Husayn Jovid (toʻliq ismi: Hüseyn Abdulla oğlu Rasizadə; tugʻilgan sanasi 24-oktyabr 1882, Naxichevan — oʻlimi 5-dekabr 1941, Shevchenko qishlogʻi, Shevchenko qishlogʻi, Tayshet tumani, İrkutsk viloyati) — Ozarbayjon shoiri, yozuvchisi va dramaturgi. Ozarbayjon adabiyotida romantizm adabiy jarayonining asosiy namoyandasi boʻlgan Husayn Jovid milliy romantik sheʼrlar va lirik tragediyalar asoschisidir[1].

Husayn Jovid
Husayn Abdulla oʻgʻli Rasizoda
Tavalludi 24 oktyabr 1882
Hozirgi Naxichevan shahri
Vafoti 5 dekabr 1941
Shevchenko qishlogʻi, Tayshet tumani, İrkutsk viloyati, RSFSR
Fuqaroligi Ozarbayjon
Otasi Q55202176?
Imzosi

Hayoti

tahrir
 
Husayn Jovidning 130 yillik yubileyi munosabati bilan chiqarilgan Ozarbayjon pochta markasi (2007)
 
Husayn Jovidning 130 yillik yubileyi munosabati bilan chiqarilgan Ozarbayjon pochta markasi (2012)

Husayn Abdulla oʻgʻli Rasizoda 1882-yil 24-oktyabrda Naxichevan viloyatining hozirgi Kangarli tumanining Shohtaxti qishlogʻida dindor oilada tugʻilgan. Boshlangʻich taʼlimini Naxichevanda mulla maktabida, oʻrta taʼlimni M.T.Sidqining „Maktabi-tarbiya“ nomli yangi uslubdagi maktabida olgan (1894-1898). 1899-1903-yillarda Janubiy Ozarbayjonda yashab, Tabrizning „Tolibiya“ madrasasida taʼlimini davom ettirdi. Istanbul Universitetining adabiyot fakultetini tugatdi (1909), Naxichevanda, soʻngra esa Ganja va Tbilisida, 1915-yildan esa Bokuda muallimlik qildi. Husayn Jovid klassik Ozarbayjon adabiyotining eng yaxshi anʼanalarini rivojlantirgan ijodkordir. U XX asr Ozarbayjon rivojlangan romantizmi asoschilaridan biri boʻlgan.[2]

Husayn Jovid ijodi janr va forma jihatdan boydir. U lirik shoirlarning, lirik-epik, epik poemalarning, Ozarbayjon adabiyotida ilk lirik tragediya va dramalar muallifidir. „Oʻtgan kunlar“ nomli ilk sheʼriy kitobi 1913-yilda chop etildi. Husayn Jovid koʻproq dramaturg sifatida tanilgan. Uning falsafiy va tarixiy tragediyalari, oilaviy-maishiy dramalari uslub, yozish uslubi shakli yangiligi jihatdan Ozarbayjon dramaturgiyasida yangi bosqich yaratganidek, milliy teatr madaniyatining taraqqiyotiga ham kuchli taʼsir koʻrsatgan, „Jovid teatri“ sifatida xarakterlanadi. Dramaturgiyasida davrning umumbashariy, katta ijtimoiy-siyosiy va madaniy ahamiyatga molik muammolari oʻz aksini topgan.

Ozarbayjon adabiyotida ilk lirik tragediya boʻlgan „Shayx Sanon“ (1914) asarida xalqlarni bir-biriga qovushtirish uchun umumbashariy din gʻoyasini oʻrtaga tashladi. Husayn Jovid bu davrda tadrijiy „haq berilmas, olinar“ gʻoyasiga kelib toʻxtalgan.[3]

Ijodida muhim oʻrin egallagan „Iblis“ (1918) lirik tragediyasida davrning barcha ratsion kuchlari — „Inson insonga boʻri“ falsafasi tarafdorlari, „Yigirmanchi asrning madaniy vahshiylari“ boʻlgan doiralarni Iblis qiyofasida umumiylashtirib, ishgʻolchi urushlarga laʼnat oʻqidi.

1926-yilda muolaja uchun Germaniyaga ketgan va 7 oy Berlinda yashagan Husayn Jovid u yerdan ziyolilarning maʼnaviy iztiroblarini aks ettiruvchi bir qator siyosiy-lirik va lirik-epik sheʼrlar bilan qaytdi.

20-30-yillarda Husayn Jovid bir qator tarixiy dramalar yozgan. „Paygʻambar“ (1922) va „Temurlang“ asarlaridan keyin yozgan „Siyovush“ (1933), „Xayyom“ (1935) tarixiy dramalari Husayn Jovidning tarixga, tarixiy shaxslarga qarashida jiddiy burilish boʻldi.

Janubiy Ozarbayjondagi Ozarbayjonlarning „shahanshohlik“ usuli-idorasi asorati ostida azob tortishi, eng oddiy inson huquqlaridan mahrum qilinishi ham vatanparvar shoir sifatida Husayn Jovidni oʻylantirardi. („Torli soz“ dramasi, 1930; „Koʻr Neyzan“ poemasi, 1930).[4]

Sovetlar Birligida totalitarizmning dahshatli davrida Husayn Jovid sotsializm „yutuqlari“dan yozishni oʻziga ep bilmagan, Stalinni, Ozarbayjon mansabdorlarini madh etishdan oʻzini olib qochgan. Shu sababli ham bu jasur shaxs Sibir muzliklariga, Magadanga surgun qilindi va 1941-yil 5-dekabrda Irkutsk viloyatining Tayshet tumani Shevchenko qishlogʻida vafot etdi.

Ozarbayjon adabiyotining soʻz va fikr zodagonidir. Ichki layoqati ijod idealiga yuqori darajada mos kelardi. Balki bu sanʼat ideali uning ichki layoqatini yillab, oʻn yillab shakllantirgan edi. „Goʻzallik nomiga, sevgi nomiga“ deb yozgan buyuk ijodkor neft quvurlaridan va dengiz qahramonlaridan, dalada ertadan kechgacha mehnat qilgan mehnatkashlardan tarannum etgan sunʼiy misralar sonini orttirmadi. Ozarbayjonning ijodiy fikri bu sunʼiy misralar domida boʻgʻilgan bir vaqtda hayoti evaziga boʻlsa ham Jovid oʻz ijod idealiga xiyonat qilmadi, uni sotmadi. Goʻzallik va sevgi shoiri edi, shunday boʻlib qoldi.

Husayn Jovid qabrining topilishi, jasadining Ozarbayjonga olib kelinishi bilan bogʻliq qaror

tahrir
 
Husayn Javidning qabri yonida.
 
Husayn Javidning Bakuda haykali. Haykaltarosh — Omar Eldarov, 1996

1982-yil 12-oktyabrda Naxichevan Viloyat Partiya Qoʻmitasi Jovid mozorining topilishi, jasadining Ozarbayjonga olib kelinishi bilan bogʻliq qaror qabul qiladi. Haydar Aliyev tashabbusi bilan qabul qilingan bu qaror 14 kun oʻtgach, 26-oktyabrda Ozarbayjonning ijtimoiy-siyosiy hayotida, adabiy muhitida tarixiy voqea sifatida muhrlanadi.

Sovet ideologiyasi va rejimi hokimiyatda boʻlgan bu davrda Naxichevanda qabul qilingan qaror hali biror narsani anglatmasdi. Uning ijrosi uchun Kremlda Brejnevning, Lubyankada DTK raisi Andropovning roziligini olish mutlaq shartlardan biri edi.

Husayn Jovid bilan bogʻliq Moskva muzokaralaridan va kelishuvlardan keyin tarixiy qaror ijrosi Naxichevan Viloyat Partiya Qoʻmitasi kotibi Hamid Jaʼfarovga topshirildi. 35 yildan keyin Hamid Jaʼfarov oʻsha kunlarni xotirlaydi:

"Aynan Haydar Aliyev tashabbusi bilan uzoq Sibirning oyoq yetmas joylaridan Husayn Jovid jasadining tugʻilgan vatani Naxichevanga olib kelinishi uning tarixiy xizmatlaridandir.

1982-yil 3-oktyabrda Haydar Aliyev Naxichevanda safardaligida sharafli ishga qoʻl urdi. 1956-yil 6-martda Ozarbayjon SSR Oliy Mahkamasi buyrugʻi bilan Husayn Jovid oqlangach, jasadining Ozarbayjonga olib kelinishiga bir necha bor harakat qilinsa ham sovet ideologiyasi hukmronlik qilgan SSSR makonida bunday masalaning reallashishi mushkulligidan, sovuq Sibirdagi temir seyflarning ochilishi, „sovsekretno“ hujjatlarning oʻrganilishi, Jovid mozorining oxiri yoʻq Sibirda qidirib topilishi va nihoyat, uning Ozarbayjonga olib kelinishi uchun muvofiq ruhsatlar olinishi oʻsha davrda imkonsiz edi. Lekin Haydar Aliyev barcha imkoniyatlardan foydalangan holda bu masalani hal qilishga erishdi.

Uning koʻrsatmasi bilan 1982-yil 12-oktyabrda Naxichevan Viloyat Partiya Qoʻmitasi Husayn Jovid mozorining topilishi, jasadining Ozarbayjonga olib kelinishi bilan bogʻliq qaror qabul qildi va bu ishning ijrosi Naxichevan Viloyat Partiya Qoʻmitasi kotibi sifatida menga topshirildi. Naxichevan Viloyat Partiya Qoʻmitasi qaroridan soʻng muxtor respublikaning ichki ishlar vazirining sobiq muovini, polkovnik Telmon Aliyev va oʻsha vaqtda SSSRning eng yosh deputati boʻlgan Zokir Nosirov bilan Sibirga joʻnatildik…"[5].

1982-yilda Naxichevan Viloyat Partiya Qoʻmitasi kotibi boʻlgan Hamid Jaʼfarov shunday deydi: "Qaror ijrosi mas’uliyatli va qiyin boʻlsa ham, uning orqasida aynan Haydar Aliyev nomi boʻlgani sababli hech qanday qiyinchilikdan gapirib boʻlmasdi. Bu qarorning ijro etilishiga bilvosita Haydar Aliyevning oʻzi rahbarlik qilardi. Haydar Aliyev „Bakinskiy rabochiy“ gazetasiga bergan intervyusida qayd qilgandiki, u Jovid jasadining uzoq Sibirdan Ozarbayjonga olib kelinishi uchun SSSR day nahang davlatning „birinchi shaxsiga“ — Sov.IKP MK Bosh kotibi Leonid Brejnevga, shuningdek, SSSR Davlat Xavfsizlik Qoʻmitasi raisi Yuriy Andropovga murojaat qilgandi. Bu masalani hal qilish uchun SSSR kabi katta davlat rahbarligi yonida yuksak obroʻga ega boʻlish va uning ruhsatini olish vojib edi. Albatta, bunday davrda bularning barchasini faqat Haydar Aliyev qila olardi. Sibirga safarimizning ilk kunidan boshlab Jovidga tegishli bir qator arxiv hujjatlari oʻrganildi. Aniqlanishicha, Husayn Jovid 1941-yil 5-dekabrda Irkutsk viloyati Tayshet tumani nogironlar kasalxonasida vafot etgan, Shevchenko qishlogʻidagi qabristonga 59-sonli qabrga dafn etilgan. Uch kun keyin esa Sov.IKP Irkutsk Viloyat Partiya Qoʻmitasida uchrashuv vaqti Jovid mozori joyining aniqlanishiga, bu bilan bogʻliq Irkutsk viloyati Tayshet tumani Shevchenko qishlogʻini, 1940-yillarda bu yerda joylashgan 21-sonli koloniyani va nogironlar kasalxonasini bilgan odamlarning topilishiga doir hujjat imzolandi.

Sibirda ekanligida Jovidning „roʻyxatda turgan“ nogironlar uyining 1956-yilda buzib tashlanishi, Sibirning zich oʻrmonlaridagi Shevchenko qishlogʻining yoʻq boʻlib ketishi, u yerda hech kimning yashamasligi haqidagi maʼlumotlar bizni qaygʻuga solgandi. Bizga aytishlaricha, 30 daraja qahratonda u yerlarga boorish imkonsiz hamda xavfli edi. Lekin bu maʼlumotlar bizni yoʻlimizdan qaytara olmasdi. Bizning qayta-qayta talabimiz va istagimizdan soʻng zirhli mashinalar 1982-yil 21-oktyabrda mahalliy aholining „borsa kelmas“ hisoblagan Tayshet shahridan 75 kilomaetr masofada joylashgan Shevchenko qishlogʻiga yoʻl oldi. Bu safarga rasmiy ravishda partiya, huquq-muhofaza, adliya, sogʻliqni saqlash organlarining mas’ul ishchilari qatnashdilar. Barcha umidlar esa 1941-yilda Jovidning „qamoq uyida“ - mehnat lageridagi soqchilar guruhi raisi boʻlib ishlagan 72 yoshli Darafiy Tradyakolda edi. U ishonch bilan bildirdiki, „Shevchenkoda 40 ming kishi dafn etilgan qabriston buzilmagan“. 21-oktyabrda Shevchenko qishlogʻida boʻldik. Qishloq aslida 100 gektarlab hududi boʻlgan qattiq yerli Sibir oʻrmoni edi. Qabriston topildi. Ikki soatlik qidiruvdan soʻng Shevchenko tuman prokurori Yelena Xaritinova 59-sonli qabrni topdi va qabr ochilishi uchun sanksiya imzoladi va nihoyat, Jovidning qabri qazildi…"[6].

Husayn Jovid jasadining Naxichevanga qaytish yoʻnalishi

tahrir

"Oldindan rejalashtirganimizdek, Husayn Jovid Shevchenko-Tayshet-Irkutsk-Moskva-Yerevan-Naxichevan yoʻnalishi bilan tugʻilgan yurtiga „qaytishi“ kerak edi. Irkutskdan Moskvaga uchayotganda stuardessa menga Bokudan kelgan topshiriqni yetkazdi: „Haydar Aliyev koʻrsatmasi bilan siz 26-oktyabrda 861-reys bilan Moskvadan toʻgʻri Bokuga uchishingiz kerak“. Ozarbayjon rahbari Haydar Aliyev topshirigʻi bilan yoʻnalish oʻzgardi. Bu oddiy topshiriq emasdi va taqdir yozuvi edi. Jovid „oyogʻi“ Yerevanga tegmasligi kerak edi, Jovid Bokudan ketgandi, Bokuga qaytishi lozim edi…"

1982-yil 26-oktyabrda Husayn Jovid Moskvadan Bokuga, keyin esa Naxichevanga „uchadi“. Naxichevanda — uyining toʻgʻrisida tuproqqa topshirildi…" [7]

Sheʼrlari

tahrir
 
Husayn Jovidning „Azer“ poemasi (1937)
 
"İblis" fojiasi namoyishining posteri
 
"İblis" fojiasi namoyishining boshqa posteri

Husayn Jovid poeziyasi uning romantik sheʼrlaridan va poemalaridan iborat.

Ideal bilan borliq orasidagi ziddiyat, ideal haqiqat izlashga yoʻnaltirilgan xayollardan yaralgan lirik-falsafiy fikrlar Jovid sheʼrining asosiy mazmunini belgilaydi. Shoirning lirik „men“i qaygʻuli, bezovta oʻylar va boy xayollar bilan yashagan faylasuf xarakterli oshiqdir:

Xəyal!.. Əvət, yaşadan yalnız əhli-halı odur,

Yaşarsa bir könül, az-çox xəyal içində yaşar.


Xayol!.. Ha, yashatuvchi yolgʻiz ahli-holu udir,

Yashasa bir koʻngil, oz-koʻp xayol ichra yashar.

H.Jovid badiiy ijodga klassik lirika uslubida yozilgan gʻazallar bilan boshlagani uchun adabiy faoliyatining birinchi davridagi sheʼrlari tilida arab-fors tarkiblariga duch kelinadi. Lekin bunday ifodalar asosan lirikada asrlardan buyon qonuniylashgan „gʻami hijron“, „zulfi yor“, „ahli dard“, „zanjiri zulf“ kabi tushunarli tasvir vositalaridan iborat:

Məndən fələk ayırdı vəfapişə yarımı,

Tar etdi zülfi-yar kimi ruzigarımı.

Səbrim tükəndi, yox qəmi-hicranə taqətim,

Hicri-nigar əlimdən alıb ixtiyarımı.

Bir əhli-dərd yoxdu bu viranə şəhərdə,

Tainki şərh edəm ona mən qəlbi-zarımı.

...Hər kəs ki, Salika, çəkib eşqin bəlasını –

Mən eyləməz görəndə mənim ah-zarımı.


Mendan falak ayirdi vafosiz yorimni,

Tor etdi zulfi yordek roʻzgorimni.

Sabrim bitdi, yoʻq gʻami hijronga toqatim,

Hijri nigor qoʻlimdan oldi ixtiyorimni.

Bir ahli dard yoʻqtur bu vayrona shaharda,

Toinki sharh etay unga men qalbi zorimni.

… Har kimki, Salika, chekdi ishqning balosini -

Men aylamas koʻrganda mening oh-zorimni.

Keyingi yillarda Istanbulda tahsil olishi, turk poeziyasini chuqur oʻrganishi uning sheʼr tilida Onadoʻli shevasiga maxsus ifodalarning faolligini birmuncha orttirgan. Shoirning taʼlim yillari vaqti qalamga olgan „Raqs“, „Pushti chorshaf“, „Uyquda“, „Oh faqat sen“ va boshqa sheʼrlari ham, 1913-yilda Tbilisida nashr qilingan „Oʻtgan kunlar“ sheʼr kitobida toʻplangan boshqa namunalar ham Onadoʻli shevasining muayyan alomatlari koʻrinadi. Lekin Istanbul muhitidan ayrilgach, shoir asarlarida Onadoʻli shevasiga maxsus alomatlar asta-sekin kamaydi, nihoyat, uzoq jarayondan keyin deyarli yoʻq boʻlib ketgan.

Husayn Jovid lirik ijodining ilk bosqichida janr jihatdan anʼanaviy ikki uslublilik oʻzini koʻrsatadi. Shoir ushbu yillarda ham klassik uslubda gʻazallar, ham xalq-oshiq sheʼriyati ruhida qoʻshma va geraylilar yozgan. Bu davr mahsuli boʻlgan „Ket“, „Koʻnglimni“ radifli sheʼrlari, shuningdek, „Barcha joy safoli, baxtli“ sheʼri gʻazal shaklida, „Nozlana-nozlana“ sheʼri esa qoʻshma shaklidadir. „Raqs“, „Uyquda“ va boshqa sheʼrlarida muxammas va musaddaslarning muayyan alomatlari koʻzga tashlanadi. Ijodining ilk bosqichlarining oʻzidayoq Jovidning yangi shakldagi sheʼrlar yozganini darhol farqlay olish mumkin. Turkiyadagi tahsil yillarida yozilgan „Yetti moziy“, „Bir oh mazlumona“ sheʼrlarining tuzilishida esa muayyan originallik bor. Bu sheʼrlar har ikki uslubning — klassik lirika va xalq-oshiq lirikasi uslublarining uygʻunlashishidan yaralgan. Quyidagi xalq-oshiq poeziyasida boʻlganidek, bu sheʼrlar asosan bandlardan iborat. Lekin bandlar orasida klassik lirikadagi baytlarga oʻxshash juft misralar berilgan. Toʻrtliklar koʻpincha a-b-a-b qofiya usuli bilan, baytlar esa masnaviy shaklida qofiyalangan:

Ey Vətən! Ey könül pərəstarı!

Yar ümidim, qüsura bakmayasan.

Bizə tərcih edib də əğyarı,

Burakıb nari-hicrə yıkmayasan.

Səni bu hala saldı qəflətimiz,

Daha əhv et! Yetər nədamətimiz.


Ey Vatan! Ey, koʻngil kamtarini!

Bor umidim, aybga buyurma.

Bizdan ortiq koʻrib agʻyorni,

Soʻngra ohu-zoringni qilma.

Seni bu holga soldi gʻaflatimiz,

Kel, bas qil, yetar nadomatimiz.

Keyingi davrlarda Husayn Jovid ijodida bunday tuzilishdagi sheʼrlar soni tobora ortdi. Turli yillarda qalamga olingan „Oʻttiz yoshingda“, „Bir rasm qarshisida“, „Dengiz tomoshasi“ sheʼrlaridagi toʻrtlik bandlar maʼnoni kuchaytiruvchi va toʻldiruvchi baytlar bilan almashdi. Shu tarzda poetik shakl tadqiqotlari Husayn Jovidning janr sohasidagi original uslubi kashf etishi bilan yakunlangan. Xususan, Jovid Ozarbayjon sheʼriyatiga ilk bora sonet, marsh, sharqi-turku kabi janrlarni olib kelgan. Shoirning „Men istardimki“, „Tortinma, kul“ sheʼrlari Yevropada keng tarqalgan italyan soneti shaklida qalamga olingan.

Husayn Jovid sheʼrlarini ham aruz, ham hijo vaznlarida yozgan. Har ikki vaznga ijodiy munosabatda boʻlgan shoir ularga asosiy sifat oʻzgarishlarini olib keldi. U aruzning klassik lirikadan maʼlum boʻlgan xafif, hazaj, ramal, mujtas, muzora, mutaqorib bahrlarida sheʼr yozish bilan birga, hazaj bahrining yangi turini yaratishga muvaffaq boʻldi, aruzshunoslar ushbu turni „Jovid Hazaji“ deb nomladilar.

XX asr boshlarida aruzdan hijoga oʻtish ham sheʼrda yangi uslub kashfiyotidan biri edi. Bu sohada Husayn Jovidning novatorlik darajasiga chiqishi jovidshunoslikda toʻgʻri muayyan etildi. U XX asr boshlarida hijo vaznining turli shakllarida qimmatli sheʼrlar yozishga muvaffaq boʻldi.

Original tashbeh va metaforalar, epitet va takrirlar, monolog va dialoglar Husayn Jovid sheʼriyatida fikr, maʼnoning kuchli va emotsional vositalar bilan ifodalashga xizmat qiladi. Umuman, romantik lirikada boʻlganidek, Jovid sheʼrlarida ham tashbeh yaratish uchun tabiat hodisalari bilan inson hayoti qiyoslanadi. Shoir Qora dengiz sohillarida tasvirlagan sakson yoshli qariyaning magʻrurligini jonlantirish uchun uni „viqorli togʻ“ga oʻxshatadi, badiiy obrazning toʻliq poetik rasmini chizadi:

Bu keşakeşdə möhtəşəm, məğrur,

Qoca, səksən yaşında bir sima;

Uca bir dağ möhnətilə vüqur,

Qoca bir türk edib namazı əda.

Vird oxur, Həqqa eylər ərzi-niyaz,

Bəlkə dağ sarsılar, o sarsılmaz.


Bu toʻpalonda muhtasham, magʻrur,

Keksa, sakson yoshdagi bir siymo;

Ulugʻvor togʻ timsoliyla viqor,

Keksa bir turk qildi namozin ado,

Duo qilar, Haqqa aylar arzi-niyoz,

Balki togʻ tebranar, u tebranmas.

Monolog va dialoglar

tahrir
 
"Seyavush" fojiasi namoyishining posteri
 
"Seyavush" fojiasi namoyishining boshqa posteri

Monologlar Jovidning romantik-falsafiy uslubini xarakterlovchi kuchli poetik xususiyatlardandir. Monologlarga murojaat shoir sheʼrlariga romantik uslub tabiatidan yaralgan tantana, kenglik olib kelgan yoki lirik qahramonning boy tuygʻu va oʻylar olamining ochilishiga imkon yaratgan. Jovid ijodidagi boshdan-oyoq monologlardan iborat „Sevinma, kulma, qoʻzim“, „Maʼyus qalbning faryodi“, „Uyquda“, „Mazlumlar uchun“, „Nechun“ sheʼrlarida har banddagi monolog konkret fikrning, maʼnoli hikmatning poetik ifodasiga xizmat qiladi. „Uyquda“ sheʼrining birinchi bandi bahor nasimiga, keying bandlardan har biri sayroq qushlarga, quyoshga, gullarga, malakka bagʻishlangan. Bahor nasimiga murojaat qilib yozilgan monologda suyukli maʼshuqa, gullarga poetik munosabatdan yoʻgʻrilgan monologda „bulutli dunyodagi“ kuchli nur, saodat xayoli tarannum etilgan. Oxirgi monologda esa lirik qahramoni lirik qahramonni mashgʻul qilgan barcha masalalar uning „gʻoyayi amal“idan tugʻilgan xayollar kabi anglatiladi:

Uyuyur... Of! Ey bəlalı könül,

Çırpınıb durma! Sən də sus artıq,

Vurma, sus! İştə susdu həm bülbül;

Dur, həyatım da getsə dur azacıq,

Uyuyur çünki aşinayi-xəyal,

Uyuyur çünki qayeyi-amal...


Uyquda... Oh! Ey baloli koʻngil,

Tipirchilama! Sen da jim ortiq,

Urma, jim! Mana, jim boʻldi bulbul;

Toʻxta, hayotim ham ketsa qol biroz,

Uyquda chunki oshnoyi xayol,

Uyquda chunki gʻoyayi amal…

Dialoglar shoirning lirikasiga muayyan syujet alomatlari bergan. Hatto uning baʼzi sheʼrlari kichik sahnani eslatadi. „Yetim Anvar“, „Gul sevgisi“ sheʼrlarida lirik holatlar sheʼrning muayyan qismidagi ixcham dialoglar bilan ifodalangan. Boshdan oxirigacha dialoglar asosida yaratilgan „Qiz maktabida“ sheʼridagi poetik dialog Gulbahorning oliy nasabli va betakrorligini koʻrsatishga xizmat qiladi. Asl ziynati poklik va bilim boʻlgan, oltin bilakuzuklari bilan emas, sodda kiyinishi, ziyoli, boy maʼnaviyati bilan ajralib turgan Gulbahor romantik lirikadagi yetim anvarlarning, kichik daydilarning bir turdagi davomidir.

„Qiz maktabida“ sheʼridagi dialoglar dramatik suhbatdan koʻra koʻproq tabiiy sheʼr misralari sifatida saslanadi, oʻyga toldiruvchi poetik eʼtiroflarni ifoda etadi:

– Quzum, yavrum! Adınnədir?

– Gülbahar.

– Pəki, sənin anan, baban varmı?

– Var.

– Nasıl, zənginmidir baban?

– Əvət, zəngin, bəyzadə...

– Öylə isə geydiyin geyim neçin böylə sadə?..


– Qizim, bolam! Isming nima?

– Gulbahor.

– Aytchi, sening onang, otang bormi?

– Bor.

– Qanday, badavlatmi otang?

– Balli, boydir, beyzoda...

– Unday boʻlsa kiygan kiyiming nega bunday sodda?

„Qiz maktabida“ sheʼri Ozarbayjon sheʼriyatida syujetli lirikaning eng mukammal namunasi deb hisoblashga loyiqdir.

Shoir lirikasidagi poetik va falsafiy umumiylashmalar fikrning hikmat munosabatini orttirgan, aforizm saviyasiga koʻtarilgan. Jovid lirikasida hatto shunday sheʼrlar ham borki, u yerda bir-birining ortidan kelgan misralar deyarli hammasi aforizmlardan yoʻgʻrilgan:

Yaşadan kainatı qüvvətdir,

Gücsüzün həp nəsibi zillətdir.

...kim ki, biganədir hüquqə, əvət,

Xain ellərdə məhv olur əlbət.

...Yaşamaq istərsən çalış, çabala,

Rəd olub gurla, bərq olub parla!


Yashatgan koinoti quvvatdir,

Kuchsizning har nasibi zillatdir.

…kimki, begonadir huquqqa, albat,

Xoin ellarda mahv boʻlar albat.

...Yashamoq istarsan toʻxtamay ishla,

Joʻshib gulla, barq urib porla!

Bularning barchasi Jovid lirikasining novatorligini koʻrsatadi.

Poemalari

tahrir

Husayn Jovid ijodida poema janri ham alohida oʻringa ega. Jovidning ilk poemalari asosan lirik-romantik yoxud romantik-falsafiy asarlardan iborat. Bu poemalarning aksariyatida syujet alomatlari va obrazlar deyarli yoʻq. Bu mavzulardagi poemalar goʻyo Husayn Jovidning lirik-romantik monologlardan ilhomlangan. Hayotga va insonlarga romantik munosabat, badiiy va falsafiy umumlashtirishlar bu poemalarning asosiy gʻoyasini aniqlaydi. „Bir ohi-mazlumona“ (1907), „Bir devonadan bir xotira“ (1912), „Hubuti Odam“ (1913) poemalarida epik tasvirlardan koʻproq lirik-romantik oʻylar oʻz aksini topgan. Faqatgina „Hubuti Odam“ poemasida Odam paygʻambar bilan Havvo munosabatlaridan olingan maqom tasviri shoirga nafs falokatlari atrofida poetik mulohazalarni ilgari surishga imkon bergan. „Bir ohi mazlumona“ poemasi „ogʻir mehnatda“ baloga duchor etilgan, „oyoq ostida poymol boʻlgan“ Vatanning achinarli holiga chuqur taassuf hislari bildirgan, gʻayrat qilishga, himmat koʻrsatishga chaqiruv motivlari ifodalangan.

Husayn Jovid ijodida gʻoyaviy-sanʼatkorlik jihatdan eng mukammal poema „Azer“ asaridir. Shoir poemani 1926-yilda Germaniyada muolaja boʻlayotganda boshlagan, nihoyat 1928-yilda tamomlagan.

„Azer“ poemasi Husayn Jovidning Gʻarbga va Sharqqa, ayni vaqtda Sharq-Gʻarb mintaqasida Ozarbayjonga boʻlgan qarashlarini keng shaklda ifodalagan mukammal sanʼat asaridir. Azerning Gʻarb va Sharq mamlakatlariga sayohatlari yangi tarixiy davrdagi dunyo vaziyatini oʻrganish, taraqqiyotning eng maqbul yoʻlini tanlash maqsadini kuzatadi. Poemada ushbu oʻlkalarning farqli xususiyatlari haqidagi oʻylar Azerning siymosida dunyoni, sivilizatsiyalarni sintez qilish mayli ifodasidan iborat:

Şərq elləri irişilməz “xəyal” için yaşarkən,

Qərb aləmi az da olsa həqiqətdən xoşlanar.

Şərqin sönük duyğusunu afyon ruhu qoşarkən,

Onlar yeni bir silah kəşfini səadət sanır.

Şərq uğraşır yalnız “ölməyim” deyə,

Qərb elləri maildir öldürməyə.

Ya o, ya bu qoşar durar hər bir dilək peşində,

Məqsəd ancaq yarışı yok, bir həyatı xoş bulmaq.

Şərqə görə o diyarda azad ikən düşüncə,

Yazıq!.. Yenə mümkün deyil didişmədən qurtarmaq.


Sharq ellari erishilmas “xayol” uchun yasharkan,

Gʻarb olami oz boʻlsa-da haqiqatni xushlaydi.

Sharqning soʻlgʻin tuygʻusini afyon ruhi qoʻsharkan,

Ular yangi qurol kashfin saodat deb yashaydi.

Sharq ovoradir “oʻlmayin” deya,

Gʻarb ellari moyildir oʻldirmoqqa.

Yo u, yo bu yugurar har bir tilak ortida,

Maqsad faqat musobaqamas, bir hayotni xush topmoq.

Sharq uchun u diyorda ozod ekan tushuncha,

Afsus!.. Yana imkonsizdir tortishuvdan qutqarmoq.

Asarning asosiy qahramoni Azer Jovidning aksariyat dramatik qahramonlaridan farqli ravishda tarixdan emas, balki real hayotdan olingan badiiy obrazdir. Azer shoirning zamonaviyi, toʻgʻrirogʻi uning oʻzining proobrazidir. Azer yashagan muhitga, oid boʻlgan jamiyatga, Gʻarbga va Sharqqa qarashlari muallifning shaxsiy qanoatlarining va fikrlarining ifodasidir. Poemaning katta qismida Azerning Germaniyaga safaridan soʻz ochilishi, asarning bir qancha boʻlimlari Berlinda yozilishi bilan Husayn Jovidning Germaniyaga borib, u yerda davolanishining mos kelishi ham obraz bilan muallif qarashlari orasida mustahkam bogʻ borligini koʻrsatadi. Umuman olganda Azer hayotga va jamiyatga yangi nazar bilan qarovchi, dunyoda boʻlayotgan jarayonlarni obyektiv tushunib, tahlil qilish qobiliyatiga molik boʻlgan yangi tipli badiiy obrazdir. Mansub boʻlgan xalqi va mamlakatni madaniy millatlar orasida koʻrish orzusi uning xarakterli jihatidir. Azerning Gʻarbga va Sharqqa safarlari faqat sayohat, kezish, koʻngilxushlik boʻlmagan, dunyoni oʻrganib mamlakatini va millatini rivojlantirish niyatlarining ifodasidir.

Poemada Husayn Jovid Ozarbayjonda tuzilgan yangi jamiyatga munosabatini ham ifodalagan. Asarning „Salmon ovozi“, „Inqilob oʻgʻrisi“, „Isyon“ boʻlimlarida yangi jamiyatning badiiy idroki masalalari oldingi oʻrinda turadi. Koʻrinib turibdiki, Jovid imkoni boricha yangi jamiyatga yaxshi tomondan qarashga harakat qiladi. Salmon tilidan aytilgan „har gulshanga bordim, gullar kuldi, Savdoli bulbullar salomga keldi“, yoxud „Sukutdagi cholgʻular ilhomi keldi“ kabi misralar shoirning oʻsha mayli aks-sadosidir. Shuningdek, Jovid bu jamiyatning mavjud ziddiyatlardan xalos boʻlishi zaruriyatini ham ochiq ravishda taʼkidlagan. Poemaning „Inqilob oʻgʻrisi“ boʻlimida „inqilob niqobini kiygan“ Kengash raisi uyushtirgan oʻzboshimchaliklar tasviri bilan shoir yangi tuzilgan jamiyatdagi razilliklarni diqqat markaziga olib kelgan. Jovid Kengash raisining olovga burkangan uyini koʻrsatish bilan keng maʼnoda yangi tuzilishning yashashini imkonsiz holatga tushishini ifodalashni xohlagan. Poemadagi qishloq Kengash raisiga nisbatan „baliq boshdan sasiydi“ xulosasi ham, hech shubhasiz, oʻsha jamiyatning eng yuqori tabaqalarining chiriganligiga, maʼnaviy-siyosiy inqirozga uchraganiga ochiq ishoradir. Hatto poemaning epilog hisoblangan „Isyon“ boʻlimida ifodalangan quyidagi misralar ham faqat yangi tuzilishning tasdiqi maʼnosida emas, koʻproq zamonaviy yoshlar quradigan buyuk kelajakning, mustaqil oʻlkaning qoʻllab-quvvatlanishi sifatida tushunish, anglash kerak boʻladi:

Bu gün gəncliyə baksan,

Bir sel kimi hər an

Sağlam, yeni məfkurələr izlər.

Bizlər?

...Bizlər yeniləşsək belə, daim,

Bir əskilik az-çox bizə hakim...

...Onlar qoşacaq, çırpışacaqlar,

Bir çox üçürümlar aşacaqlar.

Lazımsa cəhalətlə güləşmək,

Bir çarə var: ancaq yeniləşmək!

Onlardakı himmət və mətanət

Qırmaclayacaq Şərqi nihayət.

Onlardakı qüdrət və məharət,

Er-gec vercək halqa səadət.

...Onlar güləcək güldürəcəklər,

Bizdən daha xoş gün görəcəklər!


Bugun yoshlarga boqsang,

Bir sel kabi har on,

Sogʻlom, yangimafkuralar izlar.

Bizlar?

…Bizlar yangilansak ham, doim,

Kamchilik oz-koʻp bizga hokim…

…Ular yugurar harakat qilarlar,

Bir qancha jarliklardan oshadilar.

Kerak boʻlsa jaholatla kurashmoq,

Bir chora bor: faqat yangilanmoq!

Ulardagi himmat va matonat

Tozalaydi Sharqni nihoyat.

Ulardagi qudrat va mahorat,

Erta-kech berajak xalqqa saodat.

…Ular kularlar kuldirarlar,

Bizdan yaxshiroq kunlar koʻrarlar!

Janr boʻyicha „Azer“ lirik-epik poemadir. Asarda dramatik unsurlardan ham foydalanilgan. Poetik jihatiga koʻra „Azer“ poemasi dostonni ham eslatadi. Husayn Jovid poemalari Ozarbayjon adabiyotida romantik-falsafiy poema taraqqiyotida muhim rol oʻynadi.

Dramaturgiyasi

tahrir
 
Ozarbayjon yozuvchilar uyushmasi

Ozarbayjon adabiyoti tarixida Husayn Jovidga eng katta shuhrat keltirgan uning drama asarlaridir. U Ozarbayjon adabiyotida romantik dramaturgiya maktabi asoschisidir[8].

"Ona" tragediyasi

tahrir

Adibning ilk dramatik asari boʻlgan „Ona“ tragik dramasi (1910) mavzusi Dogʻiston hayotidan olingan. Asarning bosh qahramoni boʻlgan mehmondoʻst va magʻrur Salmo Ozarbayjon adabiyoti uchun yangi koʻrinishdagi Ona obrazidir. Asarda koʻrsatilishicha, Onaning Ismat ismli cherkez qizga unashtirilgan oʻgʻli Qonpoʻlat bilan bu qizga koʻngil qoʻygan Oʻrxon orasida raqobat bor. Ismat kambagʻal oiladan boʻlgan Qonpoʻlatga sodiq qoladi va Oʻrxonning istagini rad etadi. Oʻrxon doʻsti Murod vositasi bilan Qonpoʻlatni oʻldiradi. Murod xavfdan qutulish uchun kimligini bilmay turib Salmo onaning uyidan boshpana soʻraydi. Ona oʻgʻlining qotilini tanisa ham chuqur ichki kechinmalariga, maʼnaviy iztiroblariga, gʻazabiga qarshi chiqa oladi. „Nomard mehmon“ni uyidan uzoqlashtirish bilan jazo bergan Ona bu qaygʻu, qonli taqdir sababini Allohning qismatiga bogʻlaydi:

Get, namərd qonaq, get! Alçaq mültəci!

Get, miskin hərif, get! Cəllad, yırtıcı!

Get, vicdansız kəndini qurtar, yaşa!

Ancaq vicdansızları bəslər dünya!

Get, gözüm görməsin! Uzaqlaş, dəf ol!

Nə haqsızlıq etdinsə Allahdan bul!

Get, çəkil get! Dinsiz, Allahsız xain!

Murdar izin bu torpaqdan silinsin!


Ket, nomard mehmon, ket! Olchoq qochoq!

Ket, miskin razil, ket! Jallod, yirtqich!

Ket, vijdonsiz oʻzingni qutqar, yasha!

Faqat vijdonsizlarni boqar dunyo!

Ket,koʻzim koʻrmasin! Uzoqlash, daf boʻl!

Ne haqsizlik qilsang Allohga soldim!

Ket, yoʻqol, ket! Dinsiz, imonsiz xoin!

Murdor izing bu tuproqdan oʻchsin!

Farzandining qotilini kechirishni uddalay olgan Salmo siymosi dunyo adabiyoti uchun ham betakror badiiy obrazdir.

Jovidning „Jayron“ va „Shaydo“ pyesalari nasrda yozilgan. Har ikki asarda sheʼr parchalaridan, lirik elementlardan foydalanilgan.

"Jayron" pyesasi

tahrir

Oilaviy-maishiy mavzuda qalamga olingan „Jayron“ pyesasi (1912) pul, boylikning jamiyatda yuzaga keltira oladigan fojialarini aks ettiradi. Kichik yoshdagi Jayronni boylik evaziga uylangan Turxonbey uchun dunyoning barcha saodati faqat pulga bogʻliqdir. Zamonaviy Nodirbeyning maʼnaviyat, tarbiya, sogʻlom gʻoya haqidagi fikrlarini u yot qarashlar sifatida qabul qiladi. Asardagi Nodirbey — Turxonbey chizigʻi jamiyatda yangilik va eskilik orasida sodir boʻlgan jarayonlarning qiyinchiliklarini barcha tabiiyligi bilan taqdim qiladi.

Otasi Turxonbeyga aks mavqeda boʻlgan, muhabbati, sadoqati hamma narsadan ustun tutgan oʻgʻli Jamilning sof romantik oʻylari bilan qiyosda ham boylik asiri boʻlgan Turxanbey miskin koʻrinadi. Er uyida oʻzini xor hisoblagan, boylik ichida qora taqdiri bilan yashagan Jayronning erining yosh qarindoshi Arslonbeyga boʻlgan pok sevgisi ham unga saodat emas, falokat olib keladi. Arslonbeyga boʻlgan munosabatidan xabar topgan Turxonbeyning Jayronni vahshiylarcha oʻldirishi ushbu jamiyatda ozod sevgiga, sof maʼnaviyatga joy yoʻqligi fikrini asosli deb koʻrsatishga xizmat qiladi. Lekin Jovid asarda Jamil bilan Humay orasidagi muhabbatga ragʻbatini ifodalash bilan yangilikning eskilik ustidan gʻalaba qozonishiga boʻlgan umid va ishonch tuygʻularini baxsh etadi.

"Shaydo" pyesasi

tahrir

Boku matbaa ishchilarining hayotidan hikoya qiluvchi „Shaydo“ (1916) pyesasida qiyin, ogʻir hayot tarzining va ozodlik gʻoyasining taqdim etilishi oldingi planga chiqarilgan. Pyesaning ilk sahnalarida matbaa ishchisi Shaydoning ozodlik orzusi bilan oʻzini namoyon etishi, ishchilarga oʻz huquqlarini tushuntirishi dramaturgga ijtimoiy kurashning vaziyati va vazifalari haqidagi qarashlarini ifodalashga sharoit yaratadi. Inqilob ruhidagi marshlar ishchilar tomonidan aytilgani uchun ishdan haydalgan, qamoqqa olingan Shaydoning ruhiy tushkunlikka tushishi, darveshona hayot kechirishi kurashdan voz kechishiga imkon bermaydigan faktor sifatida baholanadi. Boshiga ming bir musibatlar kelgan, ukasi sil kasalidan oʻlgan, ogʻir ish sharoitida qoʻlining biridan ayrilgan, aslida maydonda yolgʻiz qolgan Qora Musoning qasos hislari ham jamiyatni olgʻa olib bora olmaydi. Umuman olganda, „Shaydo“ pyesasi isyonkor mavzuda boʻlsa ham, real kurash yoʻllarini topa olmagan insonlarning fojiasini umumiylashtiradi.

"Shayx Sanon" tragediyasi

tahrir
 
"Shayx Sanan" qoʻlyozmasi

Husayn Jovidning „Shayx Sanon“ tragik dramasi keng maʼnoda Ozarbayjon dramaturgiyasining shoh asarlaridan biridir. Bu asar Jovidning romantik dramatik sheʼrlarining choʻqqisi sanaladi. „Shayx Sanon“ tragik dramasi (1914) diniy-afsonaviy shaxsiyat boʻlgan Sanonning muhabbat mojarosi asosida insonning maʼnaviy ulugʻligi haqida yozilgan dramatik uvertura taʼsirini koʻrsatadi. Jovid bu asarida asl ishqning diniy eʼtiqod ustidan tantanasini, barcha zanjrilarni uzish qudratini namoyish etgan. Pyesada musulmonlar, muridlar, moʻminlar muhitida barchadan yuqorida turgan Sanoning qarashlarida gurji qiz Xumorga boʻlgan sevgisidan keyin boʻlgan oʻzgarishlar timsolida butunlikda inson oʻzgarishi jarayoni toʻliq shaklda jonlanadi. Bu vaqtgacha muqaddas ibodatxonalar va ziyoratgohlarga sajda qilgan Shayx Sanon bundan soʻngra oliy, ulugʻ ishqning buyukligiga eʼtiqod qiladi. Shayxning timsolida Jovid ishq yoki eʼtiqod, moʻminlik yoki haqiqat savollari asosida tuzgan syujeti, oʻzi yaratgan dramatik kurash vositasi bilan insonning haqiqat izlashi, muhabbatni eʼtiqod saviyasiga koʻtarish harakatlari bilan yuksala olishi mumkinligini isbotladi. Asarda Sanon tilidan aytilgan quyidagi misralar ham buni yana bir bor tasdiqlaydi:

Kim ki, eşq atəşilə oldu hədər,

Onu yandırmaz öylə atəşlər.

Bəni öldürsələr də bən yaşarım,

Tərk edib xəlqi xaliqə qoşarım.

Əbədiyyət bənim məzarımdır,

Çünki sultani-eşq yarımdır.

Eşq üçün can nisan edən ərlər,

Əbədi bir həyat içində gülər.


Kimki, ishq otashila boʻldi hadar,

Uni yondirmas oddiy otashlar.

Meni oʻldirsalar ham men yasharman,

Tark etib xalqni xoliqqa shosharman.

Abadiyat mening mozorimdir,

Chunki sultoni-ishq yorimdir.

Ishq uchun jon nishon etgan erlar,

Abadiy bir hayot ichida kular.

"Jarlik" tragediyasi

tahrir

„Jarlik“ fojiasi (1919) bilan Husayn Jovid ijodining birinchi bosqichi yakunlanadi. Mavzusi Turkiya hayotidan olingan bu asarda adib sunʼiy shaklda yevropalashishning, yot taʼsirlarning milliy maʼnaviyat bilan toʻgʻri kelmagan xunukliklarini aks ettirgan.

"Ofat" tragediyasi

tahrir

Sovet hokimiyati yillarida yozilgan pyesalari bilan Husayn Jovid dramaturgiyasining yangi bosqichi boshlanadi. Bu davrda yozilgan ilk asari „Ofat“ (1922) tragediyasida kibor jamiyatning tor doiradagi axloqining puchligi ochib berilgan. Ofatning doktor Qoratoy yolgʻonlariga ishonib, qoʻpol, maʼnaviy qashshoq boʻlgan eri Oʻzdemirni oʻldirishi, keyinchalik esa oʻzini mahv qilishi oʻsha doiraning fojiasi sifatida koʻrsatadi.

"Paygʻambar" va „Temurlang“ tarixiy dramalari

tahrir

Husayn Jovidning faqat ijodida emas, balki shaxsiy hayotida „Paygʻambar“ va „Temurlang“ asarlarining oʻziga xos oʻrni bor. Avvalo, har ikki asarda Jovid ilk bora tarixiy shaxsiyatga va tarixdan olingan hodisalarga murojaat qildi. Ikkinchisi esa buyuk adib tarixiy mavzuga zamonaviy jihatdan yondashgan, bu esa oʻsha davrning adabiy tanqidi tomonidan bir qancha hollarda mavjud jamiyat bilan bogʻliqligi taxmin qilinganda Husayn Jovid uchun baʼzi qiyinchiliklarni yaratgandi. Jovid, shuningdek, Temurni bir hukmdor sifatida, Muhammad paygʻambarni esa islom dinining asoschisi sifatida ideallashtirishda ayblandi. Aslida esa dramaturgning maqsadi „Temurlang“ asarida hokimiyatning kuchi haqida, „Paygʻambar“da esa insonning muqaddaslik martabasiga yuksala olishi haqida hikoya qilish edi. Har ikki asarda dramatik vositalar bilan birga, tasvirga, hikoyaga muayyan oʻrin bergan, bu esa ushbu badiiy namunalarning sahnaga olib chiqilishini qiyinlashtiradi. „Paygʻambar“ dramasi esa sahna uchun nazarda tutilmagan.

"Knyaz" dramasi

tahrir

„Knyaz“ dramasi (1929) Jovid zamonaviylikka yaqinroq edi: Bu jihatdan „Knyaz“ dramasi Jovid ijodidagi yangi ahvoli-ruhiyatni aks ettiruvchi asar sifatida jiddiy qiziqish uygʻotadi. Kayfi safo bilan kun kechirgan Knyazning majburlab uylangan qishloq qizi Jasminning ularning uyida xizmat qilgan Margoning oʻgʻli bolshevik Antonni tanlashi va mojaroli hodisalardan soʻng unga qovushishi Jovid ijodida alohida oʻrin tutgan ozod sevgining va pok muhabbat tantanasi motivining yangi sharoitda jonlantirilishiga xizmat qilgan. Dramaturg gurkiragan inqilob toʻlqinlaridan qoʻrqib Yevropaga qochgan knyazning va uning oilasi fojiasini ham mahorat bilan tasvirlagan.

Mashhur Eron shoiri Abulqosim Firdavsiy tavalludining ming yillik yubileyi munosabati bilan oʻtkazilgan musobaqada ishtirok etgan va tanlangan Husayn Jovid 1932-yilda „Siyovush“ fojiasini yozib tugatdi. Asar Firdavsiyning „Shohnoma“ dostoni motivlari asosida qalamga olingan. Lekin Jovid buyuk Firdavsiyni takrorlamadi, Eron-Turon ziddiyatlari tasviridan yaralgan „Shohnoma“dan farqli ravishda insonlarning, munosabatlarning yaqinlashtirish yoʻllaridagi toʻsiqlarning olib tashlanishi haqida soʻz yuritgan.

"Xayyom" dramasi

tahrir

Bu asarda Jovid buyuk shoir va mutafakkir Umar Xayyom siymosida davrining favqulodda yuksala olgan romantik qahramonni jonlantirdi. Xayyom shubhalari va hayot ishqi Jovidga ijodkor va jamiyat muammosiga munosabatini ifoda etish uchun munosib sharoit yaratgan. Buyuk turk hukmdori Alp Arslon va uning oʻgʻli Malikshohning ilmiy-adabiy faoliyat uchun yartagan muhitning Xayyom kabi ijodkorning yetishtira olishini taʼkidlagan muallif goʻyo mantiqiy maʼnoda yangi tuzilgan sovet davrlarida bularning barchasini topa olmaganini aytib oʻtgan. Qonli repressiya rejimi boshlanishi arafasida ilgari surilgan gʻoya yaxshilik va yomonlikning azaliy-abadiy kurashining yangi sharoitdagi aks-sadosi sifatida jaranglardi.

Ozarbayjon teatrlarida Husayn Jovidning dramatik asarlari katta muvaffaqiyat bilan namoyish etilgan. Ozarbayjonda oʻziga xos anʼanalarga ega Jovid teatri mavjud. Jovidning romantik dramaturgiyasi milliy madaniyatimiz taraqqiyotiga katta tuhfa edi. Rejissorlarning, aktyorlarning bir necha nasli Jovid teatri asosida yetishgan va shakllangan.

Xotirasi

tahrir

Shoir tavalludining 100 yillik yubileyi keng nishonlandi. Naxichevanda uy-muzeyi yaratildi (1981).

Yubiley arafasida jasadi Irkutsk viloyatidan Naxichevanga olib kelinib, uy-muzeyi yaqinida dafn etildi. Naxichevanda uning qabri ustida muhtasham maqbara qad koʻtardi.

Boku shahri Yasamal tumani Husayn Jovid prospekti uning nomi bilan atalgan.

Oilasi

tahrir

Asarlari

tahrir
  • Husayn Jovid. Ona. (drama)
  • Husayn Jovid. Jayron (tragediya)
  • Husayn Jovid. Siyovush (tragediya)
  • Husayn Jovid. Shayx Sanon (tragediya)
  • Husayn Jovid. Iblis (tragediya)
  • Husayn Jovid. Azer (poema)

Filmografiya

tahrir
  1. Jovidni xotirlab (film, 1982) (ozar.)
  2. Temurlang (film, 1983) (ozar.)
  3. Husayn Jovid (film, 1988) (ozar.)
  4. Qaytish (film, 1992) (ozar.)
  5. Samo shoiri (film, 2003) (ozar.)
  6. Jovid umri (film, 2007) (ozar.)

Sheʼrlari asosida va shoirga bagʻishlangan musiqalar

tahrir

Asarlariga spektakllar

tahrir

Jovidshunos olimlar va asarlari

tahrir

Yana qarang

tahrir

Xarici keçidlər

tahrir

Manbalar

tahrir
  1. http://anl.az/el/c/ch_e1.pdf
  2. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  3. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  4. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  5. http://modern.az/az/news/145884#gsc.tab=0
  6. http://modern.az/az/news/145884#gsc.tab=0
  7. http://modern.az/az/news/145884#gsc.tab=0
  8. http://anl.az/el/c/ch_e2.pdf