Interseksuallik (lot. inter -oraliq va sekus — jins) — ayrim jinsli organizmda ikki xil jinsga xos belgilar boʻlishi. Bu belgilar toʻliq rivojlanmagan, yaʼni oraliq holatda boʻlib (Germafroditizm bilan solishtiring), tananing maʼlum bir qismida birgalikda namoyon boʻladi. Odatda, bun-day organizm (interseks)ning individual rivojlanishi meʼyorda boshlanadi, ammo maʼlum davrdan boshlab boshqa jinsga xos tipda davom etadi. Organizm rivojlanishi qancha erta boshlansa, I. shuncha keskin namoyon boʻladi. Zigotalik, yaʼni genetik asosga ega boʻlgan I. kariotip yoki zigota genetik tarkibining meʼyordan chetga chiqishi tufayli paydo boʻladi. Bunday holda organizmning I. darajasi xromosom yoki gen balansi, yaʼni jinsiy xromosomalar sonining avtosomalar soniga nisbati hamda ulardagi jinsni belgilovchi genlarga bogʻliq boʻladi. Odamda aniqlangan I.ning har xil shakli, yaʼni psevdogermafroditizm jinsiy xromosomalar sonining oʻzgarishi bilan bogliq boʻlishi mumkin.

Gormonal I. ayrim jinsli hayvonlarda endokrin sistemasi, xususan, umurtqalilarda buyrak usti bezi poʻstloq qismi hamda gipofizning oldingi boʻlagidagi funksional yoki organik oʻzgarishlar tufayli paydo boʻladi. Gormonal I.ni hayvonlarni kastratsiya qilish (bichish) yoki unga boshqa jinsning bezini koʻchirib oʻtkazish orqali paydo qilish mumkin. Bunday hollarda urgʻochi hayvonlarda erkak jins uchun xos boʻlgan ikkilamchi jinsiy belgilar paydo boʻladi (maskulinizatsiya), erkak hayvonlarda esa, aksincha, urgʻochi hayvon uchun xos belgilar rivojlana boshlaydi (feminizatsiya). [1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil