Ishkamish (18-asrgacha Iskimisht, Sikimisht) — Afgʻonistonning shim.sharqida joylashgan tarixiy shahar. Oqsaroy (Qunduzdaryo) daryosi irmogʻining yuqori oqimida, Qunduz sh.dan 190 km jan.sharqda joylashgan. Xitoy yilnomasi — "Tanshu" da Siki-mi-siti sh. deb qayd etilgan (659-yil). "Hudud ul-olam"ta koʻra, 10-asrda I. dehqonchilik rivojlangan, moʻl-koʻl don yetishtiruvchi keng nohiya boʻlgan. 19-asrda mahalliy aholi oʻrtasida I. atrofidagi togʻli viloyatni "Esk-mushk" yoxud "Eshk-mushk" deb atash urf boʻlgan. I. tekis yerlar, koʻplab yaylov, oʻtloqlari boʻlgan keng vodiyda joylashgan. I.ning aholisi, asosan, oʻzbeklardan iborat boʻlib, ular dehqonchilik, chorvachilik va toʻqimachilik, shuningdek, tuz savdosi bilan shugʻullangan. Tabariyning yozishicha, 8-asrda I.da Vaxsh Xashon deb ataluvchi chashma boʻlgan. 709-yil shu chashma yonida Qutayba ibn Muslim Bodxiz sh.ning turkiylardan boʻlgan hokimi, Tohariston aholisining arablarga qarshi qoʻzgʻoloni rahbari Nizak tarxonnhh oyoq-qoʻlini dorga mixlash yoʻli bilan qatl etgan. Amir Temur va Temuriylar davrida I. butun Badaxshon kabi Temuriylar saltanatiga vassal qaramlikda boʻlgan. 15-asr oxiri — 16-asr boshlarida (1445—96), soʻngra (1507—08) bu yerda temuriy Badiuzzamon bilan Xusravshoh, Boburnmng ukasi Nosir Mirzo bilan Badaxshon beklari oʻrtasida harbiy qarakatlar sodir boʻlgan. 16-asr boshida I.ni Shayboniyxon egallagan, uning vafotidan soʻng Badaxshon 80 yil mobaynida temuriy mirzo Sulaymonshoh qoʻlida boʻlgan. Faqat 1584-yilga kelib uni Abdullaxon //egallagan. Ashtarxoniylar davrida I. dastlab Abdulaziz sultonga, soʻngra (1631-yildan) Xusrav sultonga iqto qilib berilgan; keyinchalik Muhammad Muqim sulton va Mahmudbiy otaliq davrida I. Qunduzga tobe boʻlgan. 18-asrning 1-yarmida I. yoriylar sulolasi bilan Kattagon oʻzbeklari oʻrtasida ku-rash maydoniga aylangan. 1713—14-yil Mir Yorbekning ikkinchi oʻgʻli va vorisi Yusuf Alixon I.ni Kunduz hokimi qoʻlidan tortib olgan. 1718—20-yilda Mahmudbiyning vorisi Yusufbiy I.ni yana Kunduzga tobe etgan. Biroq yoriylardan Mir Ziyovuddin Ili oʻlkasidan kelgan qalmiklar yordamida uni oʻziga boʻysundirgan. Shundan buyen I. yoriylar, keyinchalik, Durroniylar davlati va Afgʻoniston tarkibida.

Adabiyot tahrir

  • Axmedov B., Istoriya Balxa, T., 1982; Kamaliddinov Sh. S, Istoricheskaya geografiya Yujnogo Sogda i Toharistana po araboyazichnim istochnikam IX — nachala XIII vv., T., 1996.[1]

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil