Inolchiq
Inolchiq, Inolchuq (7-1220, Samarqand) — Oʻtror hokimi (1210—20), Muhammad Xorazmshohning yirik sarkardalaridan, Turkon xotunttt ama-kivachchasi. Majusiylikka eʼtiqod qilib yurgan kezlaridagi ismi — Yagantugʻdi (Yagan — qad. turkiychada filni anglatadi), Islomni qabul qilgandan keyingi ismi esa Tojuddin. Gʻoyrxon (yoki Qadrxon) "Qudratli hokim" degan unvon sohibi. I. 1218 y. Chingizxonnnng Umar Xoja Oʻtroriy, Jamol Marogʻiy, Faxruddin Dizakiy (Jizzaxiy) al-Buxoriy, Aminuddin Hiraviy boshchiligidagi 450 kishilik savdo karvoni Oʻtrorga kelganda, mazkur karvon ahlining savdogarlar niqobi ostida joʻnatilgan moʻgʻul josuslari ekanini fahmlab, zudlik bilan shu haqda Muhammad Xorazmshohga xabar yuboradi. Ammo, u Xorazmshohning maxsus farmon yuborilgungacha, karvon ahlini ehtiyotlash zarurligi xususidagi buyrugʻiga eʼtibor qilmay, ularning deyarli barchasini qatl qilib, mol-mulklarini musodara etadi. Shunda ta-sodifan omon qolgan bir moʻgʻul Pekinga qochib borib, Chingizxonni boʻlgan voqeadan xabardor qiladi. Chingizxon Xorazmshoh huzuriga Kafraj Bugʻroni 2 moʻgʻul hamrohligida elchi qilib joʻnatib, I.ni ular qoʻliga topshirmoqni talab qiladi. Lekin, Xorazmshoh I.ning oʻziga yaqin qarindosh, jasur sarkarda va qoʻshinning asosiy qismida uning qavmiga mansub kishilar sarkarda ekanini inobatga olib, Chingizxonning bu talabini qatʼiyan rad etadida, Kafraj Bugʻro bilan boyagi 2 moʻgʻulni qatl etdiradi (Ibn al-Asirniit yozishicha, faqat elchi oʻldirilib, uning hamroxlari soqollari qirqib tashlangan holda qoʻyib yuborilgan). Shundan soʻng , I. moʻgʻullar bilan boʻlishi muqarrar jangga hozirlik koʻrib, 20 ming kishilik qoʻshin toʻplaydi, Xorazmshoh unga 10 ming askarni madadga yuboradi. 1219 y. sent. da Chingizxon 100 mingdan ortiq askar bilan Oʻtrorni qamal qiladi. I. 5 oylik qamal davomida oʻz qoʻshini va shahar aholisi bilan birgalikda moʻgʻullarga qattiq qarshilik koʻrsatib, ulardan bir necha minggini halok etadi. Ammo, suv va yegulik tanqisligi, kuchlarning teng emasligi oqibatida mudofaachilar holdan ketib, moʻgʻullar shaharga kirishga muvaffaq boʻladi. Ikki oʻrtada shiddatli jang boʻlib, I. qoʻshini yengiladi. Otisha-otisha bir dona ham oʻqi qolmagan I., vayron boʻlgan qalʼa gʻishtlari bilan bir qancha moʻgʻullarni urib oʻldiradi. Oxiri, moʻgʻullar koʻpchilik boʻlib uning ustiga tashlanadida, qoʻl-oyoqlarini bogʻlab Samarqandga — Chingizxonning huzuriga olib boradi. Chingizxon uning koʻzu quloqlariga kumush eritib quyishni amr qiladi (yana q. Oʻtror mudofaasi).[1]
Manbalar
tahrir
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |