan goʻsht kombinatlari qurib ishga tushirildi, Buxoro, Fargʻona, Termiz, Xoʻjayli, Qarshi, Shahrisabz goʻsht kombinatlari qayta taʼmirlanib, quvvatlari oshirildi. Koʻpgina korxonalar yangi texnologiyalarni qoʻllash asosida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar turlarini koʻpaytirishga erishdilar.

Respublika mustaqillikka erishgandan keyin boshqa sohalardagi singari goʻsht sanoati sohasida ham chuqur tashkiliy va iqtisodiy islohotlar amalga oshirildi, tarmoqdagi korxonalarning koʻpchiligi davlat tasarrufidan chiqarilib, aksiyadorlik jamiyatlariga aylantirildi. Ilgari tarmoq korxonalariga rahbarlik qilgan Goʻsht va sut sanoati vazirligi tugatilib, 1993-yil 6-aprelda „Oʻzgoʻshtsutsanoat“ davlat-aksiyadorlik uyushmasi tashkil etildi. 1991—2001-yillarda respublikadagi jamoa xoʻjaliklari va tadbirkorlar tomonidan zamonaviy texnologiya uskunalari bilan jihozlangan goʻsht va kolbasa mahsulotlari ishlab chiqaradigan koʻplab korxonalar qurildi. Tarmoqdagi eng yirik korxona Toshkent viloyati (Oʻrtaovul)dagi goʻsht kombinatidir. Toshkent viloyatida bundan tashqari Angren, Bekobod, Olmaliq, Chirchiq goʻsht kombinatlari va Yangiyoʻl tajriba kolbasa zdi ishlaydi. „Oʻzbekbirlashuv“ning „Oʻzbekiston shirkat sanoati“ birlashmasi tarkibida ham kolbasa mahsulotlari ishlab chiqaradigan oʻnlab sexlar faoliyat koʻrsatadi.

Respublika G. yeda Germaniya va Turkiya, Xitoy firmalari bilan hamkorlikda suyakni qayta ishlash, ichak mahsulotlari tayyorlash, yarim tayyor goʻsht mahsulotlari i. ch., goʻshtni qadoqlash va oʻrab isteʼmolga chiqarish boʻyicha tadbirlar amalga oshiriladi. Xoz. „Oʻzgoʻshtsutsanoat“ uyushmasi tarkibida 16 yirik goʻsht korxonasi (k-tlar) 45 goʻsht yetishtirishga ixtisoslashgan xujaliklar, viloyat tumanlarida soʻqimga boqiladigan va boʻrdoqichilik punktlari hamda 160 dan ortiq oʻrta va kichik korxonalar bor. Respublika G. s. oʻzining mustaqil va yetarli xom ashyo bazasiga ega. Keyingi yillarda respublikada chorva mollari bosh sonini saqlab qolgan holda, goʻsht va goʻsht mahsulotlari i. ch.ni koʻpaytirishga erishish yoʻlidagi tadbirlar davom ettirilmoqda. 2000-yilda Oʻzbekiston Respublikasida 841,1 ming t goʻsht yetishtirildi (tirik vaznda) va G.s.da 121,6 ming t goʻsht va goʻsht mahsulotlari ishlab chiqarildi.

Poʻlat Tursunxoʻjayev.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil