Homeira Qaderi (1980-yilda tugʻilgan) afgʻon yozuvchisi, ayollar huquqlari himoyachisi va fors adabiyoti boʻyicha professor.

Homeira Qaderi
Tugʻilgan 1980-yil Kobul, Afgʻoniston
Millati afgʻon
Janr Akademik, adabiy tanqidchi va yozuvchi

Taʼlimi

tahrir

Homeira Qadari Afgʻonistonning Kobul shahrida tugʻilgan. Onasi Rossiya istilosi davrida rassom boʻlgan. Otasi oʻrta maktab oʻqituvchisi edi. Qadarining bolaligi sovet armiyasining tazyiqlariga, fuqarolar urushi davriga toʻgʻri keldi. Tolibon mamlakat ustidan nazorat oʻrnatgandan keyin esa qizlarning maktabga borishi taʼqiqlangan. Qaderi oʻshanda atigi 13 yoshda boʻlgan. Yosh boʻlishiga qaramay, u oʻz mahallasi qizlari, keyinroq esa yaqin atrofdagi qochqinlar lageridagi bolalar uchun yashirincha boshlangʻich savodxonlik darslarini tashkil qilgan. Ularga toʻrt yil davomida dars bergan. Oʻsmirlik chogʻidayoq u oʻz hayotini tasvirlaydigan qisqa hikoyasini nashr ettirdi. Bu tolibonlarning qattiq tanbehiga uchragan.

2001-yilda Homeira Eronga borib taʼlim olishni boshladi. 2005-yilda Tehrondagi Shaheed Beheshti universitetida fors adabiyoti yoʻnalishida tahsil oldi. 2007-yilda Tehrondagi Allame Tabatabai universitetida adabiyot yoʻnalisida magistrlik darajasini oldi. 2008-yilda, Eron qoʻzgʻolonlari boʻlib oʻtgan yilda, Qaderi Tehron universitetida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. U Eron hukumatining davlatdagi siyosatga qarshi mitinglarida ishtirok etdi. Miting mamlakatda buzilayotgan inson huquqlari sabab yuzaga kelgan edi. Lekin chet el fuqarosi sifatida Qaderiga hukumatga qarshi namoyishlarda qatnashish taʼqiqlangan edi. Aynan shu sabab Homeira Qaderining doktoranturada oʻqish imkoniyati bekor qilinib, Erondan chiqarib yuborildi[1].

Ammo u oʻz maqsadi yoʻlida toʻxtamadi. 2014-yilda Hindistonning Nyu-Dehli shahridagi Javoharlal Neru universitetida fors adabiyoti boʻyicha ilmiy daraja oldi. Uning doktorlik dissertatsiyasi bosh mavzusi Avgʻonistondagi urush mavzusida yozilgan asarlarning tahliliga bagʻishlangan.

Faoliyati

tahrir

Qaderi Eronda boʻlgan vaqtlarida Erondagi Afgʻoniston sanʼat va madaniyat uyushmasi direktori lavozimida ishlagan, 2008-yilda direktorlikdan ozod etilgan. Afgʻonistonga qaytganidan soʻng, Kobul universitetida dotsent sifatida dars bera boshlagan. Uning adabiy mahorati va fors adabiyoti boʻyicha professional tajribasiga talab boʻlgani sabab Kobuldagi Mash’al universiteti va Gharjistan universitetida ham maʼruza qilgan. Shu bilan birga, u Afgʻonistondagi gender tengligi boʻyicha boʻlgan fuqarolik harakatlarida faol ishtirok etgan.

2011-yilda Afgʻoniston ijtimoiy masalalar boʻyicha vazir maslahatchisi boʻldi. U oʻz saʼy-harakatlarini bevalar va yetimlarning turmush sharoitini yaxshilashga qaratdi va ularning oʻzini oʻzi taʼminlashi uchun oʻquv dasturlarini yoʻlga qoʻydi. 2018-yilda u „Rah-e Madanyat Daily“ gazetasi bosh muharriri lavozimida ham ishlagan. Qaderi 2019-yilda taʼlim vazirining katta maslahatchisi etib tayinlangan va bu lavozimda 2021-yilning bahorigacha faoliyat olib borgan. Qaderi hozirda „Ravi-e Zan“ jurnalining bosh muharriri va „Golden Needle“ adabiy uyushmasining asoschisi boʻlib ishlaydi. U yerda ijodkor qizlarga yozishni oʻrgatishdan tashqari, yosh yozuvchi ayollarni oʻz fikrlarini ifoda etishda qatʼiyatli boʻlishga, oʻz yozganini himoya qila olishga oʻrgatadi.

2021-yilda Kobul qulagandan soʻng, Qaderi Afgʻonistonni tark etib, Qoʻshma Shtatlarga koʻchib oʻtdi va u yerda Harvard universitetining Radkliff ilgʻor tadqiqotlar institutida Robert G. Jeyms nomidagi stipendiya sovrinori boʻldi. Kobul qulaganidan soʻng u Afgʻonistondagi ogʻir vaziyat va xalqaro hamjamiyatning afgʻon qochqinlarini qoʻllab-quvvatlashi zarurligi haqida ochiqchasiga gapirib, ayollar va qizlarning huquqlari borasida oʻz fikrlarini aytdi. Homeira hozirda ham inson huquqlari, gender tengligi va Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatish tarafdori boʻlishda davom etmoqda.

  Qaderi fors va ingliz tillarda ijod qilgan. Koʻplab maqolalar, ocherklar, hikoyalar va romanlar nashr ettirgan. Bundan tashqari, asarlari bir necha tillarga tarjima qilingan. 2003-yilda Afgʻonistonning Hirot shahrida muallifning uchta hikoyasi va „Zair-e Gonbad-e Kabood“ nashr etildi. U oʻsha yili Afgʻonistonda asarlari kitob holda chop etiladigan yagona afgʻon ayol yozuvchi edi. Oʻsha yili Qaderi "Baz Baaran Agar Mibarid " nomli qissasi uchun Eronda Sadegh Hidoyat mukofotiga sazovor boʻldi. Eronda afgʻon fuqarosiga bunday nufuzli mukofot birinchi marta berilgan edi. Uning boshqa nashr etilgan asarlari orasida „Goshvara-e Anis“ (2005) va "Iqlema" (2014), „Naqsh-e Shekar-e Aho“ (2012) kabi romanlari alohida ajralib turadi[2].

Yana qarang

tahrir
  • Afgʻonistonlik yozuvchi ayollar roʻyxati

Manbalar

tahrir
  1. Gibson. „To The Rescue“. Harvard Magazine (2023-yil fevral).
  2. Behnegarsoft.com. „حميرا قادري: ايران در مقايسه با جهان بازار داغي از توليد و جايزه كتاب دارد | ایبنا“ (fa). خبرگزاری کتاب ايران (IBNA) (2010-yil 19-iyun). Qaraldi: 2023-yil 28-may.