Hushsizlik
Hushsizlik, hushdan ketish – miyaning qon bilan taʼminlanishi buzilishi natijasida qisqa muddat roʻy beradigan holat. Ruhiy iztirob (qoʻrqish, hayajonlanish), ogʻriq (buyrak, jigar ogʻrigʻi), ichak sanchigʻi, oftob urishi taʼsirida, baʼzida gorizontal holatdan tik holatga oʻtganda va boshqalarda uchraydi. Koʻpincha oʻta toliqqan, och qolgan, infeksion kasalliklar bilan ogʻrigan kishilarda kuzatiladi. Hushsizlik markaziy nerv sistemasi yoki yurak faoliyati buzilganlik belgisi boʻlishi mumkin. Hushsizlik oldidan bemorning boshi aylanadi, boʻshashadi, koʻzi tinadi, qulogʻi shangʻillaydi, qoʻl-oyoqlari uvushadi; baʼzan Hushsizlik holati shu belgilar bilan oʻtib ketishi, bemor hushini butunlay yoʻqotmasligi ham mumkin. Hushsizlikda bemorning nafas olishi sustlashib, koʻz qorachigʻi torayadi, soʻng kengayadi va yorugʻlikdan taʼsirlanmaydi, pulsi zaiflashadi, tanasini muzdek ter bosadi, rangi oqarib, toʻsatdan yiqiladi. Hushsizlik bir necha soniyadan 1—2 daqiqagacha, baʼzan undan koʻproq davom etishi mumkin. Yuraktomir sistemasida jiddiy oʻzgarishlar boʻlmasa, Hushsizlik tezda oʻtib ketadi; bemorning es-hushi, rangi oʻziga kelib. pulsi va nafas olishi normallashgani bilan bosh ogʻrigʻi, quvvatsizlik. horgʻinlik alomatlari anchagacha davom etib turadi. Hushsizlikda bemorni hushiga keltirish uchun u yotgan xona sof havo bilan shamollatiladi, siqib turadigan kiyimlari boʻshatiladi, bosh tomonini pastroq qilib yotqiziladi; yuzi va koʻkragiga sovuq suv purkaladi yoki sochiq hoʻllab bosiladi; nashatir spirti hidlatiladi va chakkasiga surtiladi (sirka yoki odekolon surtsa ham boʻladi), oyogʻiga issiq grelka qoʻyiladi yoki dagʻalroq narsa bilan ishqalanadi. Bemor hushiga kelgach issiq shirin choy yoki kofe ichiriladi. Hushsizlik roʻy berganda, albatta, shifokor chaqirish kerak.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |