Husnushoh xotun
Husnushoh xotun (turkcha: Hüsnüşah Hatun[1][2][3]) yoki Husnushad xotun (turkcha: Hüsnüşad Hatun[1]; 1511-yildan keyin Bursada vafot etgan) – Usmoniylar imperiyasi sultoni Boyazid II ning kanizagi, Shahzoda Shahinshoh va Sultonzoda xotunning onasi. Sultonlarning koʻplab rafiqalari kabi Husnushoh ham xayriya ishlari bilan shugʻullangan, jumladan, u Manisada Xatuniya masjidi qurilishining tashabbuskorlaridan biri boʻlgan.
Husnushoh xotun | |
---|---|
Tavalludi |
Nomaʼlum Nomaʼlum |
Vafoti |
1511-yildan keyin Bursa, Usmonli imperiyasi |
Fuqaroligi | Usmonli imperiyasi |
Turmush oʻrtogʻi | Boyazid II |
Bolalari | Shahzoda Shahinshoh va Sultonzoda Xotun |
Otasi | Nomaʼlum |
Onasi | Nomaʼlum |
Hayoti
tahrirHusnushoh xotun boʻlajak Sulton Boyazid II haramiga qachon va qanday sharoitda tushgani nomaʼlum. Usmonlishunos Antony Alderson, turk tarixchisi Ismoil Hakki Uzuncharshili, shuningdek, turk tarixchisi Çağatay Uluçayning „Sultonlarning xotinlari va qizlari“ (ruscha: Жёны и дочери султанов) kitobida Husnushoh xotunning otasi deb Nasu Karamanogʻluni koʻrsatgan[2][3]. Lekin turk tarixchisi Nejdet Sakaogʻlu bu maʼlumot notoʻgʻri ekanligini aytgan. Chunki uning ismi haram arxivlarida „Husnushoh bintu Abduljalil“ deb qayd etilgan boʻlib, bu uning asl kelib chiqishi musulmon boʻlmagan oddiy kanizak ekanligini koʻrsatadi[1].
Uzuncharshili oʻzining „Usmonli davlati tarixi“ (ruscha: Истории Османского государства) kitobida va Belleten jurnalidagi maqolasida Koniyadagi bir jurnalda chop etilgan maqolaga tayanib, Husnushoh xotunni 1464-yilda tugʻilgan Shahzoda Shahinshohning onasi ekanligini aytgan[1]. Alderson ham Husnushohni Shahinshohning onasi deb aytadi, lekin Shahzoda Shahinshohning tugʻilgan yilini 1460-yil deb koʻrsatadi[2]. Çağatay Uluçay oʻzining „Boyazid II oilasi“ nomli maqolasida, Topkapı saroyi muzeyi arxivi hujjatlariga tayangan holda, Husnushoh Xotun Boyazid II ning kanizagi va uning oʻgʻli Shahinshohning[1] onasi boʻlganligini, „Sultonlarning xotinlari va qizlari“ (ruscha: Жёны и дочери султанов) kitobida esa shahzoda Shahinshoh va Sultonzoda xotun ismli farzandlari boʻlganligini aytib oʻtadi[3]. Bu maʼlumotni Nejdet Sakaogʻlu ham taʼkidlab oʻtgan[1].
Husnushoh xotunning oʻgʻli 1483–1511-yillarda Saruxon va Karamanoğulları bekligida sanjakbegi lavozimini egallashidan avval Manisada, keyin esa Konyada istiqomat qilgan. 1511-yilda Shahinshoh vafotidan keyin Husnushoh oʻgʻlining jasadini Bursaga olib borgan[1] va Murodiya majmuasiga dafn ettirgan[4]. Tarixchi Leslie Peircening yozishicha, Husnushoh xotun „Sulton Shahinshohning onasi“ deya yozilgan maktubga imzo chekib, oʻgʻlining oʻlimi haqida shaxsan oʻzi sultonga xabar bergan[5]. Husnushoh xotunning vafot etgan sanasi nomaʼlum, lekin u Bursada vafot etgan va oʻgʻli Shahzoda Shohinshohning qabri yoniga dafn etilgan[1][3].
Uluchoy va Leslie Peircening taʼkidlashicha, Husnushoh xotunning Sulton Salim I Yovuzga yozgan maktublari saqlanib qolgan boʻlib, ularda u xalqining kelajak taqdiri haqida yozgan[3][6].
Xayriya ishlari
tahrirSultonlarning boshqa xotinlari singari Husnushoh ham koʻplab xayriya ishlari bilan shugʻullangan. Jumladan, u Manisada Xatuniya masjidini (1490) va Kurshunluxon inshootini (1497) qurdirgan[1][3]. Bundan tashqari, Ibrohim Hakki Konyali „Koʻnya tarixi“ (ruscha: Истории Коньи) asarida Tokat shahrida ham imoratlar qurdirganligi haqida yozadi. Boshqa tomondan, Ibrohim Goʻkchen „Manisaning tarixiy vaqflari va imoratlari“ (ruscha: Исторические вакфы и строения Манисы) kitobida vaqflar arxividan olingan hujjatlarga asoslanib, Husnushoh xotunning buyrugʻi bilan 1497-yilda masjid, shifoxona, xayriya oshxonasi, maktab va Sarobod hammomlarini oʻz ichiga olgan Xatuniya majmuasini hamda Kurshunluxon inshootini qurdirganini, shuningdek, vaqfga asos solganligini taʼkidlab oʻtadi[1].
Manbalar
tahrir- ↑ 1,00 1,01 1,02 1,03 1,04 1,05 1,06 1,07 1,08 1,09 Sakaoğlu 2015.
- ↑ 2,0 2,1 2,2 Alderson 1956.
- ↑ 3,0 3,1 3,2 3,3 3,4 3,5 Uluçay 2011.
- ↑ Süreyya, 1 Cild 1996.
- ↑ Peirce 1993.
- ↑ Peirce 1993, s. 50.
Adabiyotlar
tahrir- Alderson An. D.. The Structure of the Ottoman Dynasty. Oxford: Clarendon Press, 1956.
- Peirce, Leslie P.. The Imperial Harem: Women and Sovereignty in the Ottoman Empire. Oxford: Oxford University Press, 1993. ISBN 0195086775, 9780195086775.
- Sakaoğlu, Necdet. Bu mülkün kadın sultanları: Vâlide sultanlar, hâtunlar, hasekiler, kadınefendiler, sultanefendiler. Oğlak Yayıncılık, 2015 — 675—676-bet. ISBN 978-9-753-29623-6.
- Süreyya Mehmed Bey. Sicill-i Osmani. Istanbul: Tarih Vakfi Yurt Yayınlar, 1996. ISBN 975-333-049-5, 975-333-038-3.
- Uluçay, M. Çağatay. Padişahların Kadınları ve Kızları. Ötüken, 2011. ISBN 9754378401, 9789754378405.