Iqlim mavsumlari - yilning iqlim xususiyatlari boʻyicha boʻlinadigan qismlari. I.m. va ularning davomiyligi yer sharining turli rayonlarida turlicha boʻlgan. Namlik bir tekis, temperatura amplitudasi kichik ekvator mintaqasida yilni I.m.ga ajratishga hojat yoʻq. Yogʻinlarning yillik oʻzgarishi yaqqol ifodalangan subekvatorial mintaqalar quruq va yogʻinli I.m.ga ajratiladi. Mussonli tropiklarda quruq qish va namli yozdan tashqari, mussonlar almashinuvida qisqa oʻtish mavsumlariga ham ajratiladi, bunda yozgi musson boshlanishi oldidagi bahor koʻpchilik hollarda yozga qaraganda iliqroq keladi. Oʻrta kengliklarda, xususan, Oʻzbekistonda 4 ta mustaqil mavsum (bahor, yoz, kuz, qish) yaxshi ifodalangan. Qutb rayonlarida bahor va kuz qisqa oʻtish mavsumlariga aylanadi.

Tropik mintaqalarda (shim. va jan. tropiklar oraligʻida) Quyosh yilda 2 marta zenitda boʻladi: ekvatorda kun-duz davomiyligi butun yil davomida 12 soatga teng , tropik mintaqalarda esa 11 — 13 soatgacha oraliqda oʻzgaradi. Tropik mintaqada atmosferaning yuqori chegarasiga keladigan quyosh radiatsiyasining yil davomidagi oqimi kichik amplitudali oʻzgaradi va ikki-ta maksimumga erishadi. Oʻrta mintaqalarda atmosfera yuqori chegarasida gorizontal yuzaga keluvchi quyosh radiatsiyasi oqimi tropikdagi oqimdan kam farqlanadi: Quyoshning kichik balandligi kunduzning uzoq davomiyligi qisobiga qoplanadi. Ammo, qishda radiatsiya oqimi qutb tomon kenglik boʻyicha tez kamayib boradi. Qutbiy kengliklarda kunduzlarning uzoq davomiyligi tufayli yozgi radiatsiya oqimi yetarlicha katta. Yozgi quyosh tik turishi kunida qutbda gorizontal yuzaga keluvchi radiatsiya hatto ekvatorga qaraganda koʻproq. Biroq qutbda kishki yarim yillikda radiatsiya oqimi umuman kuzatilmaydi.

Yoʻldosh Togʻaymurodov.[1]

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil