Havorang marmarak
Havorang marmarak (lotincha: Salvia lilacinocaerulea) — yalpizdoshlar oilasi, mavrak turkumiga mansub koʻp yillik oʻt oʻsimlik. Birinchi marta rus botanigi Sergey Arsenevich Nevskiy tomonidan tasvirlangan. Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kamyob, endemik tur sifatida kiritilgan. Surxondaryo viloyati Ko‘hitang tizmasi, Boysuntogʻ va Susiztogʻ hududida tarqalgan[1].
Havorang marmarak | |
---|---|
Ilmiy tasniflash | |
Olam: | Eukariotlar |
Tip: | Gulli oʻsimliklar |
Sinf: | Ikki urugʻpallalilar |
Turkum: | Mavrak |
Oila: | Yalpizdoshlar |
Binar nomi | |
Salvia lilacinocaerulea |
Tavsifi
tahrirBalandligi 30-60 sm gacha yetadigan koʻp yillik oʻt oʻsimlik. Oʻq ildiz tizimiga ega. Poyasi 1-3 ta, burchakli, tik oʻsadi, tashqi yuzasi bezli tuklar bilan qoplangan. Barglari oddiy, lirasimon, chetlari patsimon qirqilgan, ostki va ustki tomonlardan oqish tusdagi tuklar bilan qoplangan. Gullari zigomorf, bir ikki donadan uzunligi 1 sm boʻlgan gulbandlarda joylashgan. Gulkosachabarglari keng qoʻngʻiroqsimon, qavarib chiqqan, uzunligi 15-20 mm bezli tukchalar bilan qoplangan. Bezchali tuklar oʻziga xos hid ishlab chiqaradi. Gultojibarglari tirnoqsimon, odatda och pushti tusda, uzunligi 35-45 mm, chetlari qoramtir rangda. Hasharotlar yordamida changlanadi. Mevasi yassi, ellipssimon, quruq yongʻoq meva, uzunligi 5 mm. Urug‘i orqali koʻpayadi.
Tarqalishi va oʻsish sharoiti
tahrirTabiatda kam uchraydigan, endemik tur, uch ming dona tupi borligi aniqlangan. Surxondaryo viloyati Ko‘hitang tizmasi, Boysuntogʻ va Susiztogʻ hududlarida tarqalgan. Togʻlarning oʻrta qismida joylashgan qoyalarning soyasida oʻsadi. Yem xashak sifatida yigʻilishi va chorva mollarining koʻplab boqilishi natijasida soni kamayib ketgan. Surxon davlat qo‘riqxonasi hududida muhofaza ostiga olingan[2].
Manbalar
tahrir- ↑ „Шалфей лиловоголубой-Salvia lilacinocaerulea- Описание таксона - Плантариум“. 2015-yil 12-mayda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2015-yil 28-aprel.
- ↑ O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobi I jild, 2019.