Irgʻiz daryosi boʻyidagi jang

Irgʻiz daryosi boʻyidagi jang (1216) — Muhammad Xorazmshoh qoʻshini bilan moʻgʻullar oʻrtasidagi jang. Hozirgi Qozogʻistonning Toʻrgʻay viloyatidagi Irgʻiz daryosi boʻyida sodir boʻlgan. Xorazmshoh qoʻshini (60 ming kishi) moʻgʻullarning Joʻjixon, Subutoy bahodir, Toxuchar noʻyon boshchiligidagi 20 minglik qoʻshini bilan toʻqnashgan. Moʻgʻullar Chingizxon buyrugʻiga koʻra merkit qabilasini tor-mor qilib orqaga qaytmoqchi boʻlganda Xorazmshoh qoʻshiniga duch kelgan. Moʻgʻullar dastlab jang qilishdan voz kechishgan, birok Muhammad Xorazmshoh bilan oʻchakishib qolib, jangga kirishga majbur boʻlishgan. Har ikki tomondan oʻng qanot raqibning soʻl qanotidan ustun kelgan, musulmon qoʻshinining oʻng qanotiga Jaloliddin Manguberdi bosh boʻlgan, uning jasorati tufayli Xorazmshoh qoʻshini magʻlubiyatdan qutulib qolgan. Jangdan soʻng, qorongʻu tunda moʻgʻullar shoshilinch suratda chekingan. Moʻgʻullarning jangdagi jasorati Xorazmshohga katta taʼsir koʻrsatgan, bu esa keyinchalik ular bilan ochiq maydonda urishishdan qochishga va oxir oqibat saltanatining halokatiga sababchi boʻlgan.

Adabiyot

tahrir
  • Shixab ad-Din Muhammad annasavi, Jizneopisaniye sultana Dja-lal ad-Dina Mankburni, Baku, 1973.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil