Carlo Gozzi (1720.13.12, Venesiya — 1806.4.4.) — italyan dramaturgi. „Uch apelsin ishqida“ (1761) pyesasi bilan teatr ertakchiligi (fyaba) janriga asos solgan. Gozzi ijtimoiy qarashlariga koʻra konservator boʻlgan, hayotdagi hamma tartiblarning joyjoyida qolishini istagan, yangi ijtimoiy tamoyillarni yoqtirmagan, hatto fransuz maʼrifatparvarlarining gʻoyalarini ham qabul qilmagan. Shu bilan birga kiborlar tabaqasining nuqsonlarini ham tanqid qilgan. Gozzi asarlari xalq yumorlariga boy, xalq dramalariga xos masharabozlik xususiyatlari yetakchilik qiladi („Ilon xotin“, 1762; „Zubayda“, 1763; „Chin maʼshuqa“, 1771 va boshqalar). „Baxtli gadolar“ (1764) ertak-pyesasidagi voqealar Samarqandda boʻlib oʻtadi. Unda Gozzining odil shoh haqidagi gʻoyalari aks etgan. „Malikai Turandot“ (1762) da Sharq ayollarining ijtimoiy ahvoli tasvirlangan. Asar rus tilidan Choʻlpon (1926), Mannon Uygʻur tarjimasida (1928) sahnalashtirilgan. „Baxtli gadolar“ Shukrullo tarjimasida nashr etilgan (1969).

Carlo Gozzi

Hayoti

tahrir

Carlo Gozzi Venetsiyada dunyoga kelgan va Dalmatsiydagi uch yillik harbiy xizmatini hisobga olmaganda umrining oxirigacha Venetsiyada yashagan. Carlo Gozzi qashshoqlanib qolgan graf Yakolo Antoniyo Gozzi hamda uning turmush oʻrtogʻi Anjola Tepoloning farzandi edi. Antoniyo Gozzining oʻn bir farzandi boʻlib, Carlo Gozzi ularning oltinchisi edi. Gozzilar oldin savdo bilan shugʻullanib turishgan, metrapoliyadagi bir qancha uylar hamda provinsiyadagi katta yerlarga egalik qilishgan. Biroq Carlo Gozzining tugʻulish arafasida bunday ulugʻvorlikdan va boylikdan asar ham qolmagan. Oilaning mustahkam boʻlmaganligi, oilada farzandlar soning koʻpligi Carloning bolalik chogʻida qashshoqlik va tanazzul arafasida edi.

Oilada asosiy rolni Carloning akasi — poet va jurnalist, shoira Luiza Bergallining turmush oʻrtogʻi — Gasparo Gozzi oʻynar edi. Carlo Gozzining akalari Gasparo hamda Franchesko davlat maktablarida taʼlim olishgan edi, Carlo esa baʼzida ruhoniylardan saboq olib turar edi. Carlo Gozzi keyichalik akasi Gasparoga taqlid qila boshlaydi va uning darajasiga yetishishni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻyadi, negaki oʻsha vaqti Gasparo Gozzi olim darajasiga yetishgan edi. Oilaning boshqa aʼzolari ham sheʼrlar yozar, komediyalar yaratishar edi. Boʻlajak shoir bolaligida oʻzidagi yozuvchilik iqtidorini seza boshlaydi. Dalmatsiyaga joʻnab ketishigacha bir qancha kichik sheʼrlar ijod qilib turgan.

1740-yilda u harbiy xizmat oʻtashga jazm qiladi hamda Dalmatsiya uch yil mobaynida yashaydi. Armiyada xizmat qilish davrida uning dunyoqarashi oʻzgara boshlaydi. Xizmatni yakunlagach u ona shahri Venetsiyaga qaytib keladi. Qaytgach u oʻzini butunlay oilaviy mulklarini saqlab qolish uchun bagʻishlashga majbur boʻladi. Bir necha yil ichida u koʻplab qattiqqoʻl kreditorlar, dalollar va moliyachilar, advokatlar va sudyalar, bankirlar va soliqchilar bilan muzokaralar oʻtkazadi, uyning bitmagan yerlarini taʼmirladi hamda garovdagi joylarini qarzini uzdi. Oxir-oqibat, u oʻziga va oilasiga tinch yashash imkonini taqdim etdi hamda moliyaviy ahvolni nisbatan barqarorlashtirishga erishdi. Ushbu qiyin va murakkab turmush sharoitlarida Carlo Gozzi „kelgusida qashshoqlashib qolishi mumkin boʻlgan kichik Gozzilarni dunyoga keltirish“ni istamay boʻydoq oʻtishga qaror qildi. Erkin boʻlishga intilish, uning tushuntirishi boʻyicha, keyinchalik unga davlat xizmatiga oʻtish boʻyicha takliflarni ham rad etishga sabab boʻldi. Bekor vaqtni u oʻzining eng sevimli yumushi boʻlgan badiiy adabiyotga bagʻishladi. U italyan tili va adabiyotini yuksaltirayotgani va oʻzining huzuri uchun yozayotgani hamda mashhur dramaturg Goldoni yoki uning akasi, zamonaviy jurnalist Gasparo singari daromad maqsadida yozmayotganligi bilan faxrlanardi. Carlo Gozzi uning adabiy homiyligi ostidagi Sakki truppasi uchun yozib berayotgan sheʼrlari uchun ham, sahna asarlari uchun ham na pul olardi, na gonorar. Carlo Gozzining tan olishicha, uning moʻyqalamidan tinimsiz „sheʼr va nasr oqimi“ oqardi.

Carlo Gozzi XVIII asrda urfda boʻlgan lirik sheʼrlar, „tasodifiy“ sonetlar, qahramonona va komik asarlar, sheʼrlar va prozaik satiralar, ertaknamo va turmush komediyalari, traktatlar, pamfletlar, adabiy nazariya va tanqidiy mulohazalar, muhokamalar, nasriy bagʻishlovlar yozib turgan. Uning baʼzi memuarlari alohida nashr qilingan, koʻplab sheʼrlari oʻsha davrning „Raccolti“ deb atalgan toʻplamlariga aralashib ketgan, baʼzi bir satirik va munozarali maqolalari adibning hayot vaqtida nashr qilinmay qolgan va hozirgacha qoʻlyozma holatida turibdi. Carlo Gozzi ijodining katta qismi uning oʻlimidan soʻng qayt nashr etilmadi va hozirda unitilib yuborilgan.

Carlo Gozzining badiiy didi konservativ ruhda edi va kirib kelgan yangi davrning badiiy-estetik qoidalaridan keskin farq qilib turardi. Carlo Gozzi eski italyan sheʼriyatini sevardi, xalq ertaklari va niqobli komediyalarni jon dilidan yaxshi koʻrardi. Bunda Carlo Gozzi va Gasparo Gozzi 1747-yilda asos solingan Granelleski Akademiyasi aʼzolari orasida oʻz hamfikrlarini topishdi. Ushbu akademiya oʻz oldiga sheʼriyatda milliy anʼanalarni saqlab qolish, italyan tilini asl koʻrinishiga qaytarish, venetsiya badiiy hayotiga taʼsir oʻtkazayotgan xorijiy yangiliklar bilan kurashdek katta maqsadlarni qoʻygan edi. Akademiya faoliyati koʻproq kulguli, masxarabozona tusga ega edi („Granelleski“ nomi „grano“ soʻzidan olingan boʻlib, ham „don“, ham „safsata“ degan maʼnoni beradi). „Granelleski Akademiyasi mahsuli“ nomi bilan chiqarilgan oʻziga xos varaqalar komik qochirmalar, kinoyalar, chuqur maʼnoli satiralar va epigrammalar bilan toʻla edi. Ushbu „varaqa“larning eng faol ijodkori hisoblangan Carlo Gozzi oʻzining satirik nishoni qilib oʻsha vaqtda Venetsiyada juda mashhur boʻlgan ikki dramaturg ― Carlo Goldoni va abbat Kyarini tayin qilgan.

„Millatni yaratish uchun, avvalo teatrni yaratish kerak“,― degan edi Gyote. Bu XVIII asr uchun xarakterli mulohaza edi. Italiyada italyan sanʼatining hech bir yoʻnalishi teatrchalik mashhur emas edi. Carlo Gozzi, Carlo Goldoni, Vittorio Alferi ― uning choʻqqisi edi. Biroq hali ham „italyan millati“ yoʻq edi, faqatgina Avstriya kansleri Metternix taʼbiri bilan aytganda „geografik tushuncha“ bor edi. Oʻsha davr Italyan davlatchalariga xos xususiyat bu ularning oʻzaro emas, balki boshqa davlatlar bilan koʻproq savdo-iqtisodiy, madaniy aloqa qilayotgani edi. Fransuz maʼrifatparvarlari ishlaridagi eski tuzumning keskin tanqid qilinishi italyan oldi ziyolilari tomonidan yaxshi kutib olindi. Volter Russo, Didro, Monteske Italiyada Fransiyadagiga qaraganda koʻproq mashhur boʻlishadi. „Il Caffe“, „Frusta lotteraria“, „L’Osservatore“ kabi qator yangi jurnallar chop etiladi. Tanqidiy ocherklar paydo boʻldi, hattoki, kimsan Danteni badiiy didsizlikda ayblashdi. Keyinchalik koʻplab italiyalik dramaturglarning ijod mahsullari bu fikrlarning chippakka chiqarishda oʻziga xos qurol edi. Mersyening dramalari italyan sahnalarida gʻolibona harakat qildi. Keyichalik venetsiyalik Pyetro Kyari ham oʻz asarlari bilan teatr mavqesini yanada yuksaltirdi. Carlo Gozzi davri esa uning Goldoni, Kyari bilan oʻzaro raqobati bilan eʼtiborlidir. Carlo Gozzi ularni didsizlikda, yolgʻon pafos va balandparvozlikda, vulgar naturalizmda, milliy qadriyatlarni va anʼanalarni inkor qilganlikda hamda xorijiy mashhur yangiliklarni oʻylamasdan koʻchirishda ayblagan. Hozirda bu ikki ijodkorning asarlari italyan dramaturgiyasining saylanma toʻplamlarida tinchgina murosa qilishayotgan bir paytda bu holat birmuncha gʻalati koʻrinadi, biroq bir narsani yoddan chiqarmaslik darkorki, Goldoni hamkasbidan farqli ravishda asarlari bilan kun kechirgan va uzluksiz mehnat qilgan. Chunonchi, 1750-yilning oʻzidayoq u ommaga 16 ta komediyani namoyish qilgan. U yana koʻplab taʼsirli tragediyalar ham yaratib turgan.

Adabiy baxs ular oʻrtasida bir necha yil davom etadi (1756-1761) va bu Carlo Gozzini ular bilan ularning maydonida jang qilishga majbur qildi. Buning qanday sodir boʻlgani haqida Pavel Muratov „Italiya obrazlari“ kitobida shunday deydi: "Bir kuni Torre del Orolodjio ortidagi qorongʻu kunjakda joylashgan Bettinelli kitob doʻkonida bir nechta yozuvchilar uchrashib qolishdi. Ularning safida Goldonining oʻzi ham bor edi. Oʻzining muvaffaqiyatidan mast boʻlganidan u uzoq vaqt italyan teatrida u tomondan amalga oshirilgan toʻntarishning ahamiyati haqida hikoya qilardi, eski niqoblar komediyasini kulgu va haqoratli soʻzlar bilan koʻmib tashladi. Oʻshanda u yerdagilardan biri ― uzun va ozgʻin kishi ― turdi va xitob qildi: "Ont ichaman, eski komediyamizning niqoblari yordamida men „Uch apelsin ishqida“ga sizning har xil „Pamela“ va „Irkani“ngizga qaraganda koʻproq tomoshabin yigʻaman. Shunda hamma graf Gozzining bu haziliga handon otib kulishdi: „Uch apelsin ishqida“ oʻshanda enagalar kichkina bolalarga aytib berishadigan xalq ertagi edi. Ammo Carlo Gozzi hazillashmagan edi va bunga Venetsiya tez orada amin boʻldi."

Carlo Gozzi memuarlarida bu voqeaning tasdigʻini topolmaymiz, ammo fakt fakt boʻlib qolaveradi. 1761-yilning 25-yanvarida qishki karnaval vaqtida mashhur qiziqchi Antoniyo Sakki boshchiligidagi komediya truppasi aktyorlari San-Samuel teatr sahnasida venetsiyalik omma eʼtiboriga Carlo Gozzining birinchi pyesasini namoyish etdilar. Bu ertaknamo spektaklning hazillari, niqoblari, sehrliligi, qochirimlari, ajabtovur effektlari tomoshabinlarni hayratga soldi. Carlo Gozzining ertak va niqoblar komediyasini yagona janr sifatida birlashtirish gʻoyasi toʻliq amalga oshdi. 1772-yili Gozzi saylanma asarlarini nashr ettirib, unga yozilgan bagʻishlovda del arte komediyasi haqida quyidagilarni yozdi: „Italiyada teatrlar yopilib qolmas ekan, badiha komediyasi hech qachon yoʻqolmaydi va uning niqoblari ham yoʻq boʻlmaydi. Men badiha komediyasini Italiyaning shon-shuhrati deb bilaman va uni yozma, uydirma pyesalardan tubdan farqlanuvchi koʻngil xushi deb hisoblayman“. Chindan ham del arte komediyasi anʼanalari yashovchan boʻlib chiqdi. Qizigʻi shundaki, Gozzi del arte komediyasini isloh qilgan Goldoni bilan munozaraga kirib, bu teatr shaklini saqlab qolish u yoqda tursin, uning oʻzi ham Goldoni kabi adabiy dramaga asoslangan yangi teatr janrini yaratdi.

Asosida tragediya va komediya unsurlari ajabtovur ravishda aralashib ketgan ertaknamo asar fiaba (fiabe teatrali) nomini oldi. Carlo Gozzi oʻzining bu pyesasida Goldoni va Kyarini jodugar Chelio va farishta Morgana koʻrinishida tasvirladi. Kutilmagan muvaffaqiyatdan ilhomlanib ketgan Antonio Sakki Carlo Gozziga shartnoma tuzishni taklif etadi va truppa repertuarlarini toʻldirishni oʻz zimmasiga oladi. Oʻzining odatlariga amal qilgan Carlo Gozzi pul olishni rad etadi, shu taqlid truppa aktyorlarining homiysiga aylanadi, negaki endi u toʻxtay olmasdi. Besh yil ichida u toʻqqizta teatr ertaklarini yaratadi ― „Quzgʻun“, „Qirol kiyik“, „Turandot“, „Ilon ayol“, „Zobeida“, „Baxtiyor gadolar“, „Zangori maxluq“, „Yashil qushcha“, „Dzeim — jinlar qiroli“. Ushbu asarlar ham katta obroʻga erishib Gozzi nomini olamga taratdi. Bu toʻliq gʻalaba edi. Kyari teatr sanʼatini tashlab oldiniga Breshiyaga, soʻng esa toʻliq Amerikaga koʻchib ketdi. Magʻlub Goldoni ham Venetsiyani tashlab Parijga oʻtib ketdi. Jang maydonida Carlo Gozzining oʻzi qoldi.

Carlo Gozzining keying asarlari mazmuniga koʻra mashhur asarlaridan ancha farq qiladi, negaki endi pyesalarda badiha uchun kam joy ajratilgan edi. Badiiy parodiya qisman yoʻqolib ketadi. Carlo Gozzining eng mashhur va eng yaxshi fiabasi 1762-yil 22-yanvar kuni namoyish etilgan „Turandot“ hisoblanadi. Aynan shu asar taqdimotidan soʻng Carlo Gozzi raqiblari Venetsiyani tark etadi, Sakki truppasi esa San-Samuel teatridan shinam va sigʻimli Sant-Anjelo teatriga koʻchib oʻtishadi.

Carlo Gozzining soʻnggi sahna asari boʻlmish „Dzeim ― ruhlar qiroli“ 1765-yilda namoyish etilgan. Biroq bu asar muvaffaqiyatsizlikka uchragan, buning sabablaridan biri oʻsha vaqtlarda fiabalarni sahnalashtirish, kiyimlar, sahna effektlari uchun katta mablagʻ talab etilardi va bu moliyaviy ahvoli havas qilarlik darajada boʻlmagan Venetsiya teatrlari uchun imkonsiz edi. Yana bir holat muhimki, Italiyada dong taratgan Goldoni komediyalari va Gozzi fiabalari Venetsiya hududidan tashqarida namoyish etilmagan. Carlo Gozzi fiabalar yozishni toʻxtatadi va nasrdagi ishqiy tragikomediya janriga oʻtib ketadi. Gozzi pyesalaridan tashqari „Foydasiz xotiralar“ memuari bilan ham mashhurdir. Asar 1780-yilda tugallanib, faqatgina 17 yildan soʻng nashr etiladi. 1771-yil Carlo Gozzi aktrisa Teadora Richchi bilan uchrashishni boshlaydi, ammo Venetsiya senati kotibi Gratol sabab 1776-yil munosabatlarga darz ketadi. Gozzi uni „Le droghe d’amore“ (Sevgi damlamasi) komediyasida qiyshangʻi olifta koʻrinishida namoyish etib undan qasos oladi. Gratol sharmandalikka chiday olmasdan Stokgolmga ketadi. „Foydasiz xotiralar“ memuarida Gozzi hayoti yozilgan boʻlsada, undagi asosiy voqealar Richchi hamda Gartold bilan munosabatlarga bagʻishlangan.

Unutilgan Carlo Gozzi 86 yoshida, oʻz yurtida, bu vaqtda oʻzi hech qachon boʻlmagan Germaniyada, Italiyada unutilgan deb hisoblangan teatr ertak sahnalariga qiziqish yana paydo boʻlgani va bu qiziqish kuchayotganini bilmasdan vafot etdi.[manba kerak]

Turandot asari haqida

tahrir

Asar noʻgʻay tatarlari shahzodasi Kalafning Chin devorlari ostonasida paydo boʻlishi va sobiq otaligʻi Baraxni uchratishi bilan boshlanadi. Kalaf unga Xorazmshoh qoʻshinlari bilan jangdagi magʻlubiyatlaridan soʻng ota-onasi bilan darbadarlikda yurganliklarini, keyinchalik Xurosonga borishganini va u yerda u ota-onasini boqish maqsadida shoh saroyiga qora ishchi sifatida ishga kirganligini, soʻng dilidagi ogʻriq va qasos oʻti bilan oldingi martabasini tiklash hamda Xorazmshohdan intiqom olish uchun Chin yurtiga kelganini soʻzlab beradi. Birdan atrofda shovqin boshlanadi. Barax bu malika Turandot ishqida adoi tamom boʻlgan yana bir shaxzodaning qatl marosimidan darakligini aytib beradi va Kalafga shahar devoridagi uzilgan boshlarni koʻrsatadi. Keyin oʻsha qatl qilingan Samarqand shahzodasining otaligʻi kelib qoladi va malikani ahmoqlikda, vaxshiylikda ayblab, uning suratini yerga tashlab ketadi. Kalaf Baraxning qarshiliklariga qaramasdan suratga qaraydi va oʻzini yoʻqotib qoʻyadi, shundan soʻng u Turandot shartlarini bajarib unga uylanishga qatʼiy turib oladi. Chin imperatori yana bir bechoraning qiziga ishqi tushganini eshitadi va uni saroyga taklif qiladi. Kalaf bilan suhbatdan soʻng imperator Altoum uni yoqtirib qoladi va uni fikridan qaytishga undaydi, uddalay olmagach qizini chaqirtiradi. Turandot ikki kanizagi bilan kirib kelgach Kalafga koʻzi tushadi va uni yoqtirib qoladi, biroq oʻz soʻzida turgan holda unga uchta topishmoq aytadi. Kalaf barcha topishmoqlarga toʻgʻri javob bergach Turandot aynib qoladi va otasiga yangi topishmoqlar oʻylab topish uchun kam fursat boʻlganligi aytadi hamda Kalafga erga tegishdan bosh tortadi. Shunda Kalaf unga bir savol beradi, agar savolning javobini topsa, u oʻz yurtiga joʻnab ketadi, agar topolmasa, Turandot unga erga tegishga majbur boʻladi. Turandot shartga rozi boʻladi, bu orada kanizak Adelma imkoniyatdan foydalanish uchun umid paydo boʻlganidan xursand boʻladi. Kalaf Baraxga voqeani aytib beradi va uni sotmasligni utinib soʻraydi, keyin Kalafni saroyga qamab qoʻyishadi. Hammasidan xabardor Adelma ishga tushadi va Barax Kalafning doʻsti ekanligi bilan bir qatorda Turandotning ikkinchi kanizagi Zelimaning otasi ekanligi aytib beradi. Barax, uning xotini va shu tobda oʻgʻlini qidirib Chinga kelgan otasi Timur ham Turandot buyrugʻi bilan qamoqqa olinadi. Adelma makkorlikka oʻtadi va birinchi bor Kalaf yoniga Baraxning xotinini, soʻng uning qizi Zelimani javobni bilish uchun yuboradi. Kalaf bunday aldovga tutulmaydi. Endi Adelmaning oʻzi Kalafning oldiga boradi va unga boʻlgan muhabbatiga iqror boʻladi, unga qochishni taklif qiladi, lekin Kalaf koʻnmagach, Turandot ertalab saharda uni oʻldirish toʻgʻrisida buyruq berganligini aytib Kalafni aldaydi. Shunda Kalaf oʻzi haqidagi maʼlumotlarni aytib qoʻyganligini bilmay qoladi. Ertalab Kalafni saroyga eltishgach u kechagi voqealar makkorlik boʻlganligini payqab qoladi va pushaymon boʻladi. Saroyga Turandot motam kiyimida kirib keladi va savolga javob topolmaganini eʼlon qiladi. Kalaf ich-ichidan xursand boʻlgan bir vaqtda Turandot uni oʻz ismi bilan chaqiradi va gʻalaba qozonganini aytadi. Shundan soʻng Kalaf oʻzini oʻldirmoqchi boʻladi, lekin Turandot uni toʻxtatib, uni sevib qolganligini aytadi. Adelma esa Turandotga yillar davomida saqlab kelgan barcha nafratlarini toʻkib sochadi. Imperator Altoum unga sobiq mulklarini qaytarib beradi va uni oʻsha yerlarning malikasi etib eʼlon qiladi, Kalafga esa Xorazmshoh oʻlgani va uning yurtidagilar sobiq shahzodasini kutayotganliklarini aytadi. Yurtda katta toʻy boshlanadi. Shu tariqa ertak oʻz nihoyasiga yetadi.[manba kerak]

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil