Homiladorlik, ogʻir oyoqlikurugʻlangan tuxumhujayraning ona organizmida rivojlanib, yetuk homilaga aylanishidan iborat fiziologik jarayon. Ayol tuxumdonida yetilib chiqqan tuxum hujayraning erkak jinsiy hujayrasi bilan qoʻshilishi (urugʻlanishi)dan boshlanadi va oʻrta hisobda 280 kun, yaʼni 10 qamariy oy davom etadi.

Homiladorlik

Homilador ayol
KXK-10 O00 - O99
KXK-9 V22
MedlinePlus 002398
William Hunter, Anatomia uteri humani gravidi tabulis illustrata, 1774

Urugʻlanish bachadon nayida roʻy beradi. Urugʻlangan tuxum hujayra bachadon nayining chuvalchangsimon qisqarishi tufayli bachadon boʻshligʻiga qarab surilib boradi, shu vaqtda u mayin tuklar (vorsinkalar) bilan qoplanib, koʻp hujayrali embrionga aylanadi, oʻsha tuklar yordamida bachadon shilliq pardasiga payvandlanib oladi. Shu vaqtdan boshlab homila shakllana boshlaydi va ayol organizmidagi baʼzi sistemalar funksiyasi tegishlicha oʻzgarib boradi. Embrionning bachadonga payvandlangan joyida tuklar juda oʻsib ketadi va ulardan platsenta, yaʼni yoʻldoshning tarkibiy qismi — bola oʻrni hosil boʻladi, u kindik orqali homila bilan tutashadi. Kindik qon tomirlari boʻylab platsenta orqali ona organizmidan homilaga oziq moddalar, kislorod kelib turadi va homiladan keladigan almashinuv mahsulotlari chiqib ketadi.

Bachadon naylarining turli kasalliklarida tuxum hujayraning bachadonga qarab surilib kelishiga toʻsqinlik qiladigan oʻzgarishlar oqibatida tuxum hujayra bachadon nayiga payvandlanib qolishi mumkin (qarang Bachadondan tashqari homiladorlik).

Homiladorlik davrida ayol organizmida har xil funksional oʻzgarishlar roʻy berib, homilaning yaxshi rivojlanib borishi uchun qulay sharoitlar yuzaga keladi. Bu davrda markaziy nerv sistemasi funksiyasi bir qadar oʻzgarib, natijada orqa miyaning qoʻzgʻaluvchanligi pasayadi, bu — bachadon muskullarining boʻshashishi va uning tinch holatda boʻlishiga olib keladi.

Homiladorlik paytida hosil boʻladigan sariq tana va platsenta homilaning oy-kuni yetib tugʻilishi uchun zarur gormonlar ishlab chiqaradi; platsentadan ishlanib chiqadigan va boshqa gormonlar taʼsirida sut bezlari kattalashib, Homiladorlik oxiriga borganda, undan ogʻiz suti, chilla davrida esa sut kela boshlaydi. Bachadonda ham talaygina oʻzgarishlar roʻy beradi: u ham boʻyiga, ham eniga qarab oʻsib, platsentaga qon olib keladigan yirik va mayda qon tomirlari nihoyatda koʻpayadi. Ayol chuqurroq nafas oladigan boʻlib qoladi, bu — qonning kislorod bilan koʻproq toʻyinishini taʼminlaydi. Yurakning qisqarish xususiyati sezilarli darajada kuchayadi, natijada kislorod bilan toʻyingan qon ayolning hayot uchun muhim aʼzolariga, jumladan bachadoniga tezroq yetkazib beriladi. Buyraklar ham zoʻr berib ishlab, ona organizmidagina emas, balki homilada ham paydo boʻlgan almashinuv mahsulotlarini ajratib chiqarib turadi. Koʻmikda eritrotsitlar hosil boʻlishi tezlashadi, yaʼni qon miqdori koʻpayadi, qon tomirlari kengayib, gaz almashinuvi kuchayadi. Shu bois homilador organizmidagi aʼzo va sistemalarning normal ishlab turishini taʼminlash hamda homila rivojlanadigan qulay sharoit vujudga keltirish uchun oziq moddalar va kislorod koʻp boʻlishi kerak. Homiladorning ahvoli va oʻzini qanday tutishi koʻp jihatdan Homiladorlikning normal kechishi, homilaning keyin qanday rivojlanib borishi va boʻlgʻusi bolaning sogʻligini belgilab beradi. Homilador ayolning biror kasallik (gripp, sil, rev-matizm, angina, qandli diabet, kamqonlik, jigar, buyrak, yurak kasalliklari va boshqalar) bilan ogʻrishi, notoʻgʻri ovqatlanish, kun tartibini buzishi, vrach buyurmagan dorilarni ichishi homila taraqqiyotiga yomon taʼsir qilishi mumkin.

Homiladorlik chogʻida turli asoratlar boʻlmasligi uchun mumkin qadar barvaqt (hayz toʻxtashi bilan) ayollar maslahatxonasiga borib, tekshiruvdan oʻtish va kerakli maslahatlar, zarur boʻlsa, tegishli davo olish lozim. Homiladorlik davrida ayol oʻz badani va kiyim-kechaklari tozaligiga alohida eʼtibor berishi kerak.​ Homiladorlikka oid foydali kitob, jurnal, sayt va mobil ilovalardan foydalanishi lozim. Masalan, “Lalu — Homiladorlik maktabi” kabi mobil ilovalarni bepul yuklab olib, butun homiladorlik davri davomida kuzatiladigan oʻzgarishlarni haftama-hafta kuzatib borishi kerak.​[1]

Homiladorlik normal oʻtayotgan boʻlsa, ayol odatdagi turmush tarzini oʻzgartirishi shart emas, u oʻz yumushlarini dam olib, dam olib bajaraverishi mumkin. Faqat ogʻir narsa koʻtarmaslik, qaltis, keskin harakatlar qilmaslik maqsadga muvofiq.

Tiniqib uxlashning ahamiyati bor, ayol kamida 8 soat uxlashi, kechqurun yotishdan oldin ochiq havoda bir oz sayr qilishi va xonani shamollatishi tavsiya etiladi. Sogʻlom homiladorlarning vrach tavsiyasiga koʻra havo va quyosh vannalari qabul qilishiga ruxsat etiladi. Homiladorlik normal oʻtayotgan boʻlsagina ayol daryo va anhorlarda choʻmilishi mumkin. Homiladorlikning birinchi kunlaridan boshlaboq ochiq havoda imkoni boricha koʻproq boʻlishga harakat qilish lozim, chunki odam uy ichida oʻtiraversa kislorodga yolchimay qoli-shi, natijada har xil asoratlar yuz berishi mumkin.

Homiladorlikning eson-omon oʻtishi va homilaning yaxshi rivojlanib borishi uchun asosiy shartlardan biri yaxshi ovqatlanishdir; ovqat toʻyimli, xilma-xil, oqsillar va vitaminlar (foliy kislotasi, C vitamini) ga boy boʻlishi kerak. Masalan, homiladorlikdan oldin va birinchi trimesterdan foliy kislotasini toʻgʻri miqdorda, kuniga 400 mkg (0,4 mg) qabul qilib borish tugʻma nuqsonlarning rivojlanish ehtimolini keskin kamaytiradi.[2] Homiladorlikning oxirgi oylarida yogʻliq va xamir ovqatlarni koʻp tanovul qilish yaramaydi, chunki bunday ovqat homilaning ancha kattalashib ketishi va tugʻishning qiyinlashib qolishiga sabab boʻlishi mumkin.

Sogʻliq oʻzgargan baʼzi hollarda, mas, badanga shish kelganida vrach odatda tuzsiz parhez buyuradi. Normada homilador ayol bir kunda maksimal 6 gr yodlangan osh tuzi isteʼmol qilishi mumkin.[3] Homilador ayol yengil badan tarbiya mashqlarini qilib turishi lozim. Homiladorlik davrlariga qarab maxsus gimnastika mashqlari kompleksi tavsiya etiladi (buni faqat vrach buyuradi). Haftasiga 5-7-marta 30 daqiqa jismoniy mashgʻulotlar bilan shugʻullanish mumkin. Boshlanishiga kuniga 10 daqiqadan boshlab, 30 daqiqagacha oshirish tavsiya qilinadi.[4] Muntazam badan tarbiya mashqlarini qilib turuvchi ayollarning tez va eson-omon koʻzi yoriydi.

Yana q. tahrir

Adabiyotlar tahrir



Manbalar tahrir