Gravyura (frans. gravure, graver — oʻyish) — biror qattiq: metall, yogʻoch va b. yuzasiga oʻyib tasvir ishlash sanʼati, grafika turi. Shu usulda ishlangan asar va undan bosma usulida koʻchirilgan nusxa ham G. deb ataladi. Zamin tasvirdan maxsus asboblar yoki kimyoviy vositalar yordamida oʻyib (2—5 mm) chuqurlashtiriladi’, shu tarzda boʻrtma tasvir hosil qilinadi, bu usul koʻproq yogʻoch (ksilografiya) va linoleum (linogravyura)tn foydalanilganda qoʻllanadi; tasvir zamindan chuqurlashtirilib oʻyma tasvir hosil qilinadi, bu usul asosan metall (mis, jez, rux va b.) plastinalardan foydalanilganda (G.ning birbiridan farq qiluvchi akvatinta, messotinto, ofort, quruq igna va b. turlarida) qoʻllanadi. G. bir xil boʻyokda, shuningdek, turli rangdagi boʻyoqlarda boʻyalishi, undan koʻplab nusxa koʻchirilishi, ifoda imkoniyatlarining kengligi bilan ahamiyatlidir. Mustaqil ahamiyatga ega boʻlgan dastgoh G.si (estamp) va kitob, gazeta, jurnallarda bezak (illyustratsiya) vazifasini oʻtaydigan kitob G.si keng rivojlangan. G.ning vujudga kelishi va rivoji hunarmandlikning taraqqiyoti bilan bogʻliq: yogʻoch G. matolarni boʻyash, gul bosishda, metall G. esa zargarlikda qadimdan keng qoʻllangan. Dastlab Xitoyda qogʻozga G. koʻchirish (6—7-asrlar) paydo boʻlgan, Yevropada 14—15-asrlarda rivojlangan (qoʻlda boʻyalgan diniy mazmundagi G.lar monastirlarda sotilgan). Rossiyada 16-asrdan maʼlum boʻlgan. Rembrandt, F. Goyya, I. Ye. Repin va b. mashhur sanʼatkorlar G.ning ajoyib namunalarini yaratgan.

Oʻzbekistonda V. Kaydalov, K. Basharov, A. Siglinsev, N. Xolikrv va boshqalar G.da asarlar yaratgan.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil