Irsiyatning xromosoma nazariyasi

Irsiyatning xromosoma nazariyasi — irsiy omillarning xujayra xromosomalarida joylashishi haqidagi taʼlimot. Bu taʼlimotga koʻra, organizm belgi va xususiyatlarining nasldan naslga oʻtishi xromosomalar bilan bogʻliq. Irsiyatning xromosoma nazariyasini dastlab nemis sitolog olimi T. Boveri (1902—1907) va amerikalik olim U. Setton (1902—1903) asoslab bergan. Keyinchalik 20-asr boshlarida bu nazariya amerikalik genetik T. X. Morgan va uning xodimlari tomonidan batafsil ishlab chiqilgan. Hayvonlar jinsini aniqlashning genetik mexanizmini oʻrganish orqali jinsning jinsiy xromosomalarning naslda taqsimlanishi bilan bogʻliqligining aniqlanishi irsiyatning xromosoma nazariyasini isbotladi. Amerika genetigi K. Brijes (1913) tomonidan urgʻochi drofozilada meyoz jarayonida xromosomalarning ajralib ketmasligining kashf etilishi va jinsiy xromosomalar taqsimlanishining buzilishi birikkan irsiy belgilarning oʻzgarishi bilan bogʻliqligining aniqlanishi irsiyatning xromosoma nazariyasini uzil-kesil tasdikladi.

Irsiyatning xromosoma nazariyasi rivojlana borishi tufayli bitta xromosomada joylashgan genlar bitta birikish guruhini hosil qilishi va birgalikda irsiylanishi; birikish guruxlari soni har qaysi tur uchun doimiy boʻlib, xromosomalarning gaploid soniga teng boʻlishi; genlarning birikishi bilan bogʻliqbelgilar ham birgalikda irsiylanishi aniqlandi. Mitoz jarayonida xromosomalarning chalkashuvi (krossingo-ver) genetik materialning xromosomalar oʻrtasida qayta taqsimlanishiga (qarang Rekombinatsiya), binobarin belgilarning birikkan holda irsiylanishining buzilishiga olib kelishi mumkin. T. Morgan va b. genetik olimlarning drozofilada genlarning birikishi va krossingoverni bataf-sil oʻrganishi xromosomalarning genetik haritasini tuzib chikish uchun asos boʻldi. Keyinchalik genlarning murakkab tuzilganligi va belgilarning irsiylanishida nuklein kislotalar ahamiyati ochib beriladi.

Genlar joylashishi effekti (genlarning namoyon boʻlishi ularning xromosomalarda joylashishiga boglikligi)ning kashf etilishi genetik material diskretli va izchilligining umumiyligi toʻgʻrisidagi genetikaning eng muhim prinsiplaridan birining shakllanishiga imkon beradi[1].

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil