Ijtimoiy psixologik reabilitatsiya

Reabilitatsiya (lot. rehabilitatio – tiklash) tushunchasi insoniyat tarixida nisbatan yangi tushuncha hisoblanadi. Ushbu sahifada muvofiq ravishda ijtimoiy va ijtimoiy psixologik reabilitatsiya turlarini koʻrib chiqamiz.

Ijtimoiy reabilitatsiya

tahrir

Ijtimoiy reabilitatsiya – bu insonning ijtimoiy mavqeyi, sogʻligi, ishga layoqatlilik holatini tiklashga qaratilgan kompleks choralar tizimidir. Ijtimoiy reabilitatsion faoliyatning turli darajalari farqlanadi: ijtimoiy tibbiy, kasbiy-mehnat, ijtimoiy psixologik, ijtimoiy rolli, ijtimoiy huquqiy va boshqalar.

Ijtimoiy psixologik reabilitatsiya

tahrir

Ijtimoiy psixologik reabilitatsiya mijoz(nogirin va boshqalar)ga jamiyatda va atrof muhitda adaptatsiya jarayonining samarali kechishiga, maʼnaviy-psixologik muvozanatga erishishga, oʻziga ishonishga, psixologik diskomfortni bartaraf etishga, toʻliq hayot bilan yashab ketishga yordam beradi. Xususan, dunyo boʻylab soʻnggi yillarda ekstremal vaziyatlar (texnogen va tabiiy ofatlar, millatlararo nizolar, terroristik aktlar) soni oʻsib bormoqda. Bu esa yuqoridagi vaziyatlar qurbonlariga tezkorlik bilan psixologik yordam koʻrsatishga qodir mutaxassislarni tayyorlash zaruratini tugʻdirmoqda. 80-yillar oxirida paydo boʻlgan jarohatdan keyingi buzilishlar "psixik jarohat" tushunchasi bilan nomlana boshlandi. Inson tomonidan hodisa uning mavjud boʻlishi uchun xavf tugʻdirayotgandek, normal hayot faoliyatini buzayotgandek va u uchun jarohatlovchi voqeadek, yaʼni maʼlum turdagi iztirob, qaygʻu sifatida idrok etiladi. Psixolog va psixoterapevtlar borgan sayin koʻproq psixik jarohat olgan odamlar bilan ishlashlariga toʻgʻri kelmoqda, bularga: majburan koʻchirilganlar va qochoqlar, garovga olingan qurbonlar, bosqinchilik, otishmalar, qarindoshlari oʻlimini, talonchilik bosqinlarini, shuningdek, keng masshtabli tabiiy va texnogen fojealarni boshidan kechirgan insonlar misol boʻla oladi. Psixologik jarohatning asosiy mazmunini hayot maʼlum tartibga muvofiq tuzilganligi va nazorat qilinishi mumkinligiga ishonchning yoʻqolishi tashkil etadi. Olingan jarohat vaqtni idrok qilishga ham taʼsir koʻrsatadi va uning taʼsiri ostida oʻtgan, hozirgi va kelajak zamonni koʻrish ham oʻzgaradi.[1]

Obyekti

tahrir

Ijtimoiy psixologik reabilitatsiya obyekti:

  • kasal va nogironlar bilan bir qatorda nafaqaxoʻr va keksalar;
  • uysiz, qarovsiz va koʻchada qolgan bolalar hamda oʻsmirlar;
  • ishsizlar, qochoqlar va migrantlar;
  • ekstremal vaziyatga tushgan odamlar;
  • hukmni oʻtayotganlar va ozodlikka chiqqanlar;
  • alkogoliklar va giyohvandlar kabilar hisoblanadi.

Ijtimoiy psixologik reabilitatsiyaning obyektini umumlashtirib 3 guruhga ajratish mumkin:

  1. Ijtimoiy kam himoyalangan guruhlar (yetimlar, nogironlar va boshqalar);
  2. Marginallar guruhi (daydilar, qarovsiz qolganlar);
  3. Xulqi ogʻishgan shaxslar (hukm qilinganlar, alkogoliklar, giyohvandlar va boshqalar).

Xulosa

tahrir

Shunday qilib reabilitatsiyaning umumiy mazmuni quyidagilardan iborat:

  • Bemorlar, nogironlar hamda boshqalarning aqliy, jismoniy qobiliyatini funksional tiklash;
  • Mehnatga moslashish (mehnat terapiya);
  • Uzluksiz ijtimoiy psixologik reablitatsiya yordamida shaxsni har kunlik hayot faoliyatiga psixik funksiyalari va kommunikativ qobiliyatlarini qayta tiklash asosida qoʻshiluvini taʼminlash.[2]

Manbalar

tahrir
  1. Цуканова Е.В. Психологические механизмы поведения и деятельности личности в экстремальных условиях (Материалы к лекции). М., РСПИ, 1991. 
  2. N.Komilova., Ijtimoiy reabilitatsiya. O‘quv qo‘llanma, Toshkent, 2017. 220 b.