Idrok — tirik organizmning maʼlumotlarni qabul qilib, qayta ishlash jarayoni; organizmga obyektiv reallikni aks ettirish va tashqi olamdagi yangidan-yangi vaziyatlarni baholab, shunga yarasha harakat qilish imkonini beradi.

Idrok ongning , miyaning ijodiy jarayonidir. Idrokning fiziologik asosi bosh miya yarim sharlari poʻstlogʻining analiz va sintez faoliyatidan iborat. Bu faoliyat sezgi aʼzolarimizga taʼsir qilib turgan narsalarning bitta xususiyati bilan emas, balki jami xususiyatlarining taʼsiri bilan bogʻliq. Idrok ana shu barcha xususiyatlar oʻrtasidagi muvaqqat bogʻlanish (qarang Assotsiatsiya) natijasida yuzaga keladi. Inson miyasining umumlashtiruvchi faoliyatiga asoslangan idrok jarayoniga kishining tajribasi, bilim, abstrakt tafakkurning faoliyati va boshqalar ham ishtirok etadi (qarang Appersepsiya). Shuning uchun kishilar ayni bir narsa yoki hodisani yoshlari, maʼlumotlari, turmush tajribalari, kasblari, ijtimoiy kelib chiqishlari, xarakteri, qobiliyati va qiziqishlarida koʻrinadigan shaxsiy xususiyatlariga qarab har xil idrok qiladilar. Masalan, tegishli ixtisosi boʻlmagan kishining birorta yangi mashinani idrok qilishi ixtisosi bor odamning idrokiga qaraganda tor va yuzaki boʻladi.

Idrokning muhim xususiyatlaridan biri barqaror (konstant)ligidir. Inson bir vaqtda idrok qilgan narsani oʻz xotirasida saqlab qolish va uni qayta tiklash qobiliyatiga ega. Bir narsaning ana shunday qayta tiklangan timsoli (qarang Tasavvur) idrok jarayonining ajralmas qismi. Idrokning xususiyati koʻp jihatdan hissiy kechinmalarga (shodlik, gʻamginlik, tajanglik va hokazo) ham bogʻliq. Masalan, kishining taʼbi xira vaqtida tabiat manzaralari unga allaqanday soʻniqdek koʻrinsa, taʼbi chogʻ vaqtida u butunlay boshqacha koʻrinadi.[1]

Manbalar

tahrir
  1. Gʻayrat Shoumarov. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil