Haydar Sabuhiy
Haydar Sabuhiy (15-asr - Hirot -1498) — shoir. Alisher Navoiyning jiyani, togʻasi Mir Said Kobuliyning oʻgʻli. Toju taxt uchun kurashda Husayn Boyqaro tomonida turib urushgani sababli Abusaid Mirzo otasini tutib qatl etgach, uning tarbiyasi bilan Navoiy shugʻullangan. "Sabuhiy" (ta-savvufiy maʼnoda poklik, haqiqat nuri) taxallusi bilan sheʼrlar yozgan. Navoiy koʻpincha uni yonida olib yurgan. Astrobodda ham u Navoiyning xos mulozimlaridan boʻlgan. Navoiy uni baʼzi rasmiy topshiriqlar bilan Hirotga yuborganida, bir davrada Navoiyga suiqasd qilingani, oshpaz unga zahar qoʻshilgan taom bermoqchi boʻlgani, bundan xabar topgan shoir gʻazabga minib, Husayn Bayqaroga qarshi isyon koʻtarmoqchi ekanligini aytadi. Bu gap Hirotda ovoza boʻlib ketadi. Husayn Boyqaro darhol Navoiyga maktub yoʻllab, bu ishdan mutlaqo xabari yoʻqligini maʼlum qiladi. Shu voqeadan keyin Husayn Boyqaro Navoiyning Hirotga qaytishiga ruxsat beradi. Navoiy oʻz javobida bu gapni rad etadi va jiyanining xatosini kechirishini iltimos qiladi. Husayn Boyqaro garchi kechirganligini aytib, doʻstini xotirjam qilsada, oʻz xonadoni shaʼniga qilingan bu tuhmatni unutmaydi. Haydar Sabuhiy barcha xizmatlardan chetlatiladi. U Badaxshonga ketib, bir necha yil oʻsha yerda xizmat qiladi. 1498-yilda Badaxshondan Hirotga elchi boʻlib kelganida, Husayn Boyqaro uni tutib, qatl ettiradi.
Haydar Sabuhiy sheʼrlarining taqdiri maʼlum emas. "Majolis un-nafois"da Navoiy uning bir baytini misol tariqasida keltirgan: May ast laʼli tu yo shahdi nob: az in du kadom ast? Xay ast bar ruxi tu yo gulob: az in du kadom ast? Mazmuni: Laʼli labing maymi, yo toza asalmi — bu ikkisidan qaysi biri? Yuzingdagi termu yo gulobmi: bu ikkisidan qaysi biri?
Adabiyotlar
tahrir- Alisher Navoiy, Majolis unnafois [MAT, 13-asr], T, 1997; Oʻzbek adabiyoti tarixi, 2-j., T, 1977.
Bu maqola birorta turkumga qoʻshilmagan. Iltimos, maqolaga aloqador turkumlar qoʻshib yordam qiling. (Aprel 2024) |