Iloq (Carex physodes) — hiloldoshlar oilasiga mansub ildizpoya koʻp yillik oʻt. Boʻyi 15—20 sm, poyasi uch qirrali, barglari ensiz, gullari koʻrimsiz. Mevasi qoʻngʻir. Ildizpoyasi 10— 20 sm chuqurlikka joylashib, har 10—20 sm dan poya chiqaradi. Shuning uchun ildizpoyasining boshlangan va tugagan joyini topish qiyin. I. qalin va chigal toʻr ildiz hosil qilib, qumni koʻchmaydigan qiladi. Oʻrta Osiyodagi barcha qumli choʻllarda har xil buta va oʻtlar bilan birga poyonsiz I. zorlar hosil qiladi. I. fevralda koʻkarib, martda gullaydi, mayda urugʻi pishib, poya va barglari quriydi. I., asosan, vegetativ yoʻl bilan koʻpayadi. I. toʻyimli ozuqa, tarkibida (gullash davrida) 20% cha oqsil, 3,1% moy, 24,4% kletchatka boʻladi. Qizilqum oʻtloqlarida I. qoʻylar bahorgi ovqatining 85% ini, yozdagisining 70% ini tashkil qiladi. [1]

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil