Henry Wadsworth Longfellow (1807.17.2, Portlend, Men shtati — 1882.24.3, Kembrij, Massachusets shtati) — amerikalik shoir, tarjimon. Advokat oilasida tugʻilgan. 1836—54 yillarda Garvard universitetining Yevropa adabiyotlari va tillari boʻyicha professor "Qullik haqida qoʻshiqlar" (1842) qoratanlilarni qulliqdan ozod qilish harakati taʼsiri ostida yaratilgan. "Koʻchmanchi qushlar" toʻplamida (1858) erksizlikni qoralab, ozodlikni madh etgan. Milliy boʻyoklarga boy "Evanjelina" (1847), "Maylz Stendishning unashtirilishi" (1858) kabi epik dostonlar muallifi. L. ijodida indeyslarning mashhur afsonalari asosida yozilgan "Gayavati haqida qoʻshiq" dostoni (1855) mashhur (bu qahramonlik eposi oʻzbek tiliga ham tarjima qilingan). 1863-yilda J. Bokkachcho va J. Choser uslublarida "Yoʻl boʻyidagi mehmonxona hikoyalari" toʻplamini yaratgan. L. Yevropa adabiyotlarining tarjimoni sifatida ham tanilgan. 1846-yilda "Yevropa shoirlari va sheʼriyati" toʻplamini nashr ettirdi. Bu toʻplamga amerikalik shoirlar, jumladan, L.ning oʻzi ham tarjima qilgan 400 dan ortiq asar kiritilgan. 1876— 79 yillarda 31 jilddan iborat "Turli oʻlkalarning sheʼrlari"ni nashr qildirdi. Ushbu toʻplamning 20-jildi chor Rossiyasi xalqlari adabiyotlariga bagʻishlangan.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil