Isfana oʻrta maktabi
„Isfana“ oʻrta maktabi — (ruscha: Средняя школа «Исфана»; qirgʻizcha: «Исфана» орто мектеби) — Qirgʻizistonning Isfana shahrida joylashgan oʻrta maktab[1]. Oʻrta maktab deb nomlanishiga qaramasdan, maktabda 1-dan 11-gacha sinflar bor. „Isfana“ oʻrta maktabida darslar oʻzbek tilida oʻtiladi[2].
„Isfana“ oʻrta maktabi | |
---|---|
„Isfana“ oʻrta maktabiga kirish | |
Joylashgan yeri | |
Isfana, Qirgʻiziston | |
Koordinatalar | 39°49′55″N 69°31′47″E / 39.8319°N 69.5297°E |
Maʼlumot | |
Maktab turi | boshlangʻich va oʻrta maktab |
Asos solingan sanasi | 1936 |
Asos solingan sanasi | 1936-yil |
Sinflar | 1-11 |
Til | oʻzbek |
„Isfana“ oʻrta maktabiga 1936-yil asos solingan. Maktab ilk bitiruvchilarini 1938-yil chiqargan. Maktab boshida hozirgi 48-sonli kasb-hunar litseyi joylashgan yerda boʻlgan. „Isfana“ oʻrta maktabining hozirgi binosi esa 1989-yil qurib bitirilgan.
Tarixi
tahrir1936-yili Budyonniy nomli boshlangʻich maktab yetti yillik „Isfana“ nomidagi maktabga aylandi. SSRIda yetti yillik maktablar toʻliq boʻlmagan umumtaʼlim maktablari boʻlgan. Bunday maktablar 1921-yildan 1950-yillargacha mavjud boʻlgan.
1930-yillarda Isfana qishlogʻida oliy yoki oʻrta maxsus bilim yurtlarini bitirgan oʻqituvchilar juda oz boʻlgan. Avval Budenniy boshlangʻich maktabining oʻquvchilariga, keyin „Isfana“ yetti yillik maktabi oʻquvchilariga bilim berish uchun Oʻsh viloyatidan va qoʻshni respublikalardan oʻqituvchilar yuborilgan. Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi (Oʻzbek SSR) xalq maorifi komissari tomonidan Isfanaga quyidagi oʻqituvchilar joʻnatilgan: 1934-yilda Bekoboddan R. Tulamov, 1938-yilda Toshkentdan O. Toʻqtasinov, Sh. Inoyatov, K. Dundiyev.
Maktab boshida hozirgi 48-sonli kasb-hunar litseyi joylashgan yerda boʻlgan. Oʻsha paytlarda „Isfana“ maktabining binosi uch qanotli boʻlib, uning bir qanotida bolalar uyi, ikkinchi qanotida Laylak tumani maorif idorasi joylashgan boʻlgan. Uchinchi qanotda esa oʻquvchilar taʼlim olgan. Bolalar uyi 1949-yilda yopildi.
1940-yildagi maʼlumotlarga koʻra, oʻsha paytda maktabda 18 sinfda 322 oʻquvchi oʻqigan. „Isfana“ maktabi 1960-yilda sakkiz yillik majburiy taʼlimga oʻtdi. SSRIda sakkiz yillik maktablar toʻliq boʻlmagan umumtaʼlim, politexnik maktablar boʻlgan. 1960-yildan 1969-yilgacha Gʻulom Rajapov, Rizoqul Gʻaffarov, Xosiyat Qunduzovalar maktab direktori lavozimida ishlagan. „Isfana“ sakkiz yillik maktabi 1973-yili oʻrta maktabga aylandi, oʻrta maktabning taʼlim muddati 10 yilga uzaytirildi.
„Isfana“ maktabi oʻrta maktab boʻlganidan keyin quyidagi shaxslar direktor lavozimida ishlagan: Ibrohim Xolmurzaev, Hurmatoy Gʻoynazarova (1986—1996), Dadajon Komilov (1996—2000), Mamlakat Uzoqova (2000—2003), Dadajon Komilov (2003—2010), Inomjon Roʻziboyev (2010—2016) hamda Davronbek Xudoynazarov (2016—hozirgacha).
1999-yil 4-sentabrda geografiya oʻqituvchisi Jumaboy Boboyev „Isfana“ oʻrta maktabi qoshida iqtidorli oʻquvchilar uchun alohida sinflar ochdi. Bu sinflar keyinchalik gimnaziya maktabiga — Oʻzbek gimnaziyasiga aylandi.
Dars programmasi
tahrirOʻquvchilar birinchi sinfga bolaning individual rivojlanishiga qarab 6 yoki 7 yoshda olinadi. 11 yillik oʻqish boshlangʻich (1-4-sinflar), oʻrta (5-9-sinflar) va yuqori (10-11-sinflar) oʻlaroq uchga boʻlinadi. 9 yillik umumiy programmaga qatnashish majburiydir. 10-11-sinfda oʻqish majburiy emas.
Mamlakatdagi boshqa maktablardagi kabi „Isfana“ oʻrta maktabida boshlangʻich sinf oʻquvchilari alohida etajda oʻqishadi. Ularga odatda 1-dan 4-sinfgacha bitta oʻqituvchi barcha fanlarni oʻtadi (jismoniy tarbiya va chet tillaridan tashqari).
5-sinfdan boshlab har bir darsni alohida oʻqituvchi oʻqitadi. Katta sinf oʻquvchilariga matematika, informatika, fizika, kimyo, jugʻrofiya, biologiya, sanʼat, musiqa, jismoniy tarbiya, tarix, falsafa, astronomiya kabi darslar oʻtiladi.
Qirgʻizistondagi boshqa maktablardagi kabi „Isfana“ oʻrta maktabida ham ikki smenada (ertalabki va tushki) darslar oʻtiladi. Bunga sabab oʻquvchi soni koʻpligidir.
Oʻquv yili sentabr boshidan mayning oxirigacha choʻziladi va toʻrt chorakka boʻlingan. Oʻqish programmasi oʻzgarmas, doimiy. Baʼzi gʻarb mamlakatlaridan farqli oʻlaroq, oʻquvchilar yoki ularning ota-onalari qaysi darslar oʻtilishini tanlay olishmaydi. Oʻquvchilar 5 qadamli shkalada baholanadi. Amalda 2 („qoniqarsiz“) dan 5 („aʼlo“) gacha qoʻyiladi. 1 kamdan-kam ishlatiladigan keskin oʻzlashtirmaganlik belgisi. Kundalik baho berishda bu baholarni oʻqituvchilar yana guruhlarga boʻlishadi (masalan +4, -5), ammo chorak baholar faqat 2, 3, 4 yoki 5 boʻlishi mumkin.
Dars oʻtish tili
tahrir„Isfana“ oʻrta maktabida darslar oʻzbek tilida olib boriladi. Oʻzbek tili bilan birga oʻquvchilar rus, qirgʻiz va ingliz tillarini ham oʻrganishadi. Qirgʻizistondagi boshqa oʻzbek maktablardagidek, „Isfana“ oʻrta maktabida oʻzbek tilida oʻqitishning kelajagi nomaʼlum boʻlib qolmoqda.[3]
2010-yil Qirgʻiziston janubidagi sodir boʻlgan tartibsizliklar ortidan qirgʻiz rasmiylari oʻzbek tilini cheklashga va oʻzbek maktablarni majburan qirgʻizlashtirishga harakat qila boshladi.[4][5][6][7][8] Shu harakatlar doirasida 2010-yillar boshida oʻzbek tili va adabiyoti fanlariga ajratilgan dars soati ozaytirilib, oʻrniga qirgʻiz tili va adabiyoti fanlariga koʻp soat berildi.[9]
Hozirda oʻzbek tilidagi darsliklar yetishmaydi va Qirgʻiziston hukumati maktablarni mablagʻ yoʻqligini bahona qilib, oʻzbekcha kitoblar bilan taʼminlashni istamaydi. Qirgʻiz rasmiylari oʻzbek oʻquvchilarining Oʻzbekistonda chiqqan kitoblardan foydalanishga keskin qarshi boʻlgani uchun hozirda koʻp maktablarda, shu jumladan, „Isfana“ oʻrta maktabida ham aksar darslar oʻzbek tilida ammo qirgʻiz tilidagi darsliklardan foydalanib oʻtilmoqda.
Eʼtiborga loyiq bitiruvchilar
tahrir- Usmon Matkarimov (1922-1989) — „Isfana“ maktabini 1939-yil bitirgan; Isfanadagi kolxozning raisi boʻlib ishlagan; Isfana shahari va Laylak tumani rivojlanishiga salmoqli hissa qoʻshgan;[10] Usmon Matkarimov nomli gimnaziya-internatga uning nomi berilgan.
Manbalar
tahrir- ↑ „Isfana haqida umumiy maʼlumot (rus.)“. Qirgʻiziston shaharlari birlashmasi. 2008-yil 2-mayda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2012-yil 15-oktyabr. (Wayback Machine saytida 2008-05-02 sanasida arxivlangan)
- ↑ „Isfanadagi maktablar“ (ruscha). Isfana shahrining rasmiy vebsayti. Qaraldi: 2012-yil 16-yanvar.[sayt ishlamaydi]
- ↑ Usmon, Sarvar. „Qirgʻizistondagi oʻzbek maktablari taqdiri savol ostida“ (2011-yil 11-oktyabr). Qaraldi: 2012-yil 30-oktyabr.
- ↑ Sherzod. „Maqsad nima? Savodsizlarni koʻpaytirishmi?“ (2011-yil 19-noyabr). Qaraldi: 2012-yil 30-oktyabr.
- ↑ Baqit Ibraimov; Temir Aqmatov. „Oʻsh oʻzbek maktablarni man qilish haqida oʻylamoqda“ (inglizcha) (2011-yil 8-dekabr). Qaraldi: 2012-yil 22-fevral.
- ↑ Baqit Ibraimov; Temir Aqmatov. „Qirgʻizcha maktablar haqidagi keskin gaplar“ (inglizcha) (2011-yil 8-dekabr). Qaraldi: 2012-yil 22-fevral.
- ↑ Qosim, Elmurod. „Ommaviy hayotdan oʻzbek tilini yoʻq qilish“ (inglizcha) (2012-yil 26-sentyabr). 2012-yil 9-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2012-yil 9-oktyabr.
- ↑ Wisniewski, Dan. „Qirgʻizistonda oʻzbek tili yoʻq boʻlib bormoqda“ (inglizcha) (2012-yil 1-oktyabr). Qaraldi: 2012-yil 9-oktyabr.
- ↑ Ivashenko, Yekaterina. „Kimga kerak bu oʻzbekcha taʼlim?“ (ruscha) (2013-yil 13-fevral). Qaraldi: 2014-yil 15-aprel.
- ↑ Aminov, Saitmamat. "Ishoq Razzoqovning Hamyurtlari" (qirgʻ.), Oʻsh, 2005 — 385-387-bet.