I've Just Seen a Face
„I’ve Just Seen a Face“ (tarjimasi „Hozirgina bir chehra koʻrdim“) — „The Beatles“ ingliz guruhi ijro etgan qoʻshiq. Global miqyosda guruhning 1966-yil eʼlon qilingan „Help!“ albomiga kiritilgan, ammo Shimoliy Amerikada 1965-yilning dekabrida guruhning „Rubber Soul“ albomi tarkibida eʼlon qilingan. Qoʻshiqni Paul McCartney yozgan va ijro etgan, ammo muallif oʻlaroq Lennon–McCartney koʻrsatilgan[1]. Qoʻshiq koʻtarinki ruhdagi sevgi balladasi boʻlib, unda bir koʻrishda sevib qolish holati haqida soʻz boradi. Qoʻshiq matnida qahramon his-tuygʻuga toʻlib toshib, ularni izhor qilishga qiynalayotgani hikoya qilinadi.
„I've Just Seen a Face“ | |
---|---|
„The Beatles“ qoʻshigʻi | |
„Help!“ albomidan | |
Chiqarilgan sanasi | 6-avgust, 1965-yil |
Yozib olingan | 14-iyun, 1965-yil |
Studiya | EMI, London |
Janr | Folk-rok, kantri va uestern, pop-rok |
Davomiyligi | 2:02 |
Leybl | Parlophone |
Matn muallif(lar)i | Lennon–McCartney |
Prodyuser(lar) | George Martin |
Licensed audio | |
„I've Just Seen A Face“ YouTubeda |
Tarona dastlab kantri va uestern uslubidagi pianino kompozitsiyasi oʻlaroq yozilgan va „Auntie Ginʼs Theme“ deb nomlangan[2]. McCartney qoʻshiq matnini aktrisa Jane Asher bilan munosabalaridan ilhomlanib yozgani taxmin qilinadi. „The Beatles“ qoʻshiqni 1965-yilning 14-iyunida London shahridagi „EMI Studios“ studiyasida yozib olgan. Oʻsha kuni guruh „I'm Down“ hamda „Yesterday“ taronalarini ham yozib olgan. „I’ve Just Seen a Face“ qoʻshigʻida kantri hamda uestern janri bilan bir qatorda boshqa janrlar, jumladan, folk-rok, folk, pop-rok hamda blyugrass janrlari elementlari bor. Qoʻshiq bas-gitarasiz, uch akustik gitara, kichik baraban hamda marakas bilan ijro etilgan.
Bir necha taqrizchi „I’ve Just Seen a Face“ qoʻshigʻi ritmi va matni hamda McCartney ijrosini ijobiy baholagan va qoʻshiq yetarlicha eʼtibor qozonmaganini aytgan. „Rubber Soul“ albomining Amerika uchun moʻljallangan versiyasida „Drive My Car“ qoʻshigʻi oʻrnini „I’ve Just Seen a Face“ egallagani albom folk-rok asar oʻlaroq koʻrilishiga hissa qoʻshgan. „I’ve Just Seen a Face“ McCartney oʻzining „Paul McCartney and Wings“ guruhi bilan ijro etgan ilk qoʻshiqlarning biridir. Guruhning 1975—76-yilgi konsert turi davomida yozib olingan versiya „Wings over America“ jonli albomiga hamda 1980-yil suratga olingan „Rockshow“ konsert filmiga kiritilgan. Taronaning blyugrass janrida ijod qiluvchi bir necha guruh, jumladan, „Charles River Valley Boys“, „The Dillards“ hamda „New Grass Revival“ guruhlari kaver qilgan. Shuningdek, qoʻshiqni xonandalar George Martin, Holly Cole va Brandi Carlile ham ijro etishgan.
Manbalar
tahrirSnoskalar
tahrir- ↑ MacDonald 2007, s. 155.
- ↑ Badman 2001, s. 97; Turner 2005, s. 83; Shea & Rodriguez 2007, s. 285.
Adabiyotlar
tahrir- Badman, Keith. The Beatles Diary Volume 2: After The Break-Up 1970–2001. London: Omnibus Press, 2001. ISBN 0-7119-8307-0.
- MacDonald, Ian. Revolution in the Head: The Beatles' Records and the Sixties, Third, Chicago: Chicago Review Press, 2007. ISBN 978-1-55652-733-3.
- Shea, Stuart; Rodriguez, Robert. Fab Four FAQ: Everything Left to Know About the Beatles ... and More!. New York: Hal Leonard Books, 2007. ISBN 978-1-4234-2138-2.
- Turner, Steve. A Hard Day's Write: The Stories Behind Every Beatles Song, New and Updated, New York: HarperCollins, 2005. ISBN 978-0-06-084409-7.