Heart of Darkness
Heart of Darkness (tarjimasi „Zulmat qalbi“) — polyak-ingliz yozuvchisi Joseph Conrad tomonidan yozilgan novella (roman) boʻlib, unda asarning bosh qahramoni Charles „Charlie“ Marlowning Afrika markazidagi Belgiya mustamlakasi boʻylab sayohati tasvirlangan.[1] Kongoda fil suyagi savdosi bilan shugʻullanuvchi Kurtz obrazi asarda markaziy ahamiyatga ega boʻlib, asarda Marlow uni „zulmat yuragi“ deb ham ataydi va aynan mazkur ibora bilan asar nomlangan, deyish mumkin. Asarda Marlow Londonni („Kurrai-zamindagi eng buyuk shahar“) Afrika („Zulmat zamini“) bilan taqqoslaydi.[2]
Asl nomi | The Heart of Darkness |
---|---|
Muallif(lar) | Joseph Conrad |
Mamlakat | Buyuk Britaniya |
Til | inglizcha |
Janr(lar)i | Novella |
Nashr etilgan sanasi | 1899-yil gazeta hikoyasi; 1901-yil kitob |
Nashriyot | the Blackwood's Magazine (dastlabki) |
Avvalgisi | "Nartsis" borti niggeri |
Keyingisi | Lord Jim |
Mazkur asardagi markaziy gʻoyalardan biri bu „madaniylashgan“ va madaniyatlashmagan, „yovvoyi“ insonlar orasidagi farqlar biz oʻylagandan koʻra kamroq, degan fikrdir. Zulmat yuragi ochiqchasiga imperializm va irqchilikni qoralaydi.[3]
Novella dastlab (1899-yilda) kitob holida emas, balki uch qismdan iborat hikoya shaklida Blackwood’s Magazine nashrida, mazkur nashrning minginchi nashrini nishonlash ramzi sifatida nashr etilgan.[4] Asar koʻp marta qayta nashr etilgan, koʻplab tillarga tarjima qilingan va Amerikalik kinoprodyuser Frensis Ford Koppolaning 1979-yilgi „Qiyomat bugun“ („Apocalypse Now“) filmiga ilhom manbasi sifatida xizmat qilgan. 1998-yilda Amerika nashriyoti — „The Modern Library“ „Heart of Darkness“ novellasini oʻzining XX asrning 100 ta eng yaxshi ingliz tilidagi romanlari roʻyxatidan 67-oʻringa qoʻygan.[5]
Asar qahramonlari
tahrirCharles „Charli“ Marlow | Asarning bosh qahramoni, matros, xolasining yordami bilan bolalikdagi orzusi boʻlmish Kongo daryosi boʻylab xizmat koʻrsatuvchi savdo kompaniyasida paroxod kapitani sifatida Afrikaga otlanadi. Yoʻlda koʻrgan kechirganlari, ayniqsa, Afrikadagi holat, qullarning ezilishi va imperialist amaldorlarning yovvoyiligi uning butun orzularini chippakka chiqaradi. sayohat davomida uni koʻrgan-kechirganlari ortga qaytishga undasa, qandaydir nomaʼlum kuch uni oldinga, oʻzini qoʻrqituvchi narsaga tomon, „zulmat yuragi“ tomon bostirib borishga undaydi. Hikoya qilib beruvchi obraz uni yevropacha kiyingan Buddaga qiyoslaydi. |
Kurtz | Asarning bosh qahramonlaridan biri. Savdo kompaniyasining Kongo mustamlakasi ichidagi shaxobchalaridan birining Menejeri. Muallif uni mukammal notiq va irodali shaxs sifatida tasvirlaydi. Bu xususiyatlari, shuningdek, doimo qurol kuchini ishlatishi bilan u mahalliy aholi orasida iloh darajasiga koʻtarilgan. Mahalliy aholi uni tavof qiladi. Marlow ham uning notiqlik qobiliyati va soʻz qudrati oldida lol qoladi. Oʻtaketgan razil, imperialistik qilmishlarni ham oliyjanoblik bilan tasvirlash qobiliyatiga ega. |
Kompaniya bosh buxgalteri | Marlow uni dastlab kompaniya shaxobchasiga kelganda koʻradi. Shaxobchadagi barcha xoʻjalik ishlari nihoyatda betartib boʻlsada, buxgalter oʻzining tashqi koʻrinishiga mukammallik bilan oro beradi. Marlow uni sartaroshxona manikeniga oʻxshatadi. |
Menejer | Marlow oʻrnashgan kompaniya shaxobchasi boshligʻi. Oʻtaketgan irodali va chidamli shaxs. Muallif uning amakisining tilidan, Menejerning Afrikada qolishiga, uning hokimiyati daxlsizligiga yagona sabab sifatida uning mahalliy iqlim sharoitlariga chidamliligini keltiradi. |
Marlowning xolasi | Asar boshida tilga olinadi. Marlow ekspeditsiyaga otlanishida unga katta yordam beradi. Marlow uni, umuman ayollarni erkaklar yashaydigan olamdan mutlaqo oʻzgacha olamda yashaydi, „erkaklar har kuni chidam kelayotgan birgina dalil ularning butun ichki dunyolarini ostin-ustini qilib yuborishi mumkin“, deydi. |
Birinchi darajali agent (Yosh Aristokrat) | Marlow u bilan kompaniya shaxobchasida oʻz paroxodini sozlash uchun qirgʻoq boʻyi stansiyasidan zarur uskunalar kutib turganda uchrashadi. Kamgap va foydakash yigit. Muallif bu bilan Yevropadan keluvchi koʻpgina kolonizatorlarni tasvirlashga harakat qiladi. |
Bosh buxgalterning amakisi | Marlow kompaniya shaxobchasida paroxod bortida uxlab yotganda Amaki va Menejerning Kurtz haqida soʻzlashayotganligini eshitib qoladi. Menejerning Yevropadagi ishlarini tartibga soluvchi shaxs. |
Doktor | Marlow dastlab kompaniyaning Belgiyadagi shtab-kvartirasiga borganda uni tibbiy koʻrikdan oʻtkazgan shaxs. Uning Marlowga „Oilangizda ruhiy xastalikka chalinganlar bormi?“, degan savoli Marlowni jigʻiga tegadi. Doktor kompaniyaning Afrikaga yoʻl olgan xodimlarining boshida kechayotgan oʻzgarishlariga qiziqadi. |
Fresleven | Marlow boshqarishi kerak boʻlgan paroxodning oldingi kapitani, Daniyalik. Marlowga aytishlaricha juda muloyim va yumshoqtabiat inson boʻlgan, lekin bitta tovuq ustida qabila sardori bilan boʻlgan janjalda qabila sardorini barcha qabila aʼzolari koʻz oʻngida kaltaklaydi. Shunda sardorning oʻgʻli uni kuraklari orasidan nayza suqib oʻldiradi. Marlow Afrikaga borganda uning suyaklari orasidan oʻsib chiqqan maysa uning tanasini butkul toʻsib qoʻyar darajada oʻsib chiqqan. Afrikaga borgan Yevropaliklarda boʻladigan oʻzgarishlarga ishora. |
Odamxoʻr matroslar | Kompaniya oʻziga ishchi sifatida olgan yovvoyilar (Afrikalik emas). Marlowning tasvirlashicha, garchi odamxoʻr boʻlishsada, ularda ham insoniylik alomatlari bor. Daryo boʻylab safarda ozuqa yetishmovchiligi paytida, Marlow nega ular meni yoki boshqa yoʻlovchilarni oʻldirib yeyishmadi, deb oʻylab qoladi. Kompaniyaning ularga nisbatan munosabati bilan ularning Marlowga nisbatan munosabati solishtiriladi. |
Rulevoy (mahalliy aholi vakili) | Paroxodni boshqarishga oʻrgatilgan mahalliy aholi vakili. Dastlab uni boshqarishga oʻrgatishda qiyinchiliklarga duch kelsa ham, keyinchalik Marlow unga oʻrganib qoladi. |
Rus (Arxiyepiskopning oʻgʻli) | Kurtzning doʻsti va hamrohi. Rossiyalik. Yoshlik va begʻuborlik timsoli. Afrikaga shunchaki sayohat maqsadida kelib qolgan. Faqat bugungi kun bilan yashaydi. Marlow uni Harlekinga oʻxshatadi. |
Qiz | Kurtzning sevgan qizi. Marlow unga roman oxirida Kurtzning taqdiri haqida soʻzlab beradi.[6] |
Manbalar
tahrir- ↑ arxiv nusxasi, 2017-04-09da asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 2020-12-16
- ↑ Chinua Achebe „An Image of Africa: Racism in Conrad’s Heart of Darkness“ in The Norton Anthology of English Literature, vol. 2 (7th edition) (2000), p. 2036.
- ↑ The Norton Anthology, 7th edition, (2000), p. 1957.
- ↑ National Library of Scotland: Blackwoods magazine exhibition.
- ↑ http://www.randomhouse.com/modernlibrary/100bestnovels.html
- ↑ Сердце тьмы / Пер. с англ. А. Кривцовой. - М.: Эксмо, 2018. - 192 с.