Hamoʻil — tumorlar, munchoqlar. Sinonimlari xurz (ko‘pligi axroz), hamayya, hafiz, uza, maʼaza, nusxa, tilsam yoxud tilasm (yunonchadan) va boshqalar. Ilohiyotchilar doim Hamoʻildan foydalanishni qoralaganlar, lekin xalq orasida u keng tarqalgan; Hamoʻilni odatda darvish va duoxonlar tayyorlashgan. Hamoʻil varaqacha yoki yozuvi, belgilari va suratlari bor bir necha varaqdan iborat bo‘lgan; Hamoʻil sifatida tasodifan topib olingan (chig‘anoqlar, toshlar, suyaklar) yoki maxsus yasalgan, baʼzan qimmatbaho kichik narsalardan ham foydalanganlar; predmetlarning ko‘pincha yozuvlari va tasvirlari bo‘lgan. Hamoʻilni medalon, quticha, hamyonchaga solib olishgan yoxud teri, mato va boshqalardan tikilgan xaltachaga tikib olishgan va boshqalar; ularning hajmi va shakli turlicha bo‘lgan. Tumor va munchoqlarga Allohning ismlari (99 ta go‘zal ism), farishtalarning ismlari (Mikoil, Jabroil, Azroil, Isrofil; juft va g‘aroyib eshitiladigan: Qaytar-Maytar, Tolix-Ilix, Kintosh-Yaqintosh, XorutMorut), „etti uxlovchi“ va Qur’ondan oyatlar (ayniqsa 1 sura; 2:255/256; 9:129/130; 113 sura; 36-suradan parchalar), astrologik ramzlar (zodiak belgilari), sirli yozuvlar (xalqachalar, gajaklar, naqshlar, kichik „oy“ va „toj“ tasviri bilan birgalikdagi yahudiy va boshqalar alifboning buzilgan harflari)ni yozishgan. Oʻrta asrlarda arab tilida tumorlar va munchoqlarning sehrli xususiyati, ularni yomon ko‘zdan asrashi, ilon, chayon chaqishidan, tabiiy ofatdan asrashi va boshqalar haqida ko‘p asarlar yozilgan. Tumor va munchoqlarning kashf etilishi va tayyorlash usulini Odamato, Sulaymon podshoh, Balinas al-Hakim, Jirmis al-Musallis nomlari bilan bog‘laydilar (yana q. Sehr).

Adabiyotlar

tahrir
  • Husniddinov, Zuhriddin. Islom Ensiklopediyasi. Toshkent: „O'zbekiston milliy entsiklopediyasi“ Davlat ilmiy nashriyoti, 2004.