Ibrohim Haqqulov — filologiya fanlari doktori, professor, „Mehnat faxriysi“ II darajali koʻkrak nishoni sohibi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, oʻzbek adabiyotshunosligining rivojlanishiga munosib hissa qoʻshgan va oʻzbek adabiyoti namunalarini yangicha tahlil va talqinda tadqiq etgan olim. Taniqli adabiyotshunos 1949-yil 28-martda Buxoro viloyati Shofirkon tumanida tugʻilgan[1]. 1966—1970-yillarda Buxoro davlat pedagogika institutida tahsil oldi. Ibrohim Haqqul „Oʻzbek xalq maqollari“ (1978)ning tuzuvchilaridan biri. 1976-yili „Oʻzbek adabiyotida ruboiy“ mavzusida nomzodlik, 1995-yili „Oʻzbek tasavvuf sheʼriyatining shakllanishi va taraqqiyoti“ mavzuida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. Dastlab uning „Oʻzbek adabiyotida ruboiy“ (1981), „Uvaysiy sheʼriyati“ (1982), „Badiiy soʻz shukuhi“ (1987) kitoblari nashr etilgan boʻlsa, keyin „Zanjirband sher qoshida“ (1989), „Sheʼriyat — ruhiy munosabat“ (1989), „Abadiyat farzandlari“ (1990), „Tasavvuf va sheʼriyat“ (1991), „Kamol et kasbkim…“ (1991), „Gʻazal sogʻinchi“ (1991) kabi kitoblari bosilib chiqqan. Ibrohim Haqqul „Ahmad Yassaviy“, „Kim nimaga tayanadi?“, „Eʼtiqod va ijod“, „Tasavvuf saboqlari“, „Taqdir va tafakkur“, „Ijod iqlimi“, „Mushohada yogʻdusi“, „Meros va mohiyat“, „Soʻzdagi oʻzlik“, „Shaxsiyat va sheʼriyat“, „Talant — jasorat javhari“, „Mushohada yogʻdusi — 2“ „Hayot, adabiyot va abadiyat“ deb nomlangan risola va kitoblarini chop ettirdi[1]. „Navoiyga qaytish“ nomi bilan 4 kitob („Navoiyga qaytish“ (Toshkent: „Fan“, 2010), „Navoiyga qaytish — 2“ (Toshkent: „Fan“, 2011), „Navoiyga qaytish — 3“ (Toshkent: „Tafakkur“, 2016), „Navoiyga qaytish — 4“ (Toshkent: „Tafakkur“, 2020) kitoblari muallifi. 1000 dan ortiq maqola, 50 ga yaqin monografiya va risolalar yozgan, turli davrlarda adabiyotga, ayniqsa, mumtoz adabiyot vakillari ijodiyotiga bagʻishlab oʻtkaziladigan ilmiy anjuman va konferensiyalarning doimiy ishtirokchilaridandir. Uning ayrim maqola va kitoblari turk, uygʻur, ozarbayjon, tojik va rus tillariga tarjima qilinib, nashr etilgan[1]. 2022-yil 28-iyunda vafot etgan. 2022-yil 29-iyun kuni Shofirkon tumani Talija qishlogʻidagi qabristonga danf etilgan.

Ibrohim Haqqulov
Tavalludi 28-mart 1949-yil
Shofirkon tumani, Buxoro viloyati, Oʻzbekiston SSR
Vafoti 28-iyun 2022-yil(2022-06-28)
(73 yoshda)
Toshkent, Oʻzbekiston
Fuqaroligi Oʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston
Taʼlimi Buxoro davlat pedagogika instituti
Ilmiy darajasi filologiya fanlari doktori
Ilmiy unvoni professor

Manbalar tahrir

  1. 1,0 1,1 1,2 Oʻzbekistonning taniqli olimlari ensiklopediyasi, 2-tom (oʻzbekcha), Toshkent: Science and Innovation, 2023 — 383 bet. 

Andoza:OʻTOE