Govmijja
Govmijja, govmichcha — qovoq chetidagi yogʻ bezlari (tashqi G.) va kiprik tuk piyozchasi (ichki G.)ning oʻtkir yiringli yalligʻlanishi. Tashqi G.da yiringli shish qovoq chetiga, ichki G.da esa shilliq parda tomonga qaragan boʻladi. Bezchalarga yiring paydo qiluvchi mikroorganizmlar tushishi, shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilmaslik, shuningdek, moddalar almashinuvining buzilishi, avitaminoz, kamqonlik, darmonsizlik, umumiy immunitetning pasayishi, qandli diabet, meʼda-ichak va yuqori nafas yoʻllarining kasalliklari, koʻz refraksiyasining anomaliyalari, yosh oqish yoʻllarining kasalliklari G. ga yoki uning tez-tez qaytalanishiga sabab boʻladi.. Kasallik qovoq chetida ogʻrikli nuqta paydo boʻlishi bilan boshlanadi, soʻngra uning atrofi qizarib shishadi. 2—3 kundan soʻng G. uchi sargʻayib yoriladi va undan yiring chiqadi. G.ga qovoq va shilliq pardaning qizarishi va shishishi qoʻshiladi. Baʼzan bir nechta G. chiqishi, ularning bir-biriga qoʻshilishi yoki qayta-qayta G. chiqishi kuzatiladi. Bunda bosh ogʻrib, harorat koʻtariladi, quloq oldi va jagʻ osti limfa bezlari kattalashadi va ogʻriydi. G. chiqqanda vrachga murojaat etish lozim. Uni siqish yoki sitish yaramaydi, aks holda infeksiya qonga oʻtib koʻz kosasining flegmonasiga va meningit, sepsis kabi ogʻir asoratlarga sabab boʻlishi mumkin. G.ning oldini oldishda ozodalik tartiblariga qatʼiy amal qilish, iflos, chang joylarda ishlaganda himoya oynaklaridan foydalanish, organizmni toliqtiradigan kasalliklarni oʻz vaqtida aniqlab davolatish lozim. Davolash uchun koʻzga antibiotik va sulfanilamid preparatlarining eritmalari tomiziladi yoki mazlari qoʻyiladi. Yiring ketgandan soʻng quruq issiq va UVCH buyuriladi.
Adabiyotlar
tahrir- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |