Gresiya inqilobi (1821-29) (Gresiyaning mustaqillik urushi) — xalq inqilobi; Gresiya usmonlilar istibdodidan xalos boʻlib mustaqillikka erishgan. Asosan „Filiki Eteriya“ („Ahil jamiyat“) umummilliy yashirin tashkiloti aʼzolari tomonidan puxta tayyorlangan. 1821-yil mart (25-mart Gresiya mustaqilligi kuni)dagi qoʻzgʻolon bilan boshlangan. 1822-yil 12yanv. da Milliy majlis Gresiyaning mustaqilligini eʼlon qildi va birinchi grek konstitutsiyasi — Epidavr organik statusini qabul qildi (1822). 1822-yil yozida Moreya (Peloponnes yarim orol) ga bostirib kirgan 30 ming kishili turk armiyasi tor-mor qilingan. Turli tabaqa vakillaridan tashkil topgan inqilobiy kuchlar orasida ziddiyatning kuchayishi fuqarolar urushini keltirib chiqargan (1823-24 va 1824-25). 1827-yil Milliy majlis I. Kapodistriyani Gresiya prezidenti qilib saylagan. 1827-yil oktabrdagi Navarin jangida Usmonli turk imperiyasi floti yakson qilingan. Adrianopol sulh shartnomasi (1829)ga koʻra Turkiya Gresiya muxtoriyatini tan olgan (1830-yildan Gresiya mustaqil davlat). G.i.da xorijiy koʻngillilar ham qatnashgan.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil