Gomologiya (yun. homologia – mos kelish, moslik) (biol.da) — har xil turga mansub organizmlarda bajaradigan funksiyasidan qatʼi nazar filogenetik (kelib chiqishi) jihatdan uxshash boʻlgan organlarning oʻzaro mos kelishi. G.da dastlab oʻxshash boʻlgan organlarda divergensiya tufayli yangi morfologik belgilar paydo boʻladi. Masalan, dastlabki umurtqali xayvonlarning oldingi oyoklari evolyutsiya jarayonida yangi morfologik belgilarni hosil qilishi tufayli yurish, yugurish, yer qazish, tutish, suzish, uchish va b. funksiyani bajarishga moslashgan. Lekin filogenetik jihatdan oʻxshash boʻlishi tufayli ularning hammasi bir xil suyaklar: yelka, bilak, tirsak, kaftoldi, kaft, barmoq suyaklaridan iborat.

G. oʻsimliklar uchun ham xos. Noʻxatning gajaklari, zirk va kaktuyennng tikanlari shakli oʻzgargan barg hisoblanadi. "G." terminini nemis zoologi R. Ouen (1843) fanga kiritgan, uning evolyutsion mohiyati esa Ch. Darvinning evolyutsion taʼlimoti vujudga kelgandan soʻng maʼlum boʻldi. Har xil sistematik guruhlarga mansub turlarda organlar G.si mavjudligining isboti 3 mezon: organlarning morfologik tuzilishi, ularning organizmda joylanishi va morfogenezi (morfologik kelib chiqishi) oʻxshashligi bilan belgilanadi.

20-asrda "G." termini gomologik organlarning shakllanishiga olib keluvchi genetik tuzilish (genlar G.si) va morfogenez jarayonlarini tavsiflashda ham qoʻllanila boshlandi. Ammo murakkab fenotipik belgilar bitta gen emas, balki oʻzaro taʼsir koʻrsatadigan bir necha gen nazoratida boʻlganligi, bir genning oʻzgarishi boshqa gen bilan bogʻliqligi tufayli oʻzaro qarindosh boʻlgan turlarda genlar G.si bilan organlar G.si oʻrtasida bevosita moslik boʻlmasligi mumkin. Shuning uchun genlar G.si va fenotipik belgilar G.si mustaqil (binobarin oʻzaro murakkab munosabatda boʻlgan) kategoriyalar hisoblanadi.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil