Ion kanallari, ion oʻtkazuvchi kanallar —tirik hujayra va hujayra organoidlarining lipoproteid tabiatli membranalarida, membrananing har xil modda va ionlarga boʻlgan tanlab oʻtkazuvchanlik xossasini taʼminlovchi molekulyar sistemalar (Na+, K+ va Ca2+ kanallari, mitoxondriya va bakteriya hujayrasi membranasidagi proton kanallari). Ion kanallari dastlab nerv hujayrasi membranasida, keyinchalik boshqa toʻqimalarda hamda sitoplazmik membranalar komplekslari, sitoxromoksidazalar, rodopsin va boshqalar tarkibida qayd etilgan. Oqsillar membranani "teshib oʻtib", ion oʻtkazuvchi sistema hosil qiladi. Ion kanallarining tanlab oʻtkazish xususiyati uning geometrik parametrlari, ichki devori va boʻshligʻida joylashgan kimyoviy guruhlar xususiyatiga bogʻliq. Ion kanallari orqali transport faol (energiya sarfi orqali) va passiv (membrananing ikki tomonidagi elektrokimyoviy potensiallar farqi orqali) boʻladi. Bitta ion kanali orqali bir sek. da 107 — 10" ion oʻta oladi. Bir qancha birikmalar ion kanali elementlari bilan birikib, kanalning chala oʻtkazuvchanlik xususiyatini buzadi (chayonlar va ilonlar zaharidagi toksinlar, ayrim baqalar terisidan ajraladigan batroxotoksin, tetradotoksin va tetraetilammoniy). Ayrim tuban molekulali birikmalar, mas, antibiotiklar (gramitsidin A, alametitsin, amfoteritsin) yordamida membranada ion kanallarini hosil qilish mumkin. Bu birikmalarning zahar sifatida taʼsiri membrana oʻtkazuvchanligining oshib ketishi tufayli hujayradagi ion muvozanatining buzilishi bilan bogʻliq.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil