Gospital (yun. hospitalis — mehmondoʻst) — yotib davolanishga moʻljallangan harbiy tibbiyot muassasasi. Gospitalda harbiy xizmatni oʻtayotgan askarlar va ofitserlar, ularning oila aʼzolari hamda mudofaa vazirligining xodimlariga tibbiy yordam koʻrsatiladi. Gospitalda davolashdan tashqari, harbiy ekspertiza oʻtkazish, harbiy qismlardagi vrachlarga davolash-profilaktika tadbirlarini amalga oshirishda yordam berish, harbiy tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish kabi vazifalar bajariladi.

Urush vaqtida yarador va bemorlarga tez yordam koʻrsatadigan polk, diviziya, armiya koʻchma harbiydala gospitallari va front orqasida joylashgan gospitallar farq qilinadi.

Turkistonda birinchi gospital 1869-yilda Toshkent sh.da ochilgan. Hozir Toshkentdagi 2 ta gospitalning Jizzax, Kattaqoʻrgʻon, Navoiy, Samarqand, Taxiatosh, Termiz, Fargʻona, Chirchiq va Qarshi sh.larida filiallari faoliyat koʻrsatadi.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil