Gulqogʻoz
Gulqogʻoz, oboy – xonalarning ichini pardozlashda ishlatiladigan oʻrama (rulon) material. Eshik tabaqalari va mebellarga ham ishlatilishi mumkin. Gulqogʻozning oddiy (gulli, gulsiz, bir tusli va rang-barang) va namga chidamli, tovush yutadigan xillari; bosma (A, A), naqshli bosma (B, B), burmali bosma (V, V), takrorlangan (G, G) xillari bor. Gulqogʻoz eni 500, 560 va 600 mm, uz. 6; 10,5; 12; 18 m li oʻramlar tarzida ishlab chiqariladi. Namga chidamli gulqogʻozning suvga chidamli polimerlar qoʻshilgan boʻyoqlarda tayyorlanadigan va old tomonida (oʻngida) polimer emulsiya va loklar bilan hosil qilingan himoya pardali bosma xillari bor. Bular iliq sovunli suv bilan bir necha marta yuvishga va artishga chidaydi. Tovush yutadigan gulqogʻoz old tomoni har xil tolali materiallar (toʻqimachilik sanoati chiqindisi)dan yasalgan tuk qoplamali qogʻoz asosida tayyorlanadi. Bunday gulqogʻozning sirti chang soʻrgʻich bilan tozalanadi. Gulqogʻozlarga ishlatiladigan boʻyoqlar yorugʻlik taʼsiriga ancha chidamli boʻlishi kerak. Namga chidamli gulqogʻozning teskari tomoni yelim katlamli yoki yelimsiz boʻladi. Yelimlisi devor yoki shipga mustahkam yopishadi. Bulardan tashqari xili va guliga qarab moslashtirib xonaning yuqorigi cheti boʻylab yopishtiriladigan qogʻoz koshinlar – bordyur va frizlar; toʻldirgich bilan sintetik smola asosida tayyorlangan plastik massadan iborat, qogʻoz asosga tushirilgan boʻrtma gulli material – linkrust; teskari tomoni maxsus qogʻoz bilan himoyalangan yelimli yoki yelimsiz pardozbop bezak plyonka – polivinil-xloridli va boshqa xillari ham ishlatiladi. Hozirgi vaqtda gulqogʻozlar koʻpincha polimer materiallar asosida tayyorlanadi. Gulqogʻozni yopishtirish uchun sirach yoki sintetik yelimlar va mastikalardan foydalaniladi. Qadimda Yaponiya, Xitoy mamlakatlarida, 18-asrgacha Yevropada xonalar devorlari, shiplari mato qoplab pardozlangan. Qogʻoz ishlab chiqarish rivojlangandan soʻng mato oʻrniga gulqogʻoz ishlatilgan. Gulqogʻoz ishlab chiqaruvchi sanoat dastlab 18-asrda Angliyada paydo boʻlgan (u paytda gullar dastaki usulda bosilgan). Mashinada gul bosish 19-asr 20-yillarida boshlangan. Oʻzbekistonda polimer materiallar asosida gulqogʻoz Toshkent shahridagi oʻrta va kichik biznes korxonalarida ishlab chiqariladi.
Adabiyotlar
tahrir- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
- Bozorboyev N., Uy-joy quruvchilar uchun 1001 maslahat, T., 1990.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |