Haramsaroy masjidi — Qarshi masjidi. Masjid oʻrdaga yaqin Haramsaroy guzarida joylashgan. Qarshining qadimiy masjidlaridan edi[1]. Vaqfli boʻlgan va unga oid ikkita hujjat saqlanib qolgan. Ushbu hujjatlar Amir Haydar davriga tegishlidir. Birinchi hujjatdagi maʼlumotga koʻra: „Hijriy 1220-yili zulhijja oyida Abdullaboy Usta Sharif oʻgʻli Qoʻrgʻoncha mavzesida bir yarim tanob xurri xolis ekin yerini Haramsaroy guzaridagi masjid uchun xolis Olloh, yoʻlida shar’iy tarzda vaqf qiladi“ Hujjatda taʼkidlanishicha, masjid binosi shahar devori ichida loy va yogʻochdan qurilgan ekan. Mashhurligi sababli oʻrni aniq, koʻrsatilmagan. Mutavalli voqifning oʻzi boʻlgan. Undan soʻng avlodlari orasidan eng solih, tadvodor va ilmlisi, agar bu avloddan hech kim qolmasa qiz avlodlari, ulardan ham hech kim qolmasa bu vazifani viloyat qozisi bajaradi. U istasa, boshqa biror kimsani shu ishga tayinlashi mumkin. Mutavalli ushr haq, oladi. Qolgani masjid imorati ehtiyojiga ishlatiladi. Ortgani 6 qismga boʻlinib, imom undan 2 hissa oladi va imomlik qilish bilan birga har hafta payshanba kuni Qur’onning toʻrtdan birini tilovat qilib, savobini voqifga bagʻishlaydi. Shuningdek, masjidni yoritish va toʻshamchilar uchun 1, muazzinga 1 hissa ulush beriladi. Oxirgi 2 hissa masjid tahoratxonasiga ajratiladi. Ikkinchi hujjatda: „Hijriy 1221 yili safar oyida Hayit Muhammad valadi Ashur Muhammad valadi mulla Tursunboqi Bibi Oylarxon Ashur Muhammad qizi tomonidan vakil boʻlib, mazkur mulla Ashur Muhammad ibn mulla Tursunboqidan meros boʻlib qolgan Qoʻrgʻoncha mavzesidagi uch chorak ekin yerini shahar ichkarisida joylashgan Haramsaroy masjidi uchun shar’iy tarzda vaqf qilish istagi borligini bildiradi“. Ushbu vaqf mulkiga Bibi Oylarxon Ashur Muhammad qizining avlodlari mutavalli boʻladi. Ulardan hech kim qolmasa, ushbu masjid qavmidan munosibi tayinlanadi. 1924-yildagi hujjatlardan birida Haram masjidi nomi qayd etilgan. Masjid sovet davrida vayron qilingan[2].


Manbalar

tahrir
  1. Jumanazar A. K. Nasaf. Toshkent: Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi nashriyoti, 2007 — 204-bet. 
  2. Ravshanov P. Qarshi tarixi. Toshkent: Yangi asr avlodi nashriyoti, 2006 — 639-bet.