Granata
Granata (ital. – granata) – jangovar qurollarning bir turi; portlovchi (zaryadli) snaryadlarning umumiy nomi. Birinchi marta XVI asrda qoʻl bilan irgʻitiladigan, XVII asrda artilleriya granatalari paydo boʻldi. Dastlabki granatalarda zaryad sifatida yorituvchi yoki yondiruvchi moddalar, keyinchalik porox ishlatilgan, hozirgi granatalarda asosan trotil deb ataladigan portlovchi modda ishlatiladi. Granataning korpusi poʻlat yoki poʻlatsimon choʻyandan yasaladi. Portlash taʼsiriga koʻra granatalar parchalanuvchi (dushman jonli kuchlari va texnikasiga shikast yetkazish uchun qoʻllanadi), parchalanuvchi-fugas va fugas granata (mudofaa istehkomlarini portlovchi zaryad gazi kuchi bilan vayron qilish hamda jonli kuchlarga shikast yetkazish uchun qoʻllanadi), parchalanuvchi-yondiruvchi xillarga (kichik kalibrli zenit artilleriyasida qoʻllanadi) boʻlinadi. Qoʻl bilan irgʻitiladigan granatalar parchalanuvchi va tankka qarshi qoʻllanadigan; mexanizmining tuzilishiga koʻra, zarb taʼsirida tez portlaydigan va maʼlum vaqtdan keyin portlaydigan granatalarga boʻlinadi. Maʼlum vaqtdan keyin portlaydigan granatalar pana joylarda hujumga oʻtilganda va b. hollarda qoʻllanadi, zarb taʼsirida tez portlaydigan granatalar esa tankka qarshi, pulemyot va b. xil oʻt ochish nuqtalarini vayron qilishda ishlatiladi. Mashq granatalaridan harbiy qism (boʻlinma)larda askarlarni va sport maydonlarida sportchilarni granata irgʻitishga oʻrgatishda foydalaniladi.
Adabiyotlar
tahrir- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |