Headbang yoki headbanging (hedbang, hedbanging deb talaffuz qilinadi; ingl. head — bosh, kalla, bang — tebratish, urish) heavy metal musiqasi ostida tushiladigan bir raqs turi boʻlib, unda boshni musiqa ritmiga monand tebratiladi. Headbang qilayotgan odamga headbanger, deyiladi. Headbangerning sochi uzun boʻlsa, raqs ayniqsa effektli koʻrinadi. Headbangʻdan soʻng alkogol taʼsiriga oʻxshagan sarhush kayfiyat paydo boʻlishi kuzatiladi. Bu ham headbang qilishning sabablaridan biridir.

Headbang, Johannesburgdagi klublardan biri, Janubiy Afrika Respublikasi

Tarix tahrir

Bosh silkitib raqsga tushish ibtidoiy zamonlardan beri maʼlum, u ritual bazmlar paytida odamlar trans holatida tushayotgan raqslarining bir qismini tashkil qilgan. Lekin rok musiqaga «headbang» raqsi va atamasi 1968-yili Led Zeppelinning Bostondagi konserti paytida kirib kelgan, deb hisoblanadi. Oʻsha konsertda birinchi qatorlarda turgan tinglovchilar boshlarini musiqaga monand ravishda silkitishni boshlashgan.

Usullar tahrir

Headbangning koʻpgina usullari bor, jumladan:

  • Up-and-down: eng keng tarqalgan usul, bunda headbanger boshini pastga va tepaga silkitadi.
  • Windmill yoki Helicopter: boshni parraklar kabi aylantiriladi. Cannibal Corpse, Cradle of Filth va Slipknot musiqachilari tomonidan koʻp ishlatiladi.
  • Drunk style: boshni mast-alast kimsadek betartib silkitish.
  • Half-circle: boshni yarim aylana boʻyicha u yoqdan bu yoqqa silkitish. Slayer musiqachilari tomonidan qoʻllaniladi.
  • Side-to-side yoki No-no bang: boshni chap-oʻng tomonlarga tebratish (xuddi «yoʻq» deyotgandek). Static-X, Children of Bodom, Slipknot, System of a Down, Metallica va HIM musiqachilari ishlatishadi.
  • Whiplash: up-and-down usulining tezlashgan koʻrinishi. Metallica va Rammstein musiqachilari baʼzida qoʻllashadi.

Sog‘liqqa taʼsiri tahrir

Headbang boʻyin va umurtqa ogʻriqlarini keltirib chiqarishi mumkin, lekin bu ogʻriqlar bir-ikki kunda oʻtib ketadi. Biroq, agar headbangdan avval kerakli tayyorgarlik koʻrilmasa, boʻyin mashqlari qilinmasa, tomir tortishib qolishi mumkin. Uning miyaga zarari bor ekanligi ham daʼvo qilingan, ammo bu isbotlanmagan. Lekin har ehtimolga qarshi headbangli konsertlarga haftasiga bir marotabadan koʻp bormaslik tavsiya etiladi.

Shuningdek tahrir